Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog’istondagi noroziliklarda hududiy yaxlitlikka tajovuz qilgan xorijdagi g’arazli kuchlarni ayblamoqda. Prezidentning bu bayonoti manzarasida xorijdan, xususan, Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) tomonidan ham shunga yaqin bayonot hozirlanayotgani kuzatiladi.
Rossiya matbuotiga ko’ra, KXShT Qoraqalpog’iston bo’yicha maxsus bayonot hozirlamoqda. Hozircha tashkilot xorij kuchlari qatnashgan Qoraqalpog’istondagi vaziyat yana taranglashishi mumkinligini ta’kidlash bilan cheklangan.
Rossiya matbuotining KXShT kotibiyati vakili Aleksandr Kuznetsovga tayanib xabar berishicha, harbiy ittifoq O’zbekistondagi noroziliklarga doir voqealar rivojini o’rganmoqda, vaziyat yana keskinlashishidan ogohlantirmoqda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya va O’zbekiston bu borada muzokaralar o’tkazgan, Rossiya O’zbekistonni qo’llaydi, KXShT ham shunga muvofiq o’z munosabatini hozirlamoqda.
Harbiy ittifoq vakili bir kun muqaddam Prezident Mirziyoyev va Vladimir Putin o’rtasidagi muloqotni nazarda tutayotgani ehtimol.
Bu muloqot davomida Putin Qoraqalpog’istondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun O’zbekiston tomonidan ko’rilayotgan choralarni qo’llashini bildirgan edi.
Qoraqalpog’istondagi vaziyatni yoritayotgan Rossiya matbuoti noroziliklar davomida chet el fuqarolari hibsga olingani haqida ham xabar bermoqda. O’zbekiston Milliy gvardiyasi boshqarmasi boshlig’i Zafar Alimovga tayanib berilgan ma’lumotda, noroziliklar davomida xorij fuqarolari hibs qilingani, tergov manfaatlariga muvofiq hozircha ularning shaxsi ochiqlanmasligi aytilgan.
Rossiyaning O’zbekistondagi elchixonasi Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborgani, hibsdagi xorijliklar orasida Rossiya fuqarolari bor-yo’qligi yuzasidan ma’lumot kutayotgani ta’kidlanadi.
O’zbekiston tomonida, jumladan, mahalliy matbuotda Qoraqalpog’istondagi noroziliklarda chet ellik fuqarolar qo’lga olinganiga doir ma’lumotlar yo’q.
Tashqi ishlar vazirligi ham noroziliklarda xorijlik fuqarolar ishtirok etgani yoki Rossiya tomonidan kiritilgan nota haqida biror munosabat bildirmagan.
Norozilikar davomida hibsga olingan xorijliklar qaysi davlat fuqarolari ekanligi mavhum. Qo’lga olinganlar safida chet elliklar borligini tasdiqlagan O’zbekiston tomoni ularning fuqaroligi ochiqlanishini rad etgan.
Qoraqalpog’istondagi noroziliklar xorijdan boshqarilganini Nukusda uchrashuvlar o’tkazgan Prezident Mirziyoyev ham ta’kidlab o’tgan edi.
Mirziyoyev bu noroziliklar ortidan hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya va Rossiya prezidentlari, Yevropa Ittifoqi rasmiysi bilan muloqot o’tkazdi. Tomonlar vaziyatni barqarorlashtirish bo’yicha O’zbekiston ko’rayotgan choralarni qo’llashgani xabar qilindi.
O’zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatlashda qat’iy ekanligini bildirgan AQSh hukumati Qoraqalpog’istondagi noroziliklar, qurbonlarga doir vaziyat yuzasidan mustaqil tergov o’tkazishga chaqirdi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi va yaqinda BMT Inson huquqlari komissiyasi tomonidan ham Qoraqalpog’istondagi noroziliklar yuzasidan mustaqil tergov o’tkazish talabi ko’tarildi.
Mirziyoyev 6-iyul kuni Qoraqalpog’istondagi noroziliklar yuzasidan jamoatchilik vakillari, faollar jalb qilingan holda ochiq tergov jarayonlarini o’tkazish zarurligini qayd etgan.
Bu borada bosh prokuror Nig’matilla Yo’ldoshevga topshiriq bergan Mirziyoyevga ko’ra, tergov jarayonida huquq-tartibot idoralari tomonidan kuch ishlatilgani ham xolis o’rganilishi, javobgarlar jazoga tortilishi kerak.
O’zbekiston tomoni Qoraqalpog’istondagi noroziliklar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan. Norozilik tashkilotchilari sifatida ko’rilayotgan bir guruh qoraqalpoqlar hibs qilingan, ayrimlari konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda gumonlanmoqda.
Noroziliklar davomida 18 kishi halok bo’ldi, 200 dan oshiq odam jarohatlandi, 500 nafardan ortiq kishi hibsda saqlanmoqda. Hibsdagilar orasida qanchasi xorij fuqarolari ekanligi, shuningdek, ular norozilik aksiyasida qatnashganmi, yo’qmi, aniq emas.
1-2 iyul kunlari konstitutsiyaviy o’zgarishlarga qarshi yirik norozilik bo’lib o’tgan Qoraqalpog’istonda bir oy muddatga favqulodda holat joriy qilingan.
Favqulodda belgilangan tartibga ko’ra, muxtor respublikaga kirish-chiqish cheklangan, Qozog’iston bilan chegaralar yopiq, xalqaro qatnovlar to’xtatilgan, hududda aloqa, jumladan internet ham cheklab qo’yilgan.
Norozilik xorijiy kuchlar ishtirokida tashkil qilinganiga doir iddaolar rasman huquq-tartibot idoralari tomonidan tasdiqlangani yo’q. Bu manzarada KXShT Qoraqalpog’istondagi vaziyat yuzasidan bayonot hozirlayotgani bir qadar mavhum.
Shu yilning yanvar oyida yirik ommaviy namoyishlar bo’lib o’tgan va harbiy ittifoq kuchlarini yordamga chaqirgan Qozog’istondan farqli ravishda O’zbekiston bu harbiy tashkilotga a’zo emas.
Facebook Forum