Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW) inson huquqlari tashkiloti shu yilning 1-2 iyul kunlari Nukus va uning atrofidagi g'alayonlarda O'zbekiston xavfsizlik kuchlari qanday qurollar ishlatgani yuzasidan o'z xulosalarini taqdim etdi.
Tashkilot xalqaro hamjamiyatdan, ayniqsa Toshkentning G'arbdagi strategik sheriklari va siyosiy-iqtisodiy hamkorlaridan Qoraqalpog'istonda 21 kishi qay tarzda halok bo'lganiga e'tibor qaratib, voqealar ustidan adolat ta'minlanishi uchun harakat qilishga undamoqda.
O'zbekiston Oliy Majlisi bu borada tuzgan komissiya, "Amerika Ovozi" aniqlashicha, tekshiruvni hali tugatmagan, Bosh prokuraturada ham tergov to'liq yakunlanmagan.
G'alayonda qonunni buzganlikda gumon qilinib, qo'lga olingan odamlardan 100 nafardan oshig'i o'tgan ikki mobaynida qo'yib yuborilgan. Ayni damda hibsda yana qancha odam bor? Ularga qanday ayblovlar qo'yilmoqda? Qolaversa, namoyishchilarga nisbatan qanday qurollar qo'llangan? "Amerika Ovozi" yaqinda Toshkentda va Nukusda surishtirganida bu savollarga rasman javob olmadi. Tekshiruv nihoyasiga yetmasdan turib, komissiya va prokuratura bu haqda og'iz ochmayapti.
O'zbekiston konstitutsiyasida Qoraqalpog'iston maqomi o'zgarishiga qarshi minglab odamlar 1-iyul kuni Nukusda sayl va mitinglar o'tkazgan. Tinch boshlangan namoyishlar, guvohlarning aytishicha, o'sha kuni kechga borib, zo'ravonlik tusini olgan.
2-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib, bosh qomusning Qoraqalpog'iston bilan bog'liq biror moddasi o'zgarmaydi, deya e'lon qilgan. Prezident adolat ta'minlanishini ham va'da qilgan.
HRW video va fotolardan nimani aniqladi?
Huquq tashkilotining izlanishlari natijalariga ko'ra, O'zbekiston xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi Kalashnikov avtomati va boshqa qurollar, jumladan granata va xavfli portlovchi moddalar ishlatgan.
Kamida 21 kishi, xususan to'rt zobit halok bo'lgan degan rasmiy ma'lumotni HRW savolga tutmaydi. Tashkilot Toshkentni mutlaq xolis tekshiruv olib borishga qodir ekspert guruhga ruxsat berishga chaqirmoqda. Notinchliklarda, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 270 dan ortiq kishi jarohatlangan.
HRW parlament komissiyasini mustaqil deb hisoblamaydi va uning hozirgacha olib borgan faoliyatini shaffof deb ko'rmaydi.
HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Hyu Uilyamson:
“O'zbekiston hukumati qurbonlar uchun javob berishi kerak. Ular qanday halok bo'ldi? Jiddiy huquqbuzarliklar kim tomondan va kimning aybi bilan sodir etildi? Bu odamlar javobgarlikka tutilishi kerak".
Buni ham ko'ring Oliy Majlis: Qoraqalpog'iston voqealarini "mustaqil komissiya" tekshiradi15-iyulda ish boshlagan parlament komissiyasi 14 a'zodan iborat. Unga respublika Ombudsmani Feruza Eshmatova rais.
"Hozirgacha u hisobot bermagan va qachon chiqishi ham mavhum", - deydi HRW vakili.
Tashkilot 1-2 iyul kunlari olingan 55 tasvirni, shuningdek, o'lganlar va jarohatlanganlarni aks ettirgan 31 video va fotolarni ko'zdan kechirgan.
HRW ekspertlari tahlil qilgan bu ashyoviy dalillar odamlar "haddan tashqari kuchli qurollardan" o'lganidan darak bergan.
Zobitlar namoyishchilarga qarata otgan granatalar olomonni tarqatish uchun qo'llanadigan odatiy moddalar emas, deya xulosa qiladi HRW. Xavfsizlk kuchlari bu vositalar insonni qattiq yaralashi va o'ldirishi mumkinligini bilgan.
