Bugun, 29-noyabr, ayol inson huquqlari himoyachilari kuni sifatida nishonlanadi. Bu xalqaro sana munosabati bilan AQSh Davlat departamenti tabrik yo'llab, dunyo bo'ylab o'z erkinligi va boshqalarning huquqlari uchun kurashayotgan xotin-qizlarni olqishlamoqda.
Prezident Jo Bayden ham ularga Amerika xalqi nomidan rahmat aytib, huquq himoyasi hamisha AQSh hukumati quvvatlovida, deya ta'kidlagan.
“Ayol huquqlari hurmat qilinsagina, ular iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan faol bo'lsagina jahon tinch yashaydi va farovon bo'ladi", - deydi Bayden.
Buni ham ko'ring BMT Erondagi zo’ravonliklar bo’yicha tekshiruv boshlaydiBayden fikricha, xotin-qizlar jasorati va kuchi butun jamiyatni oldinga yetaklaydi.
Ayni damda o'nlab davlatlarda ayollar repressiya va zug'um ostida ekanini aytib, namoyish qilmoqda va dunyodan bu borada yordam so'ramoqda, jumladan Eron va Afg'onistonda.
Irqi, dini, elati, yoshi, jismoniy holati, jinsi va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli tufayli xotin-qizlar kamsitiladi, azoblanadi, bilim ololmaydi, ishlay olmaydi va jamoatchilikka qo'shila olmaydi. Matbuot ularning ovozini eshitmaydi, chunki bunday jamiyatlarda siyosat erkaklar qo'lida, xususan ayollarni chetlashtirishni ma'qul ko'rgan odamlar iznida.
Biroq, deya bildiradi AQSh Davlat departamenti, jahon miqyosida yakkahokimlikka qarshi bosh ko'tarayotgan, demokratiya va erkinlikka intilayotganlarning aksariyati xotin-qizlardir va ularni hech kim to'xtata olmaydi.
Buni ham ko'ring Tolibon fuqarolarni darra bilan jazolar ekan, AQShdan keskin qoralov"Adolat talab qilayotganlar, matbuot erkinligi talab qilayotganlar, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan chora talab qilayotganlar va hammaning manfaatlari uchun jasorat ko'rsatayotganlar - ayollar", - deydi Neyt Prays, Davlat departamenti so'zlovchisi.
Prays deydiki, Amerika hukumati bunday jasur insonlardan madadni ayamaydi, ular bilan bog'lanadi va uzoqdan bo'lsa ham ularni ruhan quvvatlashda davom etadi.
"Biz ayol huquq himoyachilari tarafidamiz, ular kim bo'lishidan qat'i nazar, istagi inson huquqlari va uzviy erkinliklarga ega bo'lish va to'laqonli insondek yashash ekan, biz ular bilanmiz", - deydi Prays.