AQSh sobiq elchisi: O'zbekiston va Qozog'iston demokratiyaga o'zi intilmasa, qiyin

O'zbekiston, Qozog'iston, Rossiya va boshqa davlatlarning rahbarlari, Moskva, 9-may, 2023

AQShning O'zbekiston, Qozog'iston va Belarusdagi sobiq elchisi Jorj Krol fikricha, dunyoning bu qismlarida rahbarlar yakkahokimlikdan boshqacha boshqaruvni bilmaydi. "Bu respublikalarga biz demokratiyani singdira olmaymiz. Bu bizning ishimiz ham emas", - deydi Krol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

36 milliondan oshiq aholisi bilan O'zbekiston Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyatidir. Hududi va iqtisodiy qudrati bo'yicha esa Qozog'iston eng kattasi. G'arb, xususan AQSh nazarida bu ikki mamlakat mintaqa taqdirini hal qiluvchi davlatlardir.

Qozog'iston va O'zbekiston ko'p jihatdan Rossiya va Xitoyga tobe, ammo Amerika bilan ham 20 yildan oshibdiki, strategik sheriklar.

Vashington Ostona va Toshkentdagi hozirgi rahbarlarni quvvatlashi ularni avtoritarizmda ayblovchilarning tanqidi ostida.

Har ikki davlatda elchilik qilgan Jorj Krol, iste'fodagi diplomat, hamkorlikni yoqlaydi. Amerika bundan manfaatdor, deydi u.

"Bu respublikalarga biz demokratiyani singdira olmaymiz. Bu bizning ishimiz ham emas", - deydi Krol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Your browser doesn’t support HTML5

Yakkahokimlikdan demokratiyaga? AQSh sobiq elchisi bilan suhbat

“Eng qiyini - berilgan va'dalarning uddasidan chiqish... Mirziyoyev va To'qayevning eng yirik dushmani - o'z ma'muriyatlari va adliya tizimlari, agar ular xalqning talablarini qondira olmasa".

Arbobga ko'ra, dunyoning bu qismlarida rahbarlar yakkahokimlikdan boshqa narsani bilmaydi. Buning ustiga, deydi nafaqadagi diplomat, Markaziy Osiyodagi avtoritar liderlarning eksperiment qilishga, yangicha usullarni sinab ko'rishga na irodasi bor, na imkoniyati. Qozog'iston va O'zbekiston, jumladan, Moskva va Pekinning ko'ngli va kayfiyati bilan hisoblashishga majbur.

O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyatga kelganidan beri islohotlar dasturini ko'z-ko'z qilib keladi.

Qozog'istonda Qosim-Jo'mart To'qayev o'tgan yildan beri shu shu yo'lda, ya'ni u ham mamlakatning yangi taraqqiyot strategiyasini tanishtirgan. "Yangi Qozog'iston" qurilmoqda, deya bong urmoqda.

Mirziyoyevdan oldingi rahbar Islom Karimov 27 yil, To'qayevdan oldingi rahbar Nursulton Nazarboyev 30 yil boshqaruvda o'tirgan.

Krol fikricha, hozirgi prezidentlar qanchalik boshqacha bo'lishga intilmasin yoki o'zini shunday ko'rsatmasin, hokimiyat ularga kimdan qolganini unutmaslik kerak - ustozlaridan.

Krol O'zbekistonda 2011-2014 yillarda, Qozog'istonda 2015-2018 yillarda elchilik qilgan. 2003-2006 yillarda u Belarusda elