Markaziy Osiyo rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi 20-21 iyul kunlari Qirg’izistonning Cho’lpon-Ota shahrida o’tadi.
Ukraina urushi boshlanganidan beri o’tayotgan ilk sammitda asosan harbiy hamkorlik masalasi muhokama qilinishi mumkin.
Prezidentlar "Markaziy Osiyo rivoji uchun do’stlik, yaxshi qo’shnichilik va hamkorlik" to’g’risida bitim imzolashga bel bog'lagan.
Yillik maslahatlashuv O’zbekistonda rahbar yangilanganidan keyin yo'lga qo'yilgan.
Birinchi uchrashuv Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda Qozog’istonda, 2019-yilda Toshkentda, 2021-yil Turkmanistonda o’tgan. 2020-yil pandemiya sabab yuzma-yuz uchrashilmagan.
Buni ham ko'ring Ekspertlar: Mintaqaviy integratsiya O'zbekistondan real islohotlar talab qiladiTahlilchilar nazarida bu yig’inlar mintaqaviy hamkorlikka intilish uchun harakat.
Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasidagi chegara ziddiyati yechim topmagan. Qozog’istonda yil boshida ommaviy noroziliklarda yuzdan oshiq odam o’ldi. O’zbekistonda esa yaqinda mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid sifatida baholangan Qoraqalpog’istondagi g'alayonlar yuzaga chiqdi.
Dunyodagi vaziyat esa yanada tarangroq. Ukrainadagi urush Rossiyaning yaqin hamkorlari bo’lgan mintaqa davlatlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti, zarur choralar ko’rishga undamoqda.
AQSh mintaqa davlatlarini sanksiyalarni aylanib o’tishda Rossiyaga ko’mak berishi mumkin asosiy davlatlar ro’yxatiga kiritgan. Buning ortidan Qozog’iston-Rossiya siyosiy-iqtisodiy aloqalarida o'zgarishlar kuzatildi. Ekspertlarga ko'ra, Kreml Nur-Sulton bilan kelishib ishlashga majbur, ya'ni Qozog'iston ham endi o'z talablarini baralla ayta oladi.
Toshkentdan Siyosatshunos Farhod Tolipov deydiki, ayni paytdagi siyosiy-iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqqan holda mintaqa liderlarining bu galgi uchrashuvi yanayam yuqori strategik ahamiyatga ega.
Tolipov fikricha, dunyodagi geosiyosiy taranglik va mintaqada manfaatlari sammitning maslahatlashuv maqomidan aniq bir institutsional shaklga, ya’ni tashkilot ko’rinishiga o’tishini talab etmoqda.
“Prezidentlarning to’rtinchi uchrashuvi, avvalo, mintaqaviy integratsiya davom etayotganiga ishora. Qolaversa, mintaqa yetakchilari harbiy sohada ham hamkorlikni yo’lga qo’yishmoqchi. Xalqaro masalalar bo’yicha oʼz pozitsiyalarini o’zaro moslashtirmoqchi. Ukrainadagi urush manzarasida mintaqaviy integratsiyaning dolzarbligi yanada oshib bormoqda, buni rahbarlar idrok etishyapti, namoyish etmoqda. Shularni kelib chiqqan holda konsultativ uchrashuvlar institutsional shakllarga o’tishi kerak, bu mintaqa uchun muhim yutuq bo’lardi”, - deydi Tolipov.
Buni ham ko'ring O'zbekiston mintaqaviy hamkorlikka va liderlikka intilmoqdaBesh davlatdan tashkil topgan Markaziy Osiyo mintaqaviy miqyosda hamkorlikni belgilovchi biror tashkilotga ega emas, ammo qudratli davlatlar ishtirokidagi turli yirik tuzilmalar, ittifoqlarga a’zo.
Bir tomondan Rossiya yetakchiligidagi harbiy, iqtisodiy ittifoq doirasidagi mas’uliyat, boshqa tomondan Xitoy yetakchiligidagi Shanxay hamkorlik tashkilotidagi faoliyat geosiyosiy raqobat kuchli bo’lgan mintaqada muvozanatni ushlashga imkoniyat sifatida ko’riladi.
Ammo qudratli davlatlar foydasi uchun ishlayotgan bu muvozanat Markaziy Osiyoning yaxlit manfaatlarini ifodalamasligi, bu manfaatlarni himoya qilish uchun mintaqa prezidentlarida siyosiy iroda yetishmasligi ta’kidlab kelinadi.
Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog’iston Prezidenti Qosim- Jomart To’qayev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedov, O’zbekiston Prezidenti Mirziyoyev ishtirokidagi sammit mintaqaviy manzarani qanchalik o’zgartiradishi hozircha noma'lum.