Yevropa Ittifoqi va unga hamkor davlatlar Ukraina urushi tufayli Rossiyadan energiya importini toʻxtatib qo’yishi ortidan Hindiston, Xitoy va boshqa ba’zi Osiyo davlatlari Moskva uchun asosiy daromad manbasiga aylanib bormoqda.
Vashington va uning ittifoqchilari Moskvaning urush harakatlarini qo'llab-quvvatlovchi moliyaviy oqimlarni cheklashga urinayotgan bir paytda boshqa davlatlar bilan davom etayotgan savdolar Rossiyaning eksport daromadlarini oshirmoqda.
Kpler tovar ma'lumotlari firmasi ma'lumotlariga ko'ra, 1,4 milliard aholiga ega neftga chanqoq Hindiston 2022-yilda shu paytgacha deyarli 60 million barrel Rossiya neftini sotib olgan. O’tgan yili jami xaridlar miqdori 12 million barrelni tashkil qilgan. So'nggi oylarda Xitoy kabi Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham eksport hajmi oshgan.
“Associated Press” nashriga bergan intervyusida Shri-Lanka bosh vaziri mamlakatni og'ir iqtisodiy inqirozdan asrab qolish uchun Rossiyadan ko'proq neft sotib olishga majbur bo'lishi mumkinligini aytdi.
May oyi oxirida Shri-Lanka o'zining yagona neftni qayta ishlash zavodini qayta ishga tushirish uchun 90 000 metrik tonna (99 000 tonna) Rossiya xom neftini sotib oldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Fevral oyi oxirida Rossiya bosqini boshlangandan beri jahonda neft narxi oshib ketdi. Moskva Brent nefti va boshqa xalqaro neftga nisbatan o’z mahsulotini 30 dan 35 dollargacha keskin chegirmalar bilan taklif qilmoqda. Bu Hindiston va boshqa mamlakatlardagi neftni qayta ishlash korxonalariga neftni ko’proq sotib olish uchun qoʻshimcha ragʻbat berdi.
“Urals” neftini Yevropaning katta qismiga yetkazib berish to‘xtatilar ekan, Rossiya xom-ashyosi endi Osiyoga qarab oqmoqda. Hindiston eng katta xaridorga aylangan, undan keyingi o’rinda Xitoy. Kema kuzatuvi hisobotlari Turkiyaning yana bir muhim manzil ekanligini ko'rsatmoqda.
“Hindistonni neftni shunday arzon narxda olib, tozalab, keyin toza mahsulot sifatida sotmoqda. Hindiston bu yo’l bilan katta foyda marjasiga erisha oladi", - deydi Kpler kompaniyasining Rossiya neft oqimini kuzatuvchi yetakchi tahlilchisi Mett Smit.
May oyida neft ortilgan 30 ga yaqin rus tankeri Hindiston qirg‘oqlariga yo‘l olgan va kuniga 430 ming barrel neft tushirgan. Finlyandiyaning Xelsinki shahrida joylashgan Energiya va toza havo tadqiqot markazi ma'lumotlariga ko'ra, yanvar-mart oylarida kunlik olib kelingan neft 60 ming barrelni tashkil qilgan.
Buni ham ko'ring Yevropa Ittifoqi a'zolari Rossiyadan neftni to'xtatish bo'yicha kelisha oladimi?
Xitoyning davlatga qarashli va mustaqil neftni qayta ishlash korxonalari ham xaridlarni ko’paytirgan. Xalqaro energetika agentligining xabar berishicha, 2021-yilda Xitoy Rossiya neftining eng yirik yagona xaridori bo'lib, kuniga o'rtacha 1,6 million barrel neft olgan.
Hindiston ulushi Xitoy importining to'rtdan bir qismini tashkil etsa-da, urush boshlanganidan beri raqam keskin o’sib bormoqda.
AQSh Hindistonning arzon energiyaga bo‘lgan ehtiyojini tan oladi, biroq “biz ittifoqchilar va hamkorlardan Rossiyadan energiya sotib olishni ko‘paytirmaslikka intilamiz”, - dedi AQSh va Hindiston tashqi ishlar va mudofaa vazirlarining aprel oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Ayni paytda, AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari Rossiya neftiga maksimum narx chegarasini belgilash bo’yicha faol munozaralar olib borilmoqda, dedi AQSh Moliya vaziri Janet Yellen Senat moliya qo‘mitasi yig‘ilishida.
Uning so'zlariga ko'ra, bu yil allaqachon 60 foizga qimmatlagan xom neft narxining yanada oshishiga yo’l qo’ymaslik uchun Rossiya neftining jahon bozoriga chiqib turishiga yo’l berish kerak, dedi u.
"Maqsad, shubhasiz, Rossiyaga tushadigan daromadni cheklashdir", - dedi Yellen.
Yevropa Rossiyadan eksport qilinadigan neftning 60 foizini boshqa manbalar hisobiga qoplash imkoniyatiga ega. Rossiya oldida ham variantlar mavjud.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jaishankar o'z mamlakatining Rossiya neftini import qilishini tanqid ostiga olganlarga murojaat qilib, Dehli o'z manfaatlarini himoya qilish uchun bu ishlarni amalga oshirayotganini aytdi.
“Agar Hindiston Rossiya neftini sotib olishi urushni moliyalashtirsa, ayting-chi, rus gazini sotib olish urushni moliyalashtirmaydimi? Keling, bir oz tenglik qilaylik”, - dedi u yaqinda Slovakiyada bo'lib o'tgan forumda Yevropaning Rossiya gazini import qilishiga ishora qilib.
Hindistonning Rossiyadan xom neft importi fevral oyida kuniga 100 000 barreldan aprel oyida kuniga 370 000 barrelga, may oyida esa kuniga 870 000 barrelga ko'tarildi.
Buni ham ko'ring Yevropa Ittifoqi a'zolari Rossiya neftiga qisman embargo bo'yicha kelishdi
Ushbu yuklarning ortib borayotgan ulushi Iroq va Saudiya Arabistonidan kelayotgan importni qisqartirdi. Xom neftning katta qismi Hindistonning g'arbiy sohilidagi Sika va Jamnagardagi neftni qayta ishlash zavodlariga yuborilmoqda. Aprelgacha Rossiya nefti “Reliance Industries” tomonidan boshqariladigan Jamnagar neftni qayta ishlash zavodida jami xom-ashyoning 5 foizdan kamrog'ini tashkil qilgan. Energiya va toza havo tadqiqotlari markazi ma'lumotlariga ko'ra, may oyida bu miqdor chorakdan ko'proqni tashkil etgan.
Hindistonning dizel kabi tayyor neft mahsulotlari eksporti Ukraina urushidan beri kuniga 580 000 barreldan 685 000 barrelgacha ko'tarildi. Dizel eksportining katta qismi Osiyoda sotiladi, ammo taxminan 20 foizi Suvaysh kanali orqali O'rta er dengizi yoki Atlantika o’tib, Yevropa va hatto AQShga jo'natilgan, deydi CREA yetakchi tahlilchisi Lauri Millivirta.
Hindistondan jo'natilayotgan qayta ishlangan mahsulotlardagi rus xom-ashyosining aniq miqdorini aniqlashning iloji yo'q, deydi u.
Shunday bo'lsa-da, "Hindiston Rossiya xom neftining bozorga chiqishida vositachi rolini ta'minlamoqda", deydi u.
Sanksiyalarga kelsak, “Ushbu choralar samaralimi? Agar yo'q bo'lsa, neft bozori ularning atrofida qanday ishlaydi? – deya so’raydi Millivirta.