So’rovlar shundan dalolatki, amerikalik saylovchilar, jumladan demokratlar, Jo Baydenning 2024-yilga saylovda qatnashishini xohlamaydi. Asosiy sabab – uning yoshi. Ammo Demokratik partiyaning Bayden g’olib bo’lishiga ishonchi komil.
Bayden esa so’rovlarga va qarshiliklarga qaramasdan ikkinchi muddatga saylanishga shay.
“U prezidentlikni davom ettirish uchun juda keksa. Nafaqaga chiqib, dam olmaydimi”, - deydi bu Odri Frederik ismli saylovchoi.
So’rovlar shuni ko’rsatmoqdaki, 70 foiz aholi, jumladan demokratlarning 51 foizi Bayden keyingi saylovda qatnashmasligi kerak, deb hisoblaydi. U 80 yoshda. Ikkinchi muddat oxirida 86 yoshda bo’ladi.
“Odamlar bu masalaga jiddiy qarayotganini hurmat qilaman. Qaror qilishdan oldin men ham chuqur o’ylab ko’rdim. Kayfiyatim yaxshi, g’alaba qilamiz”, - deydi prezident.
Baydenning umidi shuki, saylovchilar iqtisodiy yutuqlarga, qator qonunlar qabul qilinganiga qarab baho berishadi.
Jiddiy raqiblar yo’q ekan, u o’z partiyasi nomzodligini qo’lga kiritishi deyarli kafolatlangan.
Uning yutishiga ishonch qayerdan deysizmi? Bayden so’l markaz pozitsiyadan turib, Viskonsin, Arizona, Jorjiya va Pensilvaniya kabi shtatlarda, ya’ni saylov natijasini hal qiluvchi joylarda mustaqil saylovchilarga ma’qul kelishi aytilmoqda.
Ustunlik Bayden tomonda, deya ishonadi demokratlar. Respublikachilar nomzodi sudma-sud yurgan Donald Tramp bo’lsa ham, yoki Florida gubernatori Ron Sesantis bo’lsa ham.
“Bugun respublikachilar shu qadar o’ngga og’ib ketganki, bu partiyadan hech bir nomzod saralash bosqichida mo’tadil pozitsiyadan nomzodlikni qo’lga kirita olmaydi. Ularning nomzodi eng konservativ, populist qatlam ko’nglini ovlashi kerak. Bu esa saylovda g’alaba modeli emas”, - deydi tahlilchi Juli Roginski.
Saylovga hali 1,5 yil vaqt bor va ko’p narsa o’zgarishi mumkin. Demokratlarning eng katta qo’rqinchi – Bayden kasal bo’lib qolishi, unda zaiflik belgilari paydo bo’lishidir.
Respublikachilar o’z siyosiy reklamalarida aynan shunga urg’u berib, Baydenni mamlakat ko’rgan “eng zaif prezident” deya ta’riflamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5