HRWga ko'ra, otilgan qudratli granatalar orasida Bolgariyaning "Arsenal AD" rusumidagi qurollar ham bo'lgan. 250-280 gm vazndagi granatalar, deyiladi hisobotda, {standart 25-50 gm granatalar emas".
Tashkilot miltiq o'qigan o'lganlar borligini ham qayd etadi.
O'zbekiston fuqaro erkinliklarini hurmat qilishga majbur, deya eslatadi HRW, odamlar yig'ilish va siyosatdan norozi ekanini bildirish huquqiga ega. Ichki ishlar xodimlari va xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qanday muomala qilish bo'yicha zarur treninglardan o'tkazilishi shart. Odamlarni o'ldirishi mumkin bo'lgan qurollar aslo safarbar etilmasligi kerak.
BMT huquq tamoyillariga binoan, deya ta'kidlaydi HRW o'z hisobotida, Nukusdagi kabi hollarda qon to'kmaydigan vositalar ishga solinishi lozim edi. Hayot bevosita xavf ostida bo'lgan hollardagina yuqorida qayd etilgan qurollar qo'llanishi mumkin.
Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston: Nukusdan sharhO'zbekiston hukumati bu hisobot va bayonotlarga hanuz munosabat bildirmagan, ammo Qoraqalpog'istondagi zo'ravonliklar ketidan mamlakat axborot vositalari xavfsizlik kuchlari xodimlari bilan ham gaplashgan. Unda bir necha zobit yuqoridan kuch ishlatmaslik haqida buyruq berilganini aytgan. Ularning da'vo qilishicha, namoyishchilarga nisbatan qurollar faqat vaziyat izdan chiqqanida, jumladan ular ichki ishlar xodimlari va Milliy Gvardiya xodimlariga hujum qilganida ishlatilgan.
Britaniya, AQSh, Yevropa Ittifoqi va BMT O'zbekiston hukumatini Qoraqalpog'istonda mustaqil tekshiruv uchun sharoit yaratishga chaqirgan.
HRW nazarida Ombudsman yetakchilgidagi komissiya adolat tomon muhim qadam, ayniqsa unga huquq himoyachilari a'zo ekani hisobga olinsa, ammo bu hay'at namoyishchilarga nisbatan qanday qurollar safar etilganini o'rganayotgani haqida ma'lumot yo'q. Bu omilsiz va aniq dalillarsiz komissiya ishiga ishonch bo'lmaydi, deya ogohlantiradi HRW.
Tashkilot hibsdagilarning ahvoli xususida axborot so'ramoqda hamda panjara ortidagi vaziyatdan shikoyat qilganlar dardi tinglansin, deya talab qilmoqda.
O'zbekistonga hamkor davlatlar ularning chaqiriqlariga Toshkent shu paytgacha javob bermaganiga befarq bo'la olmaydi, deydi Uilyamson.
“Hukumatning iyul voqealariga nisbatan qanday chora ko'rishi uning inson huquqlari va qonunlarga nisbatan siyosati naqadar o'zgarib-o'zgarmaganini aks ettiradi", - deydi HRW mintaqaviy direktori.
"Hukumat odamlarning o'limi va jarohatlanishi ortida turgan xavfsizlik xodimlarini javobgarlikka tutishdan qochmasligi kerak".
Buni ham ko'ring Xorijdagi qoraqalpoqlarning maqsadi nima? 2-qismQoraqalpog'istondagi rasmiy va mustaqil munosabat qanday?
"Amerika Ovozi" sentabr oyida Qoraqalpog'istonda rahbariyat va jamoatchilik vakillari bilan muloqotda bo'lib, vaziyatga yaqinda nazar tashladi. Aksariyat hollarda fuqarolar mikrofon va kamera oldida so'zlashishni xohlamadi, lekin hammasi tinchlik va adolat talabiga birdek urg'u berdi. Qoraqalpog'istonliklar Toshkent va Nukusdagi rahbarlarni va'daboz deya ta'rifladi.
Mahalliy matbuot hamon keskin cheklovlar ostida ishlashi, blogerlar faoliyati susaygani, tanqidiy ovozlar pasayib, qo'rqinch hissi oshgani kuzatiladi.
