“Essence” teatr-studiyasi Bruklinda o'zbekcha sahna asarlari qo'ymoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-Yorkda yashayotgan o’zbekistonlik rejissor, O’zbekiston san’at arbobi Nabi Abdurahmonov o’z teatr-studiyasiga asos solgan. Uning nomi “Essence”, o’zbek tilida mohiyat degan ma’noni anglatadi. Ijodiy jamoa sahnalashtirayotgan spektakllar ilk kunlardan tomoshabinlar e’tiborini qozona boshlagan.

“Bruklin ko’prigi” xalqaro teatr festivali ham o’zbekistonlik rejissor izlanishlari mahsuli. Ikkinchi xalqaro festival “Essence” teatr studiyasi va O’zbekistonning “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi hamkorligidagi spektakl va o’zbek atoqli rejissori Bahodir Yo’ldoshev xotirasiga bag’ishlangan kecha bilan boshlandi. “Amerika Ovozi” muxbiri Soleh Yahyoyev Bruklinda bo’lib o’tgan o’zbek teatri kechasida qatnashdi.

O’zbek tilida sahnalashtirilgan “Mungli kuz” spektakli “Bruklin ko’prigi” 2-xalqaro teatr festivalini boshlab berdi. Mezbon Bruklinda faoliyat ko’rsatayotgan va o’zbekistonliklar tomonidan tashkil etilgan “Essence” teatr-studiyasi.

Bir aktdan iborat pyesa rejissyori O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Nabi Abdurahmonov.

“Bu o’zi kichkina kulguli pyesa. Biz maktabdan “Komu na rusi jit xorosho” (Кому на Руси жить хорошо) degan poemani bilar edik. Nekrasov juda zo’r, o’ziga xos pyesalarni ham yozgan. U paytlar hamma [Fridrix] Shiller, [Uilyam] Shekspirga o’xshataman deb tarixiy pyesalarni yozgan. Lekin u shunday olib, haqiqiy, oddiy hayotga qandaydir o’ziga xos nur tashlagan”, - deydi rejissor.

Bu spektaklda rollarni ikki taniqli o’zbek rejissyorlari – Bahodir Yo’ldoshev va Nabi Abdurahmonov farzandlari, o’zbekistonlik taniqli teatr va kino aktyorlari Bobur Yo’ldoshev va Obid Abdurahmonov ijro etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Bruklinda vatandoshlar sayili

“Bu juda ham yaxshi spektakl. Bu spektaklda aktyorlik mahoratingning har xil qirralarini ko’rsatishing mumkin. Shuning uchun menga bu rolim oldinga katta qadam”, - deydi Bobur Yo’ldoshev.

“Bu spektaklni Toshkentda ko’rganimdayoq quvonganman. Meni pirovardida [Anton] Chexovni yetishtirgan, Nekrasov kabi mumtoz, buyuk teatr dramaturgiyasi asoschisining asarini o’zbek tilida va eng muhimi o’zimizning milliy masxaraboz janrida sahnada qo’yilishi xursand qilgan”, - deydi aktyor Obid Abdurahmonov.

“O’zbekiston yoshlar eksperimental teatr-studiyasi “Diydor”ning spektakli. Spektaklning nomi “Mungli kuz”. Bu [Nikolay] Nekrasovning “Osennyaya skuka” (Осенняя скука) komediyasi asosida qo’yilgan. Bu spektaklni ikki yil oldin Toshkentda qo’yganman. Bahodir [Yo’ldoshev] akam rahmatli meni chaqirganlar va men bu spektaklni O’zbekistonda qo’yganman.

