8-noyabr kuni AQShda o’tadigan oraliq saylovlar Kongressda kelasi ikki yilda qaysi partiya hukmronlik qilishini belgilaydi. Demokratlar ko’pchilik o’rinni saqlab qolishi yoki respublikachilarga boy berishi bir necha poyga natijasiga bog’liq.
Bir necha oydan beri davom etgan tashviqot kampaniyasi yakuniga yetmoqda. Millionlab saylovchilar erta ovoz berib bo’lgan. Faollar aholini ovoz berishga chiqing, deya undamoqda.
Prezident Jo Bayden bir necha shtatni aylanib, o’z partiyasi yutuqlarini e’tirof etdi. Senatdagi 35 o’rin uchun kurash ketmoqda, jumladan Pensilvaniya shtatida. Demokrat nomzod Jon Fetterman yaqinda insultni boshdan kechirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Uning raqibi, doktor Mehmet Oz – sobiq prezident Donald Tramp qo’llab-quvvatlayotgan nomzodlardan biridir.
“Agar Tramp yana Oq uyga harakat qilsa, men uni qo’llab-quvvatlayman. Partiyamizga ko’proq amerikaliklarni jalb qilish haqida o’ylashimiz kerak”, - deydi Oz.
So’rovlarga qaraganda Senatdagi o’rinlar uchun kurash shu qadar keskinki, ustunlik hech bir partiya tomonida emas. Ammo siyosatshunos Keysi Burgat tarixiy bir tendensiyani qayd etadi.
“Gap shundaki, prezidentning ikki yillik faoliyatidan so’ng uning partiyasi odatda qonunchilik organidagi o’rinlarini boy beradi. Odamlar qanday va’dalar berilgani, qaysilari bajarilmagani, hammasiga e’tibor beradi. Hozir muammo shundaki, iqtisodiy ahvol uncha yaxshi emas, inflyatsiya oshib borayapti, benzin qimmat. Saylovchilar cho’ntakka qarab ovoz berishmoqda”, - deydi Burgat.
Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: AQSh Kongressi uchun oraliq saylovlarJanubdagi Jorjiya shtatida erta ovoz berish davom etayapti. Poygada ijtimoiy mummolar muhim rol o’ynamoqda. Respublikachi nomzod Hershel Voker abort uchun to’lagani haqidagi da’volarni inkor etmoqda.
“Hammasi yolg’on”, - deydi u.
Voker va uning Demokratik raqibi Rafael Vornok poygada deyarli teng ketmoqda.
“Aslida mavzularga emas, siyosatchilarga haddan ziyod e’tibor berayotganimiz ham muammo”, - deydi Vornok.
Janubi-g’arbiy Arizona shtatida esa immigratsiya asosiy mavzu. Demokrat Mark Kelli o’z partiyasining chegara bilan bog’liq siyosatidan norozi.
“Chegara xavfsizligi haqida ko’p gapirganman. Demokratlarning bu masaladagi pozitsiyasiga qarshi chiqqanman, jumladan prezidentga”, - deydi Kelli.
Uning respublikachi raqibi Bleyk Mastersni sobiq prezident Tramp qo’llab-quvvatlayapti. Uning aytishicha, 2020-yilgi saylov adolatli o’tmagan. Ammo mamlakat sudlarida bu da’vo isbotini topgani yo’q.
“Fikrimcha, hozir Oq uyda Tramp o’tirgan bo’lardi. Ammo texnologiya kompaniyalari, media va Federal qidiruv byurosi birgalikda Baydenga yon bosishdi”, - deydi u.
AQSh Vakillar palatasida hozir demokratlar ko’pchilik. Senatda esa odatda 100 a’zoning yarmi respublikachilarga, yarmi demokratlarga ovoz beradi.