Hibsda o'tirgan qoraqalpog'istonliklarning yaqinlaridan bir nechasi "Amerika Ovozi" bilan gaplashganida advokatlari borligini tasdiqladi. Ba'zilari jigarlarini ko'ra olmayapti, ular bilan gaplasha olmayapti. Bu insonlarning umumiy xavotiri shuki, sudlar mustaqil emas va mahbuslarga "o'ta og'ir jazo berilishi aniq".
Buni ham ko'ring Nukus, Qoraqalpog'iston: Bozor va odamlar (1-qism)O'zbekiston Ombudsmanining Nukusdagi vakili, Qoraqalpog'iston Ombudsmani Jenisbay Shlimbetov, parlament komissiyasining mahalliy a'zosi, ikki yo'nalishdagi faoliyatini tushuntirdi. Birinchidan, deydi Shlimbetov, komissiya ishi hali yakunlanmagan va shu bois xulosalarini hozircha muhokama qilmaydi. Ikkinchidan, deydi u, Ombudsman muntazam ravishda fuqarolardan shikoyatlar tinglaydi.
"1-2 iyul voqealaridan keyin bizga dardini aytib kelayotganlarning aksariyati aynan o'sha voqealar va undan keyin yaqinlari hibsga olingan odamlar. Biz ularga qo'ldan kelgan yordamni ko'rsatayapmiz, ularning ishini ko'tarayapmiz".
Shlimbetov mahbuslar sonini aytmaydi, ammo ularning hammasi huquqiy himoya bilan ta'minlangan, deydi.
Komissiya panjara ortidagi ahvolni tekshirib turibdi, deydi Shlimbetov. Uning bayon qilishicha, biror mahbus qiynoqqa solingani va unga noinsoniy munosabatda bo'lingani haqidagi da'volar isbotini topmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Shlimbetov komissiya ishini mustaqil deya himoya qiladi. "Chunki ishimizga hech kim to'sqinlik qilmayapti, aralashmayapti... Biz har bir holatga xolis nazar tashlayapmiz", - deydi Qoraqalpog'iston Ombudsmani.
Komissiya 1-noyabrda bildirishicha, uning taklifi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosiga ko‘ra, Bosh prokuratura o'sha kuni 35 nafar ayblanuvchini "jamoat kafilligi asosida" o‘z oilasiga qaytargan.
Shu yilning 30-avgustida 34 nafar, 13-14 oktyabrida esa 38 nafar mahbus shu tarzda qo'yib yuborilgan.
Komissiya shu tariqa uning tashabbusi bilan jami 107 nafar ayblanuvchi erkin yurganini ta'kidlaydi.
Uning a'zosi, Qonunchilik palatasi raisi o'rinbosari, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirov pozitsiyani shunday izohlaydi:
"Chiqarilayotganlar aybsiz emas. Aybiga iqrorligi, aybining kamzararligi va tergovga yaqindan yordam berganligi uchun ularga nisbatan bunday qaror qabul qilindi".
Qodirov panjara ortida qolganlar ishi sudda ko'rilishiga ishora qiladi.
"Tartibsizliklarni tashkillashtirgan va faol ishtirok etganlarga nisbatan qonunda belgilangan jazo qoʻllanilishiga shubha boʻlmasligi kerak".
Qodirov HRW hisobotiga 10-noyabr kuni bildirgan munosabatida shunday yozadi:
"Komissiya aʼzosi sifatida, qabul qilgan majburiyatimdan kelib chiqib batafsillashmayman, lekin, HRW tahlillarining koʻp qismida tasdiqlanmagan, taxminlarga tayangan va xato xulosalar chiqarilgan.
Betartib kuch ishlatilgan yoki hayot uchun xavf boʻlmagan holda oʻqotar quroldan foydalanilgan", degan xulosaga kelish uchun ishonchli voqealar video-xronologiyasi bilan yaxshilab tanishib chiqish kerak. HRWda komissiyadan farqli oʻlaroq bunday imkoniyat boʻlmadi, albatta."
Komissiya oʻz ishini davom ettirar ekan, deydi Qodirov, unga ishonchli va batafsil xulosalar uchun vaqt zarur.
