Rossiyalik jurnalistlar: Vatanda emasmiz, lekin Kreml ishlari fosh etilaveradi

  • Amerika Ovozi

Kremlning istagani bo'ldi, deydi u, yuzlab jurnalistlar ketdi. Biroq Rossiya hukumatining qora ishlari ochilaveradi, chunki bu muxbirlar va muharrirlar qattiq mehnatda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, mustaqil jurnalistlarning faoliyati yanada qiyinlashib, ko'pi mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo'ldi.

Maykl Rubin "Proyekt" loyihasini yuritadi va ishini muhojirlikda ham to'xtatmagan. U kabi rossiyalik jurnalist va muharrirlar dunyo bo'ylab yuzlab.

2021-yilda "Proyekt" Rossiya hukumati qora ro'yxatiga tushgan, uning jurnalistlari "xorijiy agent" deya tamg'alangan.

Rubin Prezident Vladimir Putin atrofidagi odamlarni o'rganib, yoritib, Kremlning asabiga tekkach, mutasaddilar unga bosimni oshirgan. Jurnalist rasmiylarning o'zidan tahdidlar eshitgan. Kvartirasiga bostirib kirishgan. Ota-onasini qo'rqitishgan, farzandini "vatan xoini" deya sharmanda qilishi haqida ogohlantirishgan. Politsiya Rubinning uyiga 2021-yilnning iyunida kelib, pasportini oldiga qo'ygan.

"Bu men uchun oxirgi ogohlantirish edi. Tushundim", - deydi jurnalist.

Your browser doesn’t support HTML5

Press Freedom Russia.mov

Ekaterina Fomina, "iStories" platformasi muxbiri ham Rossiyadan bosh olib ketgan.

Hukumat nazarida "iStories" ham "xorijiy agent". Platforma shu yil boshida taqiqlangan. Ukrainaga bostirib kirilgach, uning jurnalistlari uchun Rossiyada non va tinchlik yo'qligi yanada oydinlashdi.

Fomina bundan anduhda, chunki vatandan ketishni aslo istamagan. Tamg'alanish, sotqin deb qoralanish og'ir botdi unga, ammo Ukrainadagi urushni yoritar ekan, jurnalistga nisbatan ishonch yanada oshdi.

“Xalq dushmani biz emasmiz, ular. Rossiya hukumatiga qarang, jinoyatchilar, ekstremistlar va eng xavfli odamlar o'sha yerda. Rossiya hukumati meni nima deb atasa, atasin, lekin ularning kimligi oydek ravshan. Terroristlar - ular, xalq dushmanlar - ular".

Qora ro'yxatdagi media va jurnalistlar bilan hamkorlik qilganlar Rossiyada jazolanadi. Ammo odamlarda hali ham jasorat bor, deya kuzatadi Fomina. Tahdidlarga qaramasdan, ko'plab rossiyaliklar muxbirlar bilan gaplashadi.

"Urush sabab xalq dahshatda, shubhasiz. Lekin haqiqatni ko'rib turishibdi, yashirmaydiganlar anchagina. Qonunbuzarliklarni ochib berishadi".

Oktabr oyida Rossiyada kamida 12 jurnalist sudlanayotgan edi, aynan Ukrainadagi urushni yoritgani uchun va 10 yilgacha qamalishi mumkin.

Mass media himoyasi markazidan Galina Arapova deydiki, Rossiyada qonunlar ataylab mujmal.

"Senzura qonunda yo'q, lekin keng. Qonunlar odamiga qarab ishlaydi, bahonalar cheksiz".

Kremlning istagani bo'ldi, deydi u, yuzlab jurnalistlar ketdi. Biroq Rossiya hukumatining qora ishlari ochilaveradi, chunki bu muxbirlar va muharrirlar qattiq mehnatda.