Kongress a'zolari yana Tayvanda, Xitoy harbiy mashqlar o'tkazadi

  • Amerika Ovozi

Tayvan rahbariyati va AQSh Kongressi a'zolari orasida muloqot, Taypey, 15-avgust, 2022

Vashington Tayvanni rasman Xitoyning bir qismi deb e'tirof etsa-da, AQSh Kongressi a'zolari bu orolda demokratik tuzum hukmronligidan mamnun va buni o'z tashriflari bilan tez-tez qayd etmoqda.

Ikki hafta oldin Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi boshliq delegatsiya Tayvanga borgan edi, shu kunlarda esa Amerika qonunchilaridan iborat yana bir guruh mehmon bo'ldi.

Bu delegatsiya ham olqishlar bilan kutib olingan. Unga demokrat senator Ed Marki yetakchilik qilgan. U ham Pelosi singari Tayvanni quvvatlashini ta'kidlagan.

Tayvanni o'zining parchasi deb biluvchi Xitoy Amerikaning nufuzli siyosatchilarining bu safarlaridan norozi. Pekin Vasingtonni uning suverenitetiga zid ishlar qilmaslikka chaqirmoqda.

Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy: Pelosi Tayvanga borgani qanday oqibatlarga yetaklashi mumkin?

Pelosi Taypeyga borganida Xitoy orol atrofida harbiy mashqlar o'tkazgan edi.

Tahlilchilar deydiki, Kongress a'zolari Tayvanga borib turadi, chunki ularga orol eshigi ochiq.

Tayvan - avtoritar Xitoyga demokratik namuna, deydi qonunchilar. Pekin bu orolga tahdid solsa, AQSh qarab turmaydi, degan signal berib turishga ahd qilingan.

Biroq Vashington "yagona Xitoy" siyosatini o'rgartirmagan, ya'ni Tayvanni mustaqil davlat deb tan olmaydi. Biroq, deydi siyosatdonlar, Pekin Tayvanga bostirib kirsa, o'z xohlamagan burilishlarga turtki bergan bo'ladi.

Tayvan 1049-yildan beri alohida boshqaruvga ega. Xitoy esa unga tobe tizim bo'lishini xohlaydi.

Senator Marki, Kongressning 40 yillik a'zosi, Tayvan bilan 1979-yilda do'stlik shartnomasini imzolagan qonunchilardan biridir.

Tayvan Tashqi ishlar vaziri Jozef Vu va AQSh senatori Ed Marki, Vakillar palatasi a'zosi Jon Garamendi, Alan Lovental, Don Beyer va Aumua Amata Koulman Radevagen, Taypey, 15-avgust, 2022

14-avgust kuni Tayvan rahbariyati bilan uchrashgan Marki deydiki, Vashington Pekinning orol atrofidagi xavotirli harakatlarini kuzatmoqda. Lekin u Tayvanni sarosimaga tushmaslikka undab, bosiqlik bilan qadam tashlashni tavsiya qilgan.

Pekin yaqin kunlarda Tayvan yaqinlaridagi suvlarda harbiy mashg'ulotlar o'tkazmoqchi. Biroq ular qachon va aynan qayerda o'tadi, ma'lum qilinmagan.

"Xitoy o'z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun qat'iy va kuchli choralar ko'radi", - deydi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Van Venbin.

Buni ham ko'ring Spiker Nensi Pelosi Tayvanda, Xitoy tashrifni qoralamoqda

"Amerikaning bir to'da qonunchilari Tayvandagi separatist kuchlarni quvvatlab, bizning davlatimizga raxna solishga urinmoqda, ammo bu samara bermaydi", - deydi u.

Prezident Jo Bayden va uning ma'muriyatiga ko'ra esa Tayvanga nisbatan pozitsiya yangilanmaydi. Biroq Amerika hukumati Xitoyni barqarorlikni saqlab, vaziyatni og'irlashtirmaslikka chaqirmoqda.

Oq uy va Davlat departamenti nazarida AQSh delegatsiyalarining Tayvandek do'stona aloqalarga ega hududga tashrif buyurishi Pekinni qo'rqitmasligi kerak.

“Xitoyning bu qadar talvasaga tushib, harbiy choralar ko'rishi haddan tashqari ortiqcha, bag'oyat o'rinsiz reaksiya”, - deydi Ned Prays, Davlat departmaenti matbuot kotibi.

AQShnng Hind-Tinch okeani hududlari bo'yicha bosh diplomati Kurt Kempbell yaqin kunlarda Tayvan bilan yangi savdo kelishuvi e'lon qilinishini aytgan.

Bu yilning o'zida Kongressdan Tayvanga 10 delegatsiya borgan. Ular orasida Pelosi tashrifi eng ko'p yoritilgan va muhokama qilingan.