Bayden ma'muriyati neft narxi oshishiga qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Jo Bayden

Neft ishlab chiqaruvchi yirik mamlakatlarni o’z ichiga oluvchi “OPEK+” tashkiloti kunlik neft qazish hajmini kamaytirish haqida qaror qabul qilgach, AQSh Prezidenti Jo Bayden ma'muriyati neftning global narxi oshishiga yo'l qo'ymaslik choralarini ko'rmoqda. Yoqilg’i narxining oshishi Prezident Bayden va u mansub Demokratlar partiyasi uchun noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan yomon xabar ekani aytilmoqda.

Oraliq saylovlar arafasida demokratlar Kongressdagi nazoratni saqlab qolishga urinmoqda. Bayden ma'muriyati benzin narxini pasaytirishda ba’zi muvaffaqiyatlarga erishdi. Ukrainada urush davom etayotganiga qaramay, bir gallon yoqilg’i narxi bir yil avvalgiga qaraganda bir dollardan ko’proq arzonladi.

Buni ham ko'ring OPEC+ neft qazish miqdorini kamaytiradi

Ammo “OPEK Plus” tashkiloti tomonidan kelgusi oydan boshlab neft qazib olishni kuniga 2 million barrelga qisqartirish to'g'risida qaror qabul qilinishi Oq uy uchun katta zarba bo’ldi, deydi kuzatuvchilar.

“Hafsalamizni pir qilishdi. Ixtiyorimizda qanday choralar borligini ko’rib chiqyapmiz”, - dedi Bayden.

Ehtimoliy choralar orasida AQShning strategik neft zaxirasidan ko’proq yoqilg’i olish, katta neft konlariga ega Venesuelaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish va narxlar oshishidan rekord darajada daromad ko’rayotgan energiya kompaniyalarini tartibga chaqirish kabi vositalar bor.

"Energetika kompaniyalari ulgurji yoqilg’i uchun to'layotgan narxga mos tarzda chakana narxlarni pasaytirishlari kerak", - deydi Milliy iqtisodiy kengash direktori Brayn Diz.

AQSh Kongressi “OPEK”ning amaldagi raisi va Vashingtonning asosiy strategik ittifoqchilaridan biri bo’lgan Saudiya Arabistonini jazolashga qaratilgan qonun loyihasini ko'rib chiqmoqda. Ba’zi kuzatuvchilarning aytishicha, Riyod bilan aloqalar faqat neftga bog’liq emas.

"AQSh Saudiya Arabistoni uchun muhim qurol yetkazib beruvchi davlat. U yerda Amerika qo‘shinlari bor, boshqa muammolar, jumladan, Eron ham bor. Shu bois Saudiya Arabistoni bilan kelajakdagi munosabatlar qanday ko'rinish olishi masalasini diqqat bilan o'ylab ko'rish kerak”, - deydi ekspert Jonatan Katz.

Buni ham ko'ring Yevropada Rossiyaga qarshi tuzilgan yangi tashkilot sammiti

Yoqilg’i narxlarining ko'tarilishi AQShda inflyatsiyani so’nggi 40 yil ichida eng yuqori darajaga chiqardi. Noyabr oyidagi oraliq saylovlarda inflyatsiya hanuz asosiy masala bo’lib qolmoqda.

“Oxirgi olti yilga nazar tashlasak, hozirda Prezident Bayden kabi 40 foizga yaqin ma’qullash reytingiga ega bo‘lgan prezident partiyasi hech qachon oraliq saylovlarda amaldagi o’rinlaridan ko’proq joyni egallay olmagan. Aksincha, ular o'rtacha 30ga yaqin o'rinni boy bergan”, - deydi tahlilchi Kris Jekson.

Oq uy Amerika yoqilg’isi eksportiga taqiq qo’yilishi mumkinmi, degan savolga aniqlik kiritmadi. Agar bu chora amalga oshiriilsa, global energiya bozorida beqarorlik kuchayishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2022-yil, 10-oktabr