“Ukraina uchun birlashaylik” dasturi doirasida hozirgacha 113 mingdan ziyod ukrainalik vaqtinchalik Amerikaga kelib joylashgan. Qochqinlarning yangi mamlakatga moslashishi oson emas. Virjiniyadagi bir tashkilot ularga yordam bermoqda.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Olena Onoshina bir necha oy boshpanalarda yashirindi, ishga ham qatnadi. 2022-yilning oktabrida nihoyat maxsus dastur orqali o’g’li bilan AQShga ketishga qaror qildi.
“Amerikaga kelgandan keyin ukrainalik qochqinlarga kim yordam berarkin, deb “Google”da qidirdim. “ECDC” tashkilotini topdim, ular ish topishga ko’maklashishdi”, - deydi ayol.
“ECDC”, ya’ni Efiopiyaliklar hamjamiyati taraqqiyot kengashi, Vijiniyada asoslangan tashkilot bo’lib, uning vazifasi Amerikaga kelgan qochqinlarga yordam berishdir. Uning Vashingtondagi direktori Sara Zulloning aytishicha, hozirda Afg’oniston va Ukrainadan kelayotganlar eng ko’p yordamga muhtoj qochqinlar sirasiga kiradi.
“Ko’pincha bu mamlakatga kelganlarning bu yerda na oilasi bor, na tanishlari. Shuning uchun biz bilan bog’lanishadi. Ularga joylashishga, farzandlarini maktabga qo’yishga, tibbiy ehtiyojlarini qoplashga yordamlashamiz”, - deydi Zullo.
Tashkilotning xodimlari ham qochqinlar. Ular yangi kelayotganlarga yo’l ko’rsatadi, chunki bir necha yillar oldin o’zlari ham xuddi shunday vaziyatda bo’lishgan.
“Yangi kelganlarga ularning ona tilida birov yo’l-yo’riq ko’rsatsa, tushuntirsa, moslashish yanada osonroq kechadi. Men ham sening o’rningda bo’lganman, deb ayta oladi”, - deydi Zullo.
Kiyevlik Svetlana Osaulenko bir necha oy oldin yordam so’rab kelgan edi. Vatanida u nohukumat tashkilotda ta’limiy programmalar bilan shug’ullangan. AQShda Osaulenko ukrainalik qochqinlarga ko’maklashyapti.
“Hamyurtlarimga yordam qo’lini cho’zishga umid qilgan edim. “ECDC” tashkiloti orqali bu imkoniyat paydo bo’lganida taqdir ekan deb, ishga kirishdim”, - deydi u.
2022-yilning aprelida “Ukraina uchun birlashaylik” degan dastur ishga tushgan. Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko’ra, o’shandan buyon AQShga 113 mingdan ziyod ukrainalik kelgan. Katerina Sorokolit shulardan biri.
“Amerika juda boshqacha. Qayerdan boshlashni bilmaydi odam. Feysbukda postlarni o’qisangiz, hammaning tajribasi har xil. Sizga foydali bo’ladimi, yo’qmi, bilmaysiz”, - deydi u.
Katerina Sorokolit urush boshlanganidan ko’p o’tmay ikki yosh bolasi bilan Kiyevni tark etgan. Dastlab Yevropada yashadi, keyin esa yaqin do’stining oldiga, Amerikaga kelishga qaror qildi. “ECDC” tashkiloti yangi hayot boshlashda unga yordamlashyapti.