Qochqinlar hayoti: Endi amerikalikmiz, lekin o’z madaniyatimizni unutmaymiz

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda buxgalter bo’lib ishlagan Abu Bakr Samun vatanini tark etishni rejalamagan edi. AQSh qo’shinlari mamlakatni tark etganidan keyin koalitsion hukumat tuziladi deb o’ylagandi.

“Hammasi yaxshi bo’ladi, deb umid qilganmiz. O’sha paytdagi hukumat va Tolibon rahbariyati o’rtasida tinchlik kelishuvi imzolanishini, vaziyat yaxshi tomonga o’zgarishini kutganmiz”, - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Qochqinlar hayoti: Afg’onistondan Kaliforniyaga

Umidlar oqlanmadi. Tolibon avgustda Kobulni bosib olgach, Samun AQSh hukumati bilan ishlagani uning oilasini xavf ostiga qo’yishidan qo’rqdi.

U maxsus immigratsion vizani qo’lga kirita olgan afg’onlardan biri. Rafiqasi va uch farzandi bilan Afg’onistondan AQSh samolyotida evakuatsiya qilindi. Oila Texasdagi qochqinlar lagerida 45 kun yashadi. So’ng Kaliforniyaning San-Diyego shahriga ko’chdi.

Abu Bakr Samun hanuz Afg’onistondagi konsalting firmaga ishlaydi, endi masofadan.

Buni ham ko'ring AQShdagi afg’on qochqinlar, til va ish topish muammosi

“Afg’onistondagi ishim ertalab 8 da boshlanadi. AQShda, aniqrog’i San-Diyegoda bu kechki 8:30 degani. Shuning uchun tunda ishlayman, kun davomida biroz uxlayman”, - deydi u.

San-Diyegodagi musulmonlar jamoasi, deydi Samun, oilam Amerikadagi hayotga moslashib olishiga yordam berdi. Endi esa o’zi ham ko’ngilli ravishda boshqa qochqinlarga ko’maklashmoqda. Shakib Navobiy – Darul Ulum masjidida imom.

“Yangi kelganlardan sabrli bo’lishni so’rayman. Amerikada chinakam sabr-toqat bilan ko’p narsaga erisha olasiz, jumladan oldingizga qo’ygan maqsadlaringizga ham”, - deydi imom.

Samun AQShda ulg’ayayotgan farzandlari tarbiyasiga alohida e’tibor berishini aytadi.

“Ular amerikalik bo’lishini xohlayman, lekin afg’onligini ham unutmasin. Ikki madaniyatni qorishtirgan holda tarbiya topsin. Bitta tilda emas, uchta tilda gaplasha olsin – milliy tillarimiz pushtu va darida, shuningdek, ingliz tilida. Hammasi parallel ravishda olib borilishi kerak. Ana shu maqsad sari harakat qilaman”, - deydi Samun.

U Amerikada buxgalterlik sertifikatini olish ustida ishlamoqda. Bir kun kelib, Afg’onistonda bo’lgani kabi o’z biznesini ochmoqchi.