"Tarkibi xalq saylagan vakillar va nodavlat tashkilotlardan iborat boʻlgan komissiyaning erkinligiga shubha bilan qarash hammamiz huquqlarini himoya qilish uchun jon kuydirayotgan insonlarga nisbatan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas", deya yozadi Qodirov Telegram kanalida.
Your browser doesn’t support HTML5
Qoraqalpog'istonni, mavjud qonunlarga ko'ra, Jo‘qorg‘i Kenges, ya'ni respublika parlamenti boshqaradi. Bu organning yetakchi a'zosi, korrupsiyaga qarshi kurash va oshkoralikni ta'minlash bo'yicha qo'mita raisi Zuhra Reymova "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, hudud barqaror va vaziyat izdan chiqmaydi.
"Aholimiz tinchliksevar... Bu yerda millatchilik yo'q, hech kim hech kimni etnik jihatdan ajratmaydi... Ammo tashqi kuchlar odamlarni yo'ldan ozdirishga urindi va ularning hissiyotlari bilan o'ynashdi. Bayrog'imiz, gerbimiz va umuman milliyligimizni bizdan olib qo'yishmoqchi deb aldashdi. Aslida esa bunday niyat yoki rejaning o'zi bo'lmagan", - deydi Reymova.
Lekin "Amerika Ovozi" odamlarni ko'chaga olib chiqqan sabablar aslida chuqur ildizli siyosiy-iqtisodiy-ijtimoiy adolatsizliklarga borib taqalishini qayd etganida, deputat bu omillarni inkor etmaydi.
"Ammo bu omillar zo'ravonlik qilish uchun, qon to'kish uchun asos emas", - deydi Reymova.
Deputat uning va safdoshlarining asosiy burchi xalqqa xizmat va muammolarni hal etish ekanini tan oladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Jo‘qorg‘i Kengesning yana bir ko'zga ko'ringan a'zosi Faxratdin Xalilayev esa "biz ham aybdormiz", deya afsuslanadi. Parlament a'zolari o'z vaqtida ommani jarayonlardan voqif etganida, xavotirlarga to'g'ridan-to'g'ri javob berganida balki g'alayonlarning oldi olingan bo'lar edi.
Nukusda va Toshkentda konstitutsiyaga o'zgartirishlar bo'yicha takliflar tushgani, ularning mazmuni va deputatlar orasidagi debatlar haqida jamoatchilikka o'z vaqtida aniq va ishonchli xabarlar berilishi kerak edi, deydi Xalilayev.
Uning so'zlariga ko'ra, xotirjamlik va iqtisodiy taraqqiyot - Qoraqalpog'iston uchun birlamchi maqsadlar. Xalq hayotini osonlashtiruvchi ishlar qilinaverishi kerak, deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Qoraqalpog'iston parlamenti Jo'qorg'i Kenges raisi o'rinbosari Rustam Saparbayev Nukusda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bugungi tizimni oqlaydi, ammo rahbariyat iyul voqealaridan qator saboqlar olganini ham e'tirof etadi.
"Albatta, iyul oyidagi voqealar har bir odamni larzaga soldi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Haqiqatan ham biror o'zgarish bo'lishi uchun biror bir silkinish bo'lishi kerakmidi degan xayollar o'tayapti hozir", - deydi Saparbayev.
Nukusda hozir boshqaruv yangilangan. Parlament raisi, ya'ni Qoraqalpog'iston rahbari avgust oyidan beri Amanbay Orinbayevdir. Saparbayev Orinbayevning o'rinbosari sifatida oktab oyida tasdiqlandi.
Oldingi rahbar Murod Kamolov parlament komissiyasi bilan suhbatlashib, g'alayonlarga guvoh sifatida savollarga javob bergan.
"Eng asosiy vazifa insonni qadrlash, inson omili bilan ishlash... Masalalarni hal etish", - deydi Saparbayev.
Uning fikricha, "o'tgan 30 yil mobaynida O'zbekistondagi eng tinch joy Qoraqalpog'iston bo'lgan".
Saparbayev va Qoraqalpog'iston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Yo'ldosh Alimov Toshkent respublikaga e'tiborni hech qachon pasaytirmagan va hozirda ham u yuqori darajada, deb biladi.
