Afg’onistonlik Havo Haydariyning orzulari cheksiz. Birinchilarning birinchisi bo’lishni istaydi. Buning uchun mehnatdan qochmaydi, tinimsiz o’z ustida ishlaydi. Avval erta tongda til o’rganish markaziga ketadi. So’ng sport zaliga yo’l oladi. Keyin esa ishga. Haydariy aralash yakkakurash bo‘yicha birinchi afg‘on jangchi ayol bo‘lishni istaydi.
Kurash u uchun normal holat. Afg’onistonda maxfiy missiyalarda ishtirok etgan, ayollar maxfiy otryadida, AQSh maxsus kuchlari qatorida. Afg’onistonda ayollarning harbiy sohada xizmat qilishining o’zi katta jur’at talab etadi. Miltiq va to’pponchali ayollarni tasavvur qilish qiyin mamlakatda. Erkaklar bilan hattoki ishlash mumkin bo’lmagan jamiyatda.
“Maxsus kuchlar kuchli odamlar uchun, erkaklar uchun deb o’ylashadi, ayollar uchun emas", - deydi jasur ayol.
Haydariy terrorchilar makonida kechalari reydlar o'tkazgan, terroristlarni quvib.
“Fonar va qurol bilan uyma-uy yurib, terrorchilarni qidirardik”, - deya eslaydi Haydariy.
Haydariy va ayollar otryadining boshqa a’zolari, jumladan, sobiq qo’mondoni yaqinda Vashington yaqinidagi Arlington milliy qabristonida Harbiy ayollar yodgorligida uchrashdi. Haydariyning yaqin dugonasini yodga olishdi. Ayol erining qarindoshlari tomonidan o’ldirilgan edi. Harbiy bo’lgani uchun.
Tolibon hokimiyatga kelishi ortidan Ayollar taktik vzvodining 42 a’zosi AQShga evakuatsiya qilindi. Lekin bu yerda ham hayot uchun kurash davom etmoqda, immigratsiya maqomi uchun. Maxfiy dastur Afgʻoniston hukumati tomonidan moliyalashtirilgan edi, Amerika qoʻshinlari nazorati va ko’magi ostida. Maxsus immigratsion viza olish uchun ayollarning kerakli hujjatlari yo'q.
Ularning ko’pchiligi hazoralar. Sobiq hukumatga ishlagan harbiylar, buning ustiga ayol, kamiga - hazora! Vatanga qaytish ular uchun juda xavfli.
Haydariy harakat qilsa, orzulariga erishishi mumkinligiga ishonadi. Zero, endi u yo’liga doim to’siq qo’yadigan erkaklar jamiyatida emas.