BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotiga ko’ra, dunyoda 349 million odam har bir kunini ochlikda o’tkazadi va bu raqam o’sib bormoqda.
Agentlik 2022-yilni eng muhtoj qatlamga, 150 milliondan ziyod odamga yegulik tarqatish bilan yakunladi.
Mutaxassislarning aytishicha, oziq-ovqat tanqisligiga qator omillar sababchi: pandemiya, mojarolar, toshqin va qurg’oqchilik, yoqilg’i qimmatlashgani hamda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi.
“Bu urushdan oldin ham oziq-ovqat narxi oxirgi 10 yildagi, yoqilg’i narxi oxirgi 7 yildagi eng yuqori nuqtaga chiqqan edi. Ukrainada urush boshlanishi esa inflyatsiyani yanada kuchaytirdi”, - deydi Jahon oziq-ovqat dasturi iqtisodchisi Orif Husayn.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina va Rossiya, ma’lumki, don mahsulotlarining yirik eksportchilaridir.
“Ukraina va Rossiya dunyoni bug’doy bilan ta’minlashda muhim rol o’ynaydi. Ularning bozordagi ulushi taxminan 4 va 8 foiz. Global eksportdagi ulushi ham kattagina. Shunday ekan, Qora dengiz havzasi orqali don mahsulotlarini erkin olib o’tolmasak, boshqa mamlakatlar muammolarga duch keladi”, - deydi qishloq xo’jaligi va savdo bo’yicha tadqiqotchi Vill Martin.
Urush, shuningdek, ta’minotdagi uzilishlar va xalqaro sanksiyalar tufayli energiya narxlari oshishiga olib keldi. BMTga ko’ra, o’g’it narxi 2019-yilga nisbatan 250 foizga ko’tarilgan.
“O’g’it yetishmovchiligi yoki qimmatligi sababli hozirda taxminan 66 million tonna asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetishmayapti. Bug’doy, makkajo’xori, sholi kabi ekinlar haqida gap ketyapti. 66 million tonna oziq-ovqat bilan 3,6 milliard odamni bir oy davomida boqish mumkin”, - deydi Orif Husayn.
2023-yilda ham, deydi ekspertlar, hosil o’g’it narxi va ob-havoga bog’liq.
“Ayniqda bug’doy va makkajo’xoriga kelganda, ko’p narsa ob-havoga bog’liq. Masalan, Argentinada yog’ingarchilik kamayishi va boshqa muammolarni yaqindan kuzatyapmiz. AQShda ham shunday bo’lishi mumkin”, - deydi Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti iqtisodchisi Maksimo Torero.
Qora dengiz bo’yicha kelishuv doirasida Rossiya va Ukrainadan don va o’g’itning to’xtovsiz oqimi global oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim bo’lib qoladi.
Sayyoramizning yarim aholisi uchun yana bir asosiy yegulik bu – guruch.
“Guruch ta’minoti kamaygani allaqachon sezilyapti, chunki avvalgidan kamroq ekilgan. Ammo zaxira yetarli, oldingi yillarda yaxshi hosil olingan”, - deydi Torero.
Iqtisodchilarning aytishicha, kuchli dollar importga tayanuvchi va qarzdan xalos bo’lishga urinayotgan kambag’al mamlakatlarga bosimni oshirmoqda.
“Qarzga botgan kambag’al davlatlardan biri bo’lsangiz, oziq-ovqat, yoqilg’i va o’g’itni import qilsangiz, muammolar qurshovidasiz”, - deydi Husayn.
Jahon bankiga ko’ra, oziq-ovqat narxlari har 1 foizga oshishi 10 million odamni qashshoqlik tomon yetaklaydi.