Men bu spektaklni shu yerda “Essence” teatr-studiyamizda rus tilida qo’yganman. Lekin Bahodir aka bilan gaplashganimda [Toshkentga] kelgin va shu pyesangni, spektaklingni qo’ygin, lekin bitta shartim bor deganlar. Masxarabozlar sifatida qo’y. Bu pyesani o’zgartirib, masxarabozlar tomoshasi sifatida qilgin, degandilar. Men “bu zo’r va ajoyib fikr” deganman. Bahodir aka men uni o’zim tarjima qilaman, deganlar. Menimcha, tarjima yuqori darajada bo’lgan. Chunki bir tomondan Bahodir aka dunyo darajasidagi rejissor bo’lgan, ikkinchi tomondan O’zbekistonning haqiqiy xalqi orasidan chiqqan, uning hayotini biladigan rejissor, san’atkor edilar. Bahodir akaning tarjimasi ajoyib. Topgan so’zlari, ularning bir-biriga bog’lanishi. Mazza qilasiz”, - deydi rejissor Nabi Abdurahmonov.

“Zamon sadosi” teatri loyihasi doirasida o’tkazilayotgan “Brulkin ko’prigi” 2- xalqaro teatr festivalini Nyu-York shahar madaniyat ishlari departamenti qo’llagan. Festival teatr marafoni shaklida yil bo’yi davom etadi. Uning qatnashchilariga, asosan, o’zbek rejissori tashkil etgan “Essence” teatri mezbonlik qiladi.

Buni ham ko'ring 2022-yilda o'zbekistonlik muhojirlar uchun qisqa muddatli kurslar

“Bu tadbirlar teatrimiz negizida tashkil etilgan “Bruklin ko’prigi” 2-xalqaro teatr festivali doirasida o’tmoqda. Biz Armaniston, Ukraina, Gruziya, Germaniya, Fransiyadan ham spektakllarni kutyapmiz. Festival yil bo’yi davom etadi. Demak, teatrimiz sahnasida nafaqat o’zimizning, balki boshqa teatrlar olib keladigan yangi-yangi postanovkalar bilan ham sizlarni quvontira olishimizga umid qilyapmiz”, - deydi teatr menejeri Vassa Vasilyeva.

“Festivalimizga “Bruklin ko’prigi” degan nomni berdik. Afsuski, birinchisi “Zoom” orqali o’tdi. Lekin shunda ham bir nechta zo’r spektakllar Tallindan (Estoniya), Rossyadan, Ukrainadan, Tojikiston, O’zbekiston, Germaniyadan bo’lgan. Mana hozir [2-festivalni] boshladik va asta-sekin tashkiliy savollarni yechib, har oyda bitta teatrni Nyu-Yorkka olib kelib tomoshabinlarga ko’rsatmoqchimiz. Birinchisi O’zbekistondan kelgan spektakl. Hozir Germaniyadan ajoyib monospektakl kelishi kerak”, - deydi rejissor.

Tashkilotchilar festival doirasidagi ilk teatr bayrami “Mungli kuz” spektakli va bu asarning o’zbek tilida sahna yuzini ko’rishida xizmati singan O’zbekiston xalq artisti, rejissor va san’at arbobi Bahodir Yo’ldoshev xotira kechasi bilan boshlanishini xohladi. Nega?

“Chunki, menimcha, agarda o’tgan buyuk san’atkorlarning xotira kechalarini o’tkazmasak va yoshlarni shunga o’rgatmasak, qandaydir uzilish bo’lib qoladi. Va yana shunday bir insonni, rejissorni, undan qolgan merosni o’rganish kerak. Afsuski, olamdan o’tganlariga ham 1,5 yil bo’lyapti. Rahmatli Bahodir akaning ruhi shod bo’lsin va shu tadbirni akamiz, ustozimiz [xotirasi]ga bag’ishlamoqchimiz”, - deydi Nabi Abdurahmonov.

“Boshlagan festivalimiz, albatta, turli mamlakatlardan artistlarni bu yerga jalb etishini, ularning san’ati va madaniyatini taqdim etishlariga xizmat qilishini istaymiz. Bundan tashqari, teatr sohasidagi Toshkent va Nyu-York, O’zbekiston va Amerika aloqalarining mustahkamlanishiga, doimiy almashinuvlarga yetaklashini istardik. Bahodir akaning xotira kechasi o’tayotganidan xursandman. Bizning doimiy tomoshabinlarimiz paydo bo’lgan, ular har bir spektakllarimizga keladi. Afsuski, ular ana shunday buyuk ustoz Bahodir aka haqida bilmaydi. Shu bahonada u kishini taniyotgani, bilayotganidan xursandman. Men bu yerdagi odamlar, tomoshabinlar buyuk o’zbek madaniyati, ziyolilari bilan tanishishni davom ettirishlarini xohlayman”, - deydi aktyor Obid Abdurahmonov.

O’zbek teatri kechasida keng jamoatchilik yig’ildi. Tashkilotchilar 40-50 kishi kelishini kutgan, lekin 80 ga yaqin tomoshabin yig’ilgan.

Buni ham ko'ring Pandemiya davrida o'zbekistonlik ziyoli Nyu-Yorkda kitob yozdi

“Bu yerda mana shu teatrning ochilishi, bu professionallik darajasini ko’rsatadi. Bu juda ham baland daraja. Menimcha, bunday teatrlar bu yerda juda ham kam. O’zbek tilida, tojik tilida yoki rus tilidagi teatrlarni oladigan bo’lsangiz, bunaqa teatrning o’zi yo’q deb o’ylayman. Shunaqangi baland darajada, badiiy baland darajada bo’ladigan spektakl. Bu juda ham katta narsa. Men buni ruhlanib aytyapman”, - deydi o’zbekistonlik aktyor Bahrom Matchonov.

“Bugungi spektaklni juda ham ajoyib sahnalashtiribdilar. Bilasizmi, buni oldingi davrda masxaraboz teatri deb aytardilar. Buni ko’rib, juda ham xursand bo’ldim. Oldingi davr teatrini sahnaga qayta olib kelganlar. Menga juda ham yoqdi”, - deydi nyu-yorklik Boris Katayev.

“Juda ham ajoyib kostyumlar, yaxshi bezatilgan aktyorlarning o’yinlari bizlarni qiziqtirdi, qoyil qoldirdi. Ko’rganingizdek, zal gavjum bo’ldi. Bundan keyin ham bu teatr “Diydor” teatri davomchisi sifatida art spektakllarni yaratishda, menimcha, kelajakda ham katta ishlar qiladi”, - deydi yana bir o’zbekistonlik san’atkor Nabi Razzoqov.

“Spektakl ko’ngildagidek chiqdi. O’ylashga undovchi, shu bilan birga yaxshi kayfiyat bag’ishlovchi, ayni vaqtda juda zarur bir spektakl. Odamlar spektakldan bahramand bo’lish uchun bu yerga kelishgandi. Kutganlarini oldilar. Nabi betakror iste’dod egasi bo’lgan toshkentlik. U O’zbekistondan chiqqan ajoyib rejissor. Shuning uchun Nabi bo’lgan joyda hammasi yashnaydi. U tinimsiz ishlaydi va o’z iste’dodini namoyon etishga erishmoqda. Men unga muvaffaqiyatlar tilayman”, - deydi tomoshabinlardan biri Yuriy Dashevskiy.

2016-yildan buyon Nyu-Yorkda yashayotgan o’zbek rejissori 5 yil oldin o’z teatr-studiyasiga asos solgan. Uning nomi “Essence” - o’zbek tilida mohiyat ma’nosini beradi.

Uning badiiy rahbari Nabi Abdurahmonov teatri faoliyati Nyu-York shahri mohiyatiga ham mos tushayotganiga ishonadi.

“Nyu-York, bilasiz, bu haqiqiy turfa madaniyatlar, turfa xalqlar qo’shilgan shahar. Va o’rnimiz muhim bo’lishi kerak bu yerda”, - deydi u.