"Xizmat yuzasidan viloyatlarga chiqib turaman... Biz boshqalardan hatto yaxshiroq vaziyatdamiz, biror jihatdan kam emasmiz. Qoraqalpog'istonda, masalan, energetik muammo deyarli yo'q", - deya bahslashadi Alimov.
Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston mehnat vaziri: "qoloq emasmiz"Har ikki rasmiy deydiki, Qoraqalpog'istonda etnik ziddiyatlar yo'q. Aholi madaniy jihatdan qorishib ketgan va bir-biriga qarindosh, deya urg'u beradi Saparbayev.
Lekin uning kuzatishicha, millatchilik muammosini inkor etib bo'lmaydi va bu illatga berilganlar qonun oldida javob berishi kerak.
Saparbayev ham Reymova singari iyuldagi notinchlikda "chetdagi kuchlar", o'zini qoraqalpoq faollari deb atovchi gurunlarni ayblaydi.
"Amerika Ovozi" intervyularini ko'rgan bu aktivistlar, jumladan Qozog'istondagi hamda Yevropa mamlakatlaridagi qoraqalpog'istonliklar Nukusda yangrayotgan ayblovlarni qoralab, rahbarlarni vijdonsiz va mas'iliyatsiz, deya la'natlaydi.
Ularga ko'ra, "Jo'qorg'i Kenges - Toshkent qo'lida o'yinchoq". Deputatlarning o'zi, deydi ular, Qoraqalpog'iston maqomi o'zgarishini quvvatlab chiqib, xalqni g'azabga keltirgan. Endi esa, deydi chetdagi faollar, bu qonunchilar aybni Qoraqalpog'iston respublika sifatida qolsin, deb talab qilganlarga ag'darmoqda.
Xorijdagi qoraqalpog'istonliklar ona yurti va o'zi uchun adolat va erkinlik talab qilishga haqli ekanini aytadi. Toshkent va Nukusdagi rahbarlar fuqarolarni chetda yurgani yoki u yerdan turib, xalqiga va dunyoga murojaat qilayotgani uchun ayblay olmaydi, deydi ular.
Your browser doesn’t support HTML5
Yozdagi norozilik namoyishlaridan beri O‘zbekistonning bu hududida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat qanchalik o‘zgardi? Qonunbuzarliklar, fuqarolarga nisbatan bosim, qolaversa korrupsiya hollari ozaydimi yoki kengaydi?
Qo‘ng‘irotda tug‘ilib ulg‘aygan, yillardan beri Qoraqalpog‘istonda adolat uchun kurashib tanilgan Azimboy Ataniyazov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, "demokratiyadan boshqa yo‘l yo‘q".
Qoraqalpog‘iston parlamenti, uning nazarida, nomigagina boshqaruv. 1-2 iyuldagi qonli voqealarni taftish qilayotgan Oliy Majlis komissiyasi xalqqa va dunyoga haqiqatni olib chiqishi kerak, deya undaydi u. Aks holda butun tuzumga ishonch yanayam pasayadi, xalq va hukumat orasidagi jarlik kengayadi.
Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston: Nimani yashirasiz?Qoraqalpog‘istondagi o‘ziga xos chigalliklar va muammolar, qolaversa butun O‘zbekistondagi tub masalalarni hal qilish uchun sistematik islohotlar suv va havodek zarur, deydi Ataniyazov.
Sudlar mustaqil emas ekan, huquq tartibot tizimining o‘zi qonunlarni oyoqosti qiladi, deya kuzatadi u.
"Odamlar orasida isyon hissi hamisha bo‘ladi va bundan qo‘rqmaslik kerak... Qonunlar ishlasa, xalq ham, boshqaruv ham xotirjam bo‘ladi".
Qoraqalpog'iston hozir tinch, deydi Ataniyazov, lekin bu yoz Nukus va uning atrofida yuz bergan g'alayonlar va ularning ortidagi omillarni jiddiy o'rganish zarur.
Bu jarayonda xorijlik ekspertlar yordam bermoqci bo'lsa, O'zbekiston, xususan Qoraqalpog'iston ular bilan hamkordan manfaatdor, deydi huquq himoyachisi.