17 yildirki, AQSh Davlat departamenti har yili dunyo bo'ylab bir necha ayolni jasorati va yurti ravnaqi yo'lidagi mehnati uchun mukofotlaydi. Shu kungacha 80 davlatdan 180 faol taqdirlangan. Sovrindorlar 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni oldidan e'lon qilinadi. Bu moliyaviy mukofot emas, deya eslatadi rasmiylar, maqsad - o'z hayotini xavf ostiga qo'yib, mamlakatida erkinlik, adolat va taraqqiyot uchun kurashayotgan ayollarni eng yuqori minbarlardan e'tirof etish va ularni Amerika quvvatlashini ko'rsatish.
2023-yilgi sovrindorlar:
Afg'onistondan Zakira Hikmat: Hozirda Turkiyada yashaydi. Maktabni Tolibon hukmronlik qilayotgan paytda yashirin tarzda tugallagan. Turkiyada shifokorlikka o'qigan. 2014-yilda afg'on qochqinlariga yordam beruvchi tashkilotga asos solgan. Hikmatning tashkiloti minglab afg'on oilalariga madad ko'rsatib, ularning hayotini asrab qolgan.
Argentinadan Alba Rueda: Hozirda vatanida Jinsiy oriyentatsiya va gender bo'yicha maxsus elchi. Jinsiy tahqirlanishga qarshi kurash yetakchisi. Inson huquqlari himoyasida ozchilikdagi guruhlarning manfaatlari uchun jon kuydirib tanilgan. Xotin-qizlarning erkinligini ta'minlashda ham jinsiy oriyentatsiyani hurmat qilishga chaqirib keladi.
Buni ham ko'ring Tolibon universitetlarni ham ayollar uchun yopdiMarkaziy Afrika Respublikasidan Daniyela Darlan: Konstitutsiya himoyasi, sud mustaqilligi va erkinlik uchun kurashda yetakchi. Qonun ustuvor bo'lishi shart degani uchun sudyalikdan olingan. Hukumatni qonunlarni o'yinchoq qilayotganlikda ayblab, tizimda ishlashdan bosh tortgan. Huquqdan dars berib, xotin-qizlar erkinligini targ'ib qiladi. Qat'iy so'zi va metin irodasi uchun "temir ayol" deya nom olgan.
Kosta Rikadan Doris Rios: China Kicha qabilasining vakili sifatida tub aholi manfaatlari uchun kurashib keladi, shuningdek, tabiatni asrash va madaniy boyliklarni himoya qilish ishlarida lider. Xavfsizlik, iqtisod, adliya, sog'liqni saqlash va barcha masalalarda xotin-qizlar roli va ovozini targ'ib qilib tanilgan.
Efiopiyadan Meaza Muhammad: Roha TV degan "YouTube" kanalga asos solib, matbuot erkinligi va inson huquqlari uchun ter to'kib keladi. Vatanida axborot oqimi cheklangan. Jamiyatida oilaviy va jinsiy zo'ravonlikni fosh etib, jabrlanganlarga yordam berish haqida ma'lumot uzatadi. Hukumat uni bir necha bor qamoqqa olgan. Faol tanlagan yo'lidan chekinmay keladi.
Iordaniyadan Hadil Abdul Aziz: Inson huquqlari himoyachi sifatida bolalar, o'smirlar, qochqinlar, migrantlar manfaatlari uchun kurashib keladi. Zo'ravonlikka qarshi choralar taklif qilib, hukumat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda jamiyatdagi eng og'ir muammolarga e'tibor qaratadi. Qizlarni zo'rlab erga berish hollarini qoralab, erkinligi uchun azoblangan xotin-qizlarga yordam beruvchi dastutlarni yuritadi.
Qozog'istondan Baxitjan Toregojina: 2022-yilning fevralida vatanida yuz bergan norozilik namoyishlari va g'alayonlar paytida yuz bergan jinoyatlarni tekshiruvchi koalitsiyaga yetakchi. Fuqaro jamiyati rivojida salmoqli hissa qo'shib kelayotgan, siyosiy tazyiqlarga bosh egmay, qiynoqlar va bosimlarni fosh etib kelayotgan faol. Nohukumat tashkilotlar va huquq himoyachilarini birlashtira olgan fuqaro.
Buni ham ko'ring Afg'oniston faqat ichki harakat bilan o'zgaradi, deydi sobiq hokimMalayziyadan Datuk Ras Adiba Radzi: Jurnalistikadan chiqqan senator. Avtohalokat va qonli hujum natijasida falaj bo'lib qolganiga qaramay inson huquqlari uchun kurashdan to'xtamagan. Jamoatchilikni eng nozik va dolzarb masalalar ustida o'ylantira olgan mutaxassis. Jismonan imkoniyatlari cheklangan insonlar uchun sharoitni yaxshilashda yetakchilik qilib keladi.
Mongoliyadan Bolor Ganbold: 30 yillik harbiy tajribaga ega general mamlakatida ayollar ham qurolli kuchlar safida bo'la olishini, xavfsizlikni ta'minlash ishlarini boshqara olishini isbotlagan. BMT tinchlikparvar kuchlarida faoliyat yuritgan. Hozirda vatanida harbiylarni tayyorlash bo'yicha bosh rasmiy. Gender tenglik targ'ibotchisi.
Polshadan Bianka Zalevska: Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarini 2014-yildan beri kuzatib, yoritib, tahlil qilib kelayotgan jurnalist. Ukrainada inson huquqlari qanchalik poymol qilinayotgani haqida dunyo ogoh qilib keladi. Qochqinlarni qabul qilish, ularga g'amxo'rlik, adolatsizliklarga diqqat qaratib, o'z xalqiga qo'shni Ukraina dardini tushuntirib, insonparvarlik va ahillini targ'ib qiladi.
Ukrainadan Yuliya Payevska: 2014-2018 yillarda Donbasda ko'ngilli sifatida aholiga yordam ko'rsatgan. Rossiya kuchlari va separatistlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida ma'lumot to'plagan. Xotin-qizlar ba bolalarni himoya qilib, ko'p marta nishonga olingan, azoblangan. Rossiya hukumati uni dushman deb e'lon qilib, qanchalik qo'rqitmasin, faoliyatini to'xtatmagan.
Eronlik xotin-qizlar: Eronning 31 viloyatida adolat talab qilib ko'chaga chiqqan ayollar. O'tgan kuzda qamoqda jon bergan talaba Mahsa Aminiy taqdiriga befarq bo'lmagan fuqarolar. Bu ayollar erkinlik uchun kurashni to'xtatmas ekan, ularga erkaklar ham qo'shilgan. Yuzlab insonlar, jumladan bolalar hukumat kuchlari tomonidan o'ldirilganiga qaramay, Eron xotin-qizlari harakatni to'xtatmagan.