AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 4-aprel kuni Nyu-Yorkda jinoiy ayblovlar bilan yuzlashadi. U hibsga olinish va sud oldiga olib borish kabi jarayonlarga tayyor, deydi advokatlar.
Tramp 2016-yilda prezidentlikka saylanish uchun kampaniya olib borayotgan paytda o'tmishi haqida og'iz ochmasligi uchun porno yulduz Stormi Daniyels va bosqalarga pul berib, rasmiy hujjatlarda buni yuridik xizmat deya yashirganlikda ayblanmoqda.
Nyu-Yorkning Manhettan tumani prokuraturasi Trampga bu qilmish bilan bog'liq qariyb 30 ayblov qo'ymoqda.
Amerika tarixida biror sobiq prezident bu kabi holatga tushmagan, ya'ni jinoyatda ayblanmagan. Ayni damda Tramp Oq uy uchun harakat boshlab, 2024-yilda saylanish umidida.
Politsiyaga o'z xohishi bilan borishga ahd qilgan sobiq prezident ayblovlarni asossiz va soxta deb biladi.
Uning tarafdorlari ertadan Nyu-Yorkda katta namoyshlar boshlamoqda.
Tramp Florida shtatidagi uyidan shaxsiy samolyotida bugun Nyu-Yorkka uchgan. Ertaga uning o'zi huquq tartibot organlari huzuriga boradi.
Buni ham ko'ring Tramp Nyu-Yorkda jinoiy ayblov bilan yuzlashmoqdaNyu-Yorkda tartibsizliklarning oldini olish uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Qator ko'chalar yopilishi kutilmoqda.
Tramp borishi mumkin bo'lgan idora va sud binolari atrofi o'ralib, jamoatchilik harakati cheklanadi.
“Shahrimizga har yoqdan kelayotganlarga iltimosimiz, tartibga rioya qiling", - deydi Nyu-York meri Erik Adams, namoyishchilarga murojaat qilib.
“Bu - bizning shahrimiz, uyimiz. Nyu-York Amerikaning eng xavfsiz eng yirik shahri, chunki bu yerda qonun ustuvor".
Tramp tarafdorlari butun mamlakatdan kelmoqda. Ular orasida qator respublikachi siyosatchilar, jumladan Kongress a'zolari ham bor.
Jorjiya shtatidan Marjori Teylor Grin yetakchiligida norozilik namoyishlari kutilmoqda.
Mer Adams bu qonunchi ayolga shaxsan ishora qilib, uning to'dasini Nyu-Yorkda qoidalarni buzmaslikka chaqirgan.
Trampning idorasi bu voqeadan saylov kampaniyasi uchun foydalanishga qaror qilgan. Ularning taxminicha, sobiq prezidentga qo'yilayotgan ayblovlar pirovardida aybdorlikka yetaklamaydi, ammo media e'tibor siyosiy targ'ibotda qo'l keladi.
Tarafdorlar Floridada yig'ilib, chiqishlarni allaqachon boshlab yuborgan. Ularning aytishicha, Nyu-York prokuraturasining asl maqsadi - Trampni Oq uy uchun poygadan chiqarish. Prokuratura bu kabi da'volarga javob bermaydi, lekin Amerikada hech bir shaxs qonundan qocha olmasligini eslatadi.
Trampning sobiq advokati Maykl Koen 2016-yildagi "qora ishlarni" tan olgan va jazosini o'tagan.
Sobiq prezidentning tarafdorlaridan biri Erik Solensten fikricha, Tramp o'xirgi 10 prezidentdan eng yaxshisi. O't o'chiruvchi bo'lib ishlaydigan bu amerikalik mehnat ta'tiliga chiqib, Floridaga kelgan. Nyu-Yorkka yo'l olishga tayyor.
“Biz sevimli prezidentimizga nisbatan bu adolatsizliklardan norozimiz", - deydi Solensten.
Tramp moliyaviy qalloblikda ayblanayotganidan ko'plab amerikaliklar bezovta, ammo hayron emas. Doimiy tekshiruv va tergov ostidagi siyosatchi bu, deydi vaziyatdan ko'z uzmayotgan nyu-yorkliklar.
Porno yulduz Stormi Daniyels va "Playboy" jurnalidagi suratlari bilan tanilgan Karen Makdugal oilali Tramp bilan ishqiy munosabatda bo'lganini ancha oldin e'tirof etgan.
Tramp buni inkor etadi va saylov kampaniyasi hujjatlaridan ko'rsatilgan pullar aslida ularga to'lanmagan, deb keladi.
O'tgan hafta Nyu-Yorkda unga ayblovlar qo'yilishi ma'lum bo'lgach, Tramp yuristlari bilan maslahatlashgan. Dam olish kunlari u Floridada golf o'ynagan. Ikki kun ichida uning saylov kampaniyasi hisobiga tarafdorlardan 5 million dollar tushgan.
Respublikachilar, xususan u qatori Oq uyga ko'z tikkanlar ham Trampning yonini olib, prokuraturani siyosiy motivlar bilan harakatlanayotganlikda qoralamoqda.
Demokratlar esa ayblovlar isbot-dalil asosida qo'yilayotgani, Tramp sudda javob berishi shartligiga urg'u bermoqda.