Qozog’iston erkin, adolatli saylovga tayyormi?

20-noyabr kuni Qozog’istonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tadi. G’oliblikka da’vogar asosiy nomzod amaldagi Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev. Nomzodi rad etilganlar orasida O’zbekistonda tug’ilgan faollar ham bor.

Yangi qonunchilikka ko’ra, Qozog’istonda bir shaxs faqat bir muddatga (7 yil) prezident bo’lishi mumkin. Saylov arfasida qabul qilingan bu qonunchilik birinchi muddati o’tayotgan To’qayevning o’ziga tegishli emas.

Qozog’istonni 30 yil boshqargan Nursulton Nazarboyevning vorisi sifatida hokimiyatga kelgan To’qayev 2019-yilda besh yillik muddatga saylangan edi.

Bu saylovlar ortidan Qozog’istonda noroziliklar boshlandi. 2020-yilning yanvarida esa mamlakatni larzaga solgan “yanvar namoyishlari” kuzatildi.

200 dan oshiq fuqaro halok bo’lgan bu namoyishlar yuzasidan hozirgacha surishtiruv davom etmoqda.

G’arb, jumladan, AQSh ham namoyishlar bostirilishi bo’yicha xalqaro surishtiruv o’tkazishga chaqirdi, ammo To’qayev hukumati buni rad etdi.

Buni ham ko'ring Muxolifatsiz Qozog'istonda demokratiya haqida bong urishga erta, deydi mahalliy faollar

Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi kuchlarining vaqtincha mamlakatga kiritilishi bilan kuzatilgan bu noroziliklar Nazarboyev sulolasi siyosiy sahnadan chetlatilishi, hokimiyat ustidan To’qayev mutlaq nazorat o’rnatishi bilan yakunlandi.

Ammo noroziliklar tinmadi. Ayniqsa To’qayevning barqarorlik o’rnatilishi uchun Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq kuchlarini mamlakatga vaqtincha kiritish qarori qozoq jamoatchiligida keskin tanqidga uchradi, prezidentga ishonchsizlik jiddiy kuchaydi.

Qozoq muxolifati faollari To’qayevning hokimiyatga kelganidan uch yil o’tib, navbatdan tashqari prezidentlik saylovi e’lon qilayotganini shu bilan ham izohlashadi.

Muxolifatdagi “Xalq tanlovi” partiyasi ta’sischilaridan biri Erjan Turg’umboyning ta’kidlashicha, saylov To’qayev uchun qilinmoqda. Muxolif nomzodlar yo’q, muxolif partiyalar ro’yxatga olinmagan.

“Qozog’istonda hokimiyatga da’vogarligini ochiq aytayotgan biror siyosiy partiya ro’yxatga olinmadi, hukumat nazoratidagi partiyalar bundan mustasno. Nomzodlar ham shunga muvofiq tanlab olinyapti, ularning aksariyati jamoatchilikka notanish. Tanilganlari esa hozirgacha o’z xonasiga To’qayevning portretini osib o’tirgan amaldorlar. Saylov shunchaki spektakl, bunday saylovlarni Nazarboyev 30 yil davomida o’tkazib keldi. Endi navbat To’qayevga keldi, u ham navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o’tkazish tajribasini davom ettirmoqda. Qozoq muxolifati hozircha saylovga nisbatan umumiy bir pozitsiya ishlab chiqishga muvaffaq bo’lmadi, mamlakatdagi, xorijdagi muxolifat ham. Jamoatchilik esa yanvar inqilobidagi vahshiyliklardan so’ng hozirgacha o’ziga kelmadi. Saylovga munosabat ham shunga yarasha. Xullas, bu saylovlar taqdiri avvaldan hal qilingan, Moskvadan tasdiqlanib ham olingan. Bunga shubha qilmasa ham bo’ladi”, - deydi Turg’umboy.

Qozog’iston prezidentligi saylovigacha bir oy qoldi, nomzodlarni surish muddati yakunlangan. Nomzodi ko’rsatilgan faollarning ayrimlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan.

Buni ham ko'ring To'qayev siyosiy liberalizm va'da qilmoqda, iroda va harakat savol ostida

Ular orasida Qoraqalpog’istonda tug’ilgan tarixchi Xayrulla Gabjalilov ham bor. Uning nomzodi aynan Qozog’istonda tug’ilmagani, siyosiy tajribasi yo’qligi, saylov qonunchiligiga to’g’ri kelmasligi vajidan rad etilgan.

Qozog’istonga ko’chib kelgan etnik qozoqlar uyushmasi “Asar” tomonidan prezidentlikka surilgan Gabjalilovning o’zi Qoraqalpog’istonda tug’ilgani uchun nomzodi rad etilishini adolatsiz qaror deb atagan.

Erjan Turg’umboyga ko’ra, Gabjalilov nomzodining rad etilishi uning tug’ilgan joyi bilan emas, nomzodlar ustidan nazorat bilan bog’liq.

“Gabjalilov jamoatchilikka unchalik taniqli shaxs emas, u o’z tashabbusi bilan ko’chadan kirib kelganlardan. Markaziy saylov komissiyasi aynan shuning uchun uning nomzodini tasdiqlamadi, chunki hukumat, maxsus kuchlar uchun nomzodlar ustidan to’liq, shubhasiz nazorat kerak. Bu saylovda To’qayevga oz bo’lsa-da raqobat tug’diruvchi nomzodlarga yo’l qo’yilmaydi, shunchaki navbatdagi spektakl”, - deydi u.

20-noyabrda o’tadigan saylovda To’qayev bilan bir qatorda taxminan sakkiz nomzod prezidentlik uchun kurashishi kutilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi nomzodlarni ro’yxatdan o’tkazishda davom etmoqda, tasdiqdan o’tgan nomzodlar orasida ayollar ham bor.

Saylov g’olibi bo’lishi kutilayotgan amaldagi Prezident Qosim-Jo’mart To’qayevning nomzodi tasdiqlangan. U ko’tarayotgan asosiy shior - demokratik tamoyillarga sodiq, adolatli, taraqqiyparvar “yangi Qozog’iston”ni rivojlantirish.