Putin farmoni ortidan Rossiyada ishlayotgan o’zbekistonliklarga ogohlantirish

Prezident Vladimir Putin chet el fuqarolarini Rossiya armiyasida xizmat qilishiga ruxsat beruvchi qaror imzolashi ortidan O’zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi navbatdagi ogohlantirish bilan chiqdi.

“Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʼzbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina oʼrtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi daʼvatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni soʼraymiz”, deyiladi agentlik tomonidan 15-noyabr kuni tarqatilgan xabarda.

Putin tomonidan 14-noyabr kuni imzolangan qarorda chet el fuqarolarini, shuningdek, ikki fuqarolikka ega rossiyaliklarni Rossiya armiyasida xizmat qilishiga ruxsat berish, ularni muddatli harbiy xizmatga chaqirish belgilangan.

Avvalroq Rossiya parlamenti harbiy xizmatdan bo’yin tovlaganlik, armiyani diskreditatsiya qilganlik uchun fuqarolikdan mahrum qilishga doir qonun loyihasini muhokamaga chiqarishgan edi.

Putinning qarori nafaqat O’zbekiston Tashqi migratsiya agentligi, balki o’zbek jamoatchiligi nazaridan ham chetda emas. Taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiya armiyasida xizmat qilish tartibida o’zgarishlar qilgan qarorni o’zbek migrantlari uchun o’ta xavfli deb baholaydi.

O’zbekiston qonunchiligi fuqarolarning nafaqat uchinchi davlatlardagi harbiy to’qnashuvlarda ishtirok etishini, shuningdek, boshqa davlatlar armiyasi, kuch ishlatar tizimlarida xizmat qilishini ham taqiqlaydi.

Buning uchun jinoiy javobgarlik mavjud. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 15-noyabr kungi bayonotida harbiy to’qnashuvlarda ishtirok etishga emas, boshqa davlatlar armiyasida xizmat qilish taqiqlanganiga diqqat qaratgan.

“Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154 prim 1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʼxshash boshqa organlariga xizmatga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi koʼzda tutilgan”, deyiladi xabarda.

Buni ham ko'ring Mehnat muhojirlari Ukrainadagi urushga jalb qilinyaptimi?

Bu millionlab fuqarosi mehnat muhojirligida bo’lgan O’zbekiston rasmiy idoralari bildirayotgan birinchi ogohlantirish emas. Avvalroq Ukraina urushiga Rossiyadagi muhojirlar jalb qilinayotganiga doir xabarlar tarqalishi ortidan O’zbekistonning Moskvadagi elchixonasi uchinchi davlatdagi harbiy to’qnashuvlardagi ishtirok uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi haqidagi murojaat bilan chiqqan edi.

O’zbekiston rasmiy idoralarini muhojirlarga yo’llayotgan ogohlantirishlarida harbiy to’qnashuv, ziddiyat xarakteri izohlanmaydi. O’zbekiston rasman Ukraina urushiga nisbatan betaraf.

Toshkent BMT darajasidagi muhokamalarda ham shu pozitsiyada. Rossiya Ukrainaga yetkazgan zararni qoplashi zarurligiga doir qabul qilingan so’nggi rezolyutsiyada ham O’zbekiston betaraf davlatlar safida qoldi.

Toshkent Rossiya-Ukraina urushiga bilvosita aloqasi borligi, Rossiyaga biror yo’nalishda ko’mak ko’rsatayotganiga doir iddaolarni keskin rad etib keladi. Shu bilan bir qatorda, Rossiyaning mustaqil davlatga, Ukrainaga bostirib kirishi izohlangan biror munosabat ochiqlanmagan.

Rossiyadagi millionlab o’zbek muhojirlarining Ukrainadagi urushga tortilishi xavfi esa rasmiy Toshkentdan jiddiy pozitsiyani talab etishi ta’kidlab kelinadi. Mehnat muhojirlari huquqlari bilan shug’ullanib kelayotgan faollar aynan shunga, Toshkent sukut saqlayotganiga diqqat qaratishadi.

Huquqshunos Botir Shermuhammadga ko’ra, Rossiyadagi mehnat muhojirlarining Ukrainadagi urushga tortilishi xavfi ortmoqda. Bu Toshkentdan shunchaki ogohlantirishlar bilan cheklanmaslik, mojaroli vaziyat yuzasidan aniq, keskin izohlar berishni talab etadi.

Buni ham ko'ring Migrantlar: Rossiya pasporti kerakmas, O’zbekistonniki yetadi

“Rossiya imkon qadar ko’proq mehnat muhojirlarini Ukraina urushiga jalb qilish uchun turli vositalarni ishga solmoqda. Mehnat muhojirlari orasida tanilgan Rossiyadagi vatandoshlar, muhojirlar muammosi bilan shug’ullanib kelgan ayrim nodavlat tashkilotlar ham shu tashviqotga jalb qilinayotgani kuzatiladi. Bu tashviqotning oldi olinishi, O’zbekiston tomoni bunga qarshi keskin munosabatini bildirishi kerak”, - deydi Shermuhammad.

Putinning xorijiy fuqarolarning armiyada xizmat qilishiga ruxsat beruvchi qaroridan avval Rossiya qonunchilari muhojirlarga, xususan, harbiy shartnoma imzolash istagidagi xorijliklarga qator imkoniyatlar taqdim etdi. Jumladan, Rossiya armiyasi bilan tuzilgan bir yillik shartnoma uchun tezlashtirilgan tarzda fuqarolik berish.

Yaqinda esa Rossiyaga kelayotgan mehnat muhojirlari, aniqrog’i Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi bo’lmagan O’zbekiston fuqarolari uchun joriy qilingan kvotalar bekor qilindi.

Avval o’zbekistonlik mehnat muhojirlarini Rossiyada rasman ishlashi uchun ma’lum kvotalar, cheklovlar mavjudligi ta’kidlab kelingan bo’lsa, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin 10-noyabrda imzolagan qaror ortidan bunday cheklovlar olib tashlandi, muhojirlarning Rossiya kelishi soddalashtirildi.

Prezident Putin tomonidan 14-noyabr kuni imzolangan qarorga qadar Rossiya armiyasida faqat Rossiya fuqarolari xizmat qilishi mumkin edi. Yangi tartib chet elliklarga Rossiyaning doimiy armiyasida xizmat o’tash imkoniyatini bermoqda.