Suzuvchi quyosh panellariga AQShda ham qiziqish ortmoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyoning ko’pgina qismlarida quyosh panellari tomlarda va dalalarda o’rnatilgan. Ammo ularni suv havzalarida ham joylashtirish mumkin. Osiyo va Yevropada keng qo’llanilayotgan bu texnologiyaga Shimoliy Amerikada ham qiziqish ortmoqda.

AQShda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining taxminan 20 foizi yashil manbalarga to’g’ri keladi.

So’nggi payt suzuvchi elektr stansiyalarga qiziqish ortmoqda. Fotogalvanik panellarni suv havzalari, daryo, ko’l va suv omborlarida o’rnatish mumkin. Osiyodagi ba’zi bunday stansiyalar yuzlab megavatt energiya ishlab chiqaradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Suzuvchi elektr stansiyalar

Yer maydonlari birinchi o’rinda qishloq xo’jaligi uchun muhim bo’lgan Osiyo mamlakatlarida bunday loyihalar yillar oldin ishga tushgan. Suzuvchi quyosh panellari ayniqsa gidroelektrostansiyaga tutash bo’lgan suv havzalarida o’rnatilsa ayni muddao, deydi Sika Gadzanku, Kolorado shtatidagi energetik milliy laboratoriya tadqiqotchisi.

“Gidroenergetikaga tayanuvchi mamlakatlarda xavotir shundaki, qurg’oqchilik paytida aholini elektr bilan qanday ta’minlaysiz? Chunki iqlim o’zgarishi tufayli ekstremal ob-havo hodisalariga tez-tez guvoh bo’layapmiz. Suzuvchi elektr stansiyalar qurg’oqchilik paytida yaxshi yechim bo’la oladi. Toza energiya manbai. Gidrostansiyaga bog’lanib qolmasdan, quruq mavsumda fotogalvanik panellardan foydalanasiz”, - deydi olima.

Suzuvchi modullarning yana bir foydali jihati bor. Ular yorug’lik ta’sirini kamaytirib, zararli suv o’tlari ko’payishining oldini oladi.

Buni ham ko'ring AQSh yashil energiya bo'yicha Xitoyga bog'liqlikni kamaytirmoqchi

Hammasini hisobga olib, Kaliforniya shimolidagi Vindzor shahri bu texnologiyadan foydalanishga qaror qildi. Oqova suv havzalaridan birida hozirda 5000 ta panel o’rnatilgan.

Suzuvchi stansiya atrof-muhitga zararsiz, shahar byudjetiga esa foyda. Oqova suv zavodining elektr to’lovlari uchun byudjetdan katta mablag’ ajratilar edi, deydi shahar kengashi a’zosi Debra Faj. 1,7 megavattlik loyihani u qo’llab-quvvatlagan va amalga oshishi uchun harakat qilgan.

“Ular yiliga 350 metrik tonna karbonat angidridni qoplaydi. Shuningdek, oqova suvlarni tozalash bo’yicha barcha operatsiyalar, bu suvlarni 60 kilometr naridagi geyzerlarga yo’naltirish uchun zarur bo’lgan energiyaning 90 foizini ta’minlaydi”, - deydi Faj.

Vindzor shahri quyosh panellarini ularni o’rnatgan kompaniyadan ijaraga olgan. Uzoq muddatli shartnoma bo’yicha narxlar o’zgarmas qilib belgilangan. Energiya sarfiyati o’sha-o’sha, lekin xarajatlar 70 foizga kamaygan.

Bu loyiha uchun aholi roziligini olish qiyin bo’lgani yo’q, deydi shahar meri.

“Loyihaga sarmoya qilib, shahrimiz zarar ko’rmadi. Aksincha, bu sarmoya o’zini oqlaydi. Keyingi 25 yil davomida pul tejaymiz”, - deydi Sem Selmon.

Hukumat tomonidan o’tkazilgan izlanishda AQShdagi 25 mingga yaqin sun’iy ko’llar suzuvchi quyosh panellari usul mos deb topilgan. Ushbu suv maydonlarining to’rtdan bir qismiga panellar o’rnatilsa, ular mamlakat energetik ehtiyojlarning 10 foizini qoplashi mumkin.