AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 28-fevral kuni Ostonada Qozog'iston rahbariyati bilan uchrashadi. Keyin u yerda Markaziy Osiyoning besh respublikasi tashqi ishlar vazirlari bilan mintaqaviy masalalarni muhokama qiladi. Bu - C5+1 formatidagi navbatdagi muloqot. Keyin esa Blinken Toshkentga yo'l oladi. O'zbekistonda ham yuqori darajadagi uchrashuvlar rejalangan.
Oxirgi marta Amerika bosh diplomati Markaziy Osiyoga 2020-yilning fevralida borgan. O'sha paytdagi Davlat kotibi Mayk Pompeo asosan mintaqaviy xavfsizlik va Xitoyga nisbatan siyosatga e'tibor qaratgan, jumladan regiondagi hukumatlarni "Pekin ezayotgan uyg'urlarni", qardosh turkiy elatni quvvatlashga undagan.
Biroq Xitoyga iqtisodiy jihatdan tobe Markaziy Osiyo Pekindek qudratli siyosiy kuch oldida bunday mavzularni ko'tara olmasligini ko'rsatib keladi. Rasmiylar uyg'urlar masalasi Xitoyning ichki ishi ekani, ular ham boshqa davlatlar Markaziy Osiyo respublikalaridagi vaziyatga tashqaridan hech kim bosh suqmasligini ma'qul ko'rishini aytadi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga nisbatan siyosat ham o'ta ehtiyotkor. BMT Bosh Assambleyasida shu paytgacha bu bosqinchilikni qoralovchi biror rezolyutsiya loyihasiga O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston "ha" deb ovoz bermagan. Ular "betaraf" ekanini bildiradi. 23-fevral kuni ham Nyu-Yorkda shunday yo'l tutildi. Turkmaniston esa ovoz berish jarayonida odatda umuman qatnashmaydi.
Mintaqadagi va xorijdagi tahlilchilar bu "betaraflik"ni aslida qo'rqoqlik deya baholaydi. Markaziy Osiyoning har bir davlati, jumladan ikki yirigi bo'lmish O'zbekiston va Qozog'iston Kremldan xavfsiraydi va Prezident Vladimir Putin bilan ziddiyatga borishni istamaydi.
Qozog'iston diplomatlari deydiki, Ostona Ukrainadagi urushni allaqachon qoralagan, unga qarshi, mojaroni tezroq tugatishga chaqirib kelmoqda.
O'zbekiston rasmiylari ham o'xshash pozitsiyada ekanini qayd etib, Donetsk va Luganskni hamon Ukraina hududi deb bilishi, Rossiya ularga alohida respublikalar deb qarasa-da, Toshkent ularni tan olmasligini ta'kidlaydi.
Markaziy Osiyoning boshqa hukumatlari uchun ham Donetsk va Lugansk hamon Ukraina yeri. Rossiya boshliq harbiy blok, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga kiruvchi Tojikiston va Qirg'iziston ham Kiyev va Moskvani tinchlik muzokaralariga undaydi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan bir yil o'tib, Ostona va Toshkentga borayotgan Blinken avvalo AQShning bu boradagi pozitsiyasini muhokama qilishi kutilmoqda. Mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlik xalqaro qonunlarda kafolatlangan va BMT a'zolari bu talabga bosh egishi shart. Blinken Amerikaning Markaziy Osiyodagi strategik sheriklariga Vashington ularni bu borada doimo quvvatlashini eslatadi.
AQShning Markaziy Osyodagi elchixonalari 24-fevral kuni Ukrainani quvvatlovchi bayonotlar bilan chiqdi. Jumladan Toshkentdagi elchi Jonatan Henik Kiyevning O'zbekistondagi diplomatlari bilan ko'rishib, ularning davlatiga tinchlik tiladi, Rossiya bosqinchiligini qoraladi.
Davlat departamentiga ko'ra, AQSh Markaziy Osiyoda "farovon va demokratik mamlakatlar shakllanishini istaydi".
Blinken sistematik islohotlar va'da qilgan Qozog'iston va O'zbekiston rahbarlariga ularni bu yo'lda olqishlashi, demokratik o'zgarishlar qilish uchun yordamlashishini aytadi. Davlat kotibi ularni islohotlarni tezlashtirishga, jumladan inson huquqlari, siyosiy erkinliklar va qonun ustuvorligi yo'lida xalq kutayotgan progress bo'lishini ta'minlashga chaqiradi.
Your browser doesn’t support HTML5
Amerika har ikki davlat bilan iqtisodiy, energetik va ijtimoiy rishtalarni kengaytirishga bel bog'lagan, deydi rasmiylar. Blinken muloqotlarda ularga ham alohida to'xtaladi.
Afg'onistonga nisbatan siyosat yuzasidan fikrlar va takliflar almashiladi. Amerika 2021-yilning avgustida u yerdan butunlay chiqib ketganidan beri Vashington regiondan uzoqlashdi va roli pasaydi, degan ishonch keng.
Blinken Bayden ma'muriyati Markaziy Osiyo bilan Afg'oniston yuzasidan hamkorlikni davom ettirishni xohlashini va tinchlikni saqlashda ularga suyanishini bildiradi. Markaziy va Janubiy Osiyo orasida yangi savdo yo'llari ochish, Afg'oniston orqali tijorat qilish uchun imkoniyatlar yaratishda Amerika nima qila olishini tushuntiradi.
Blinken Toshkentdan Hindistonga yo'l oladi va 1-mart kuni Dehlida dunyoning eng yirik 20 davlati tashqi ishlar vazirlari bilan sammitda qatnashadi.