AQSh har yili dunyo bo'ylab adolat uchun kurashayotgan ayollarni mukofotlaydi. Bu safargi marosim Oq uyda o'tdi. Sovrindorlarning bir qismi ko'rinmadi, chunki ular - Eron xotin-qizlari. Yana biri - Baxitjan Toregojina, Qozog'istonda inson huquqlari uchun jonbozlik ko'rsatib tanilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg'on ayoli... vatanida yashirin tarzda bilim olib, shifokorga aylangan, Hozirda muhojir, ammo yurti uchun yonib yashaydi. Qochqinlarga malham.
Mongoliyalik general... Ayol kishi askar bo'la oladimi deya ishonmagan jamiyatni qo'riqlamoqda hozir.
Argentinada jinsiy tenglik uchun kurashib, to'siqlarni olib tashlashga erishgan fuqaro.
Jurnalistlar, faollar, o'qituvchilar, yuristlar - ular o'z mamlakatlaridagi sistematik huquqbuzarlik va qonunbuzarliklarga qaramay salmoqli o'zgarishlar qila olgan insonlar. AQSh birinchi xonimi Jill Bayden nazarida ular zamonning, insoniyatning asl liderlari.
Buni ham ko'ring Qozog'istonlik faol bu yil AQSh mukofotlagan jasoratli ayollardan biriShu jumladan, Eronda o'tgan bir necha oydan beri hukumatdan qilmishlari javob berishni talab qilayotgan xotin-qizlar.
22 yoshli talaba Mahsa Aminiy qamoqda jon bergach boshlangan namoyishlar 31 viloyatni qamrab oldi. Mahsa boshini o'ramagani uchun o'ldirilgan, deya norozilik kuchli.
“Qizlar bilishi kerak, ularning erkinligi va manfaatlari uchun jasorat bilan zulmga qarshi turib berayotgan ayollar bor. Ular siz uchun eshiklarni ochmoqda. Maktablar, jamoalar va hukumatlarni o'zgartirmoqda, chunki hayotimiz tobora yengillashib, erkinlashib borishi shart. Erkaklar ayollarni quvvatlashi kerak. Erkaklar ular ezilishini ko'rib, qo'l qovushtirib tura olmaydi, axir", - deydi Jill Bayden.
Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer taqdimot bu yerda o'tayotgani tabiiy, deydi.
“Jahon ahli, ayniqsa xotin-qizlar bilsinki, biz ularning taqdiriga loqayd emasmiz, ularni tinglayapmiz. Jasoratli ayollar har bir jamiyatning yuragi, vijdoni. Ular faqat o'z yurtdoshlari uchun emas, hamma uchun kurashmoqda",-deya izohlaydi Prezident Jo Baydenning so'zlovchisi.
Eron hukumati norozi xalqni tinglash o'rniga boshqalarni qoralaydi, deydi Marti Fleks, siyosiy tahlilchi.
"Eron rahbariyati o'z muammolari uchun har doimgidek Qo'shma Shtatlarni yoki umuman G'arbni ayblaydi, xuddi mamlakatini ular emas, o'zgalar boshqarayotgandek. Kuzatib turganlar biladiki, aholi rahbarlardan nolib, ko'chagan chiqayapti. Tehron qanchalik inkor etmasin, Erondagi qiyinchiliklar, g'alayonlar ildizini o'zidan izlashi kerak",- deydi Fleks.
Bayden ma'muriyati Eron ayollari jasoratini yoppasiga e'tirof etib, xalqaro hamjamiyatni ularni quvvatlashga undamoqda.
"Oq uy demokratik davlatlar sammitini o'tkazish arafasida ekan, erkinlik targ'iboti, fuqaro jamiyatini rivojlantirish uchun ko'proq hissa qo'shish zarurati kabi masalalar muhokamada. Yakkahokimlar kuchaygan dunyoda yashayapmiz, AQSh ularga qarshi ekanini bildirmoqda", - deydi Fleks.
Jill Bayden nazarida xotin-qizlari faol bo'lmagan biror mamlakat erkin yashay olmaydi, demokratik tizimga aylana olmaydi, u yerda adolat ta'minlanmaydi, qonun ustuvor bo'lmaydi.