O'zbekistonda 40 dan oshiq jurnalist, bloger va faol O'zbekiston rahbariga ochiq xat yo'llab, yillar oldin rasman man etilgan senzura amalda hamon davom etayotgani, organlar axborot vositalari va blogosferani qattiq bosim ostida ushlab turgani haqida shikoyat qilmoqda.
Maktubda jumladan shunday deyiladi:
"Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy to‘siqlar, bosimlar, qo‘rqitishlar saqlanib qolyapti.
Matbuot o‘zi istagan mavzuni ko‘tara olmayapti. Jurnalistlar o‘zlari istagan ohangda vaziyatni ko‘rsata olmayapti. Davlatning axborotni nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan muassasasi tahririyat va blogerlarga muttasil ravishda bosim qilib, axborot ohangi, shakli, mohiyatini o‘zgartirish yoki bu axborotning to‘liq chiqmasligini talab qilishda davom etmoqda.
Janob prezident! Biz so‘z va fikr erkinligi orqali O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdor emasmiz. Biz xavfsizlikni so‘z va fikr erkinligining poydevori sifatida ko‘ramiz. Lekin so‘z va fikr erkinligisiz ta’minlangan xavfsizlikni – noqis, zaif va vaqtinchalik xavfsizlik deb bilamiz".
23-fevral kuni Prezident Mirziyoyev jamoatchilik bilan uchrashuvda so'zlar ekan, matbuot erkinligi tarafdori ekaniga urg'u bergan edi.
Ochiq xat mualliflariga ko'ra, O'zbekistonda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda "kislorod" yetishmayapti.
Ochiqlik, adolat va qonun ustuvorligini va'da qilgan Mirziyoyev real vaziyatga loqayd bo'la olmaydi, deydi murojaatchilar.
Prezident administratsiyasi hozircha munosabat bildirmagan.
Ochiq maktub quyida aks etgan: