O'zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog'istondagi norozilik namoyishlari va g'alayonlarga nisbatan siyosati va qarorlarini Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti quvvatlab, mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik va tinchlik-barqarorlik tarafdori ekanini bildirmoqda.
Toshkent bilan uzoq yillik hamkorlikka ega Yevropa Ittifoqi esa Qoraqalpog'istondagi voqealar ochiq va mustaqil tekshirilsin, dega undamoqda.
Buni ham ko'ring Rasman: Qoraqalpog'istondagi g'alayonlarda 18 fuqaro o'lgan, 516 kishi ushlanganO'zbekiston bosh qomusini isloh qilar ekan, deyiladi ittifoq bayonotida, fuqarolarning erkin uyushish va erkin fikr bildirishga haqqi bor. Blok tashqi ishlar idorasi shu tariqa O'zbekiston hukumatiga uning xalqaro majburiyatlarini eslatmoqda.
"Biz Prezident Mirziyoyev konstitutsiyaga qilingan takliflar yuzasidan bildirilgan xavotirlarga nisbatan tezkor javob berganini olqishlaymiz. Barcha tomonlarni kuch ishlatmaslikka, o'zini tiyishga, zo'ravonliklarni avj oldirmaslikka chorlaymiz", - deya bildiradi Yevropa Ittifoqi.
"Biz O'zbekistondagi islohotlarni quvvatlashda davom etamiz. Bu jarayon fuqarolar va boshqa tegishli tomonlar bilan maslahatlashuv asosida olib borilishi kerak. Xalqaro me'yorlarga rioya qilinsin".
4-iyul kuni Prezident Mirziyoyev Yevropa Ittifoq kengashi rahbari Sharl Mishel bilan telefonda gaplashgan. Qoraqalpog'istondagi ahvol va boshqa masalalar muhokama qilingan.
Mirziyoyev matbuot xizmatiga ko'ra, Mishel "O‘zbekistonning kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish sari ochiq islohotlar yo‘lini davom ettirish borasidagi sa’y-harakatlarini" olqishlagan.
Mishel muloqot haqidagi tvitida bu borada yozmagan, lekin Qoraqalpog'iston xususida surishtirganini aytgan.
O'zbekiston tomonga ko'ra, Yevropa rasmiysi tartibsizliklar natijasida qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Prezident Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov deydiki, Rossiya Prezident Mirziyoyev to'g'ri qarorlar qilib, muammoni hal etishiga ishonadi.
"O‘zbekiston - ittifoqchimiz, do‘st mamlakat, juda muhim hamkorimiz. O‘zbekistondagi barcha voqealar uning ichki ishi"
Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Pokiston va Hindiston a'zo Shanxay hamkorlik tashkiloti konstitutsiyaga zid qadamlar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishi mumkin bo'lgan har qanday harakatni qoralashini eslatmoqda. Blok xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ushlab turish saqlash tarafdori ekanini bildirgan.