AQSh Senatida urush vakolatlari muhokamada

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy, Vashington

AQShda qonunchilar prezidentning urush vakolatlarini qayta ko'rib chiqar ekan, Kongressning bu boradagi kuchini mustahkamlash payida.

"Demokratlar va respublikachilar bir masalada yakdil: Iroq urushiga rasman bahram berishimiz kerak. Bu degani bu urushga imkon bergan omillarni tahlil qilib, saboq olishimiz va chora ko'rishimiz zarur", - deydi Senatda liberallar sardori Chak Shumer.

Ko'plab qonunchilar 2001-yilda prezidentga urush ochish vakolatini bergan qonunni bekor qilish kerak deb hisoblaydi. Bu vakolatlar Oq uyga Afg'onistonda va Iroqda keng ko'lamli harbiy amaliyotlar boshlash uchun yo'l ochgan.

Qonun tarafdorlari nazarida esa prezidentning bunday qudratga ega bo'lishi milliy xavfsizlikni ta'minlash, shuningdek, xorijdagi qo'shin manfaatlarini himoya qilish uchun o'ta zarur.

Hozirda muhokama qilinayotgan choralar prezidentga 1990-yilda berilgan ayrim huquqlarni ham qaytib olishni ko'zlaydi.

Respublikachi senator Todd Yang

"Iroq hozirda AQShning Yaqin Sharqdagi hamkori, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash yo'lida sherik. Biroq hujjatlarimizda u hali ham dushman deb qayd etilgan. Ularni o'zgartirish vaqti keldi", - deydi respublikachi senator Todd Yang.

"Biz endi bu davlat bilan urushda emasman. Bu haqiqatni rasman e'tirof etishimiz shart".

2014-yilda Barak Obama, 2020-yilda esa Donald Tramo Iroq va Suriyada terroristlarga qarshi harbiy amaliyotlar olib borish uchun Kongressdan ruxsat so'ramagan, chunki amaldagi qonun buni talab qilmaydi.

Biroq qonunchilar hozirga kelib, konstitutsiya aynan ularga bu borada ko'proq huquqlar beradi, deb hisoblaydi. Oxirgi marta Kongress 1942-yilda Ruminiya, Bolgariya va Vengriyaga qarshi urush e'lon qilgan. Shundan beri urush vakolatlari asosan Oq uyda bo'ldi, deydi ekspertlar.

Demokrat senator Tim Keyn

"Kongressgina urush ochib, uni tugatish borasida qaror qilishi kerak, chunki bu masalalar xalq vakillari tomonidan muhokama qilnib, aynan ular vatanimiz farzandlarini qachon qayerga nima uchun urushga safarbar etishimiz yuzasidan qarorlar qilishi shart", - deydi demokrat senator Tim Keyn.

"1991 va 2002 yillarda qabul qilingan qonunlarga endi zarurat yo'q. Ulardan amaliy maqsad ham yo'q. Aksincha, ularning kuchda qolishi xavflidir", - deydi senator.

Taklif Senatda har ikki partiya vakillari tomonidan ma'qullanishi kutilmoqda.

Hujjat qonunga aylanishi uchun u Vakillar palatasidan ham o'tishi lozim. Prezident imzosi bilan u kuchga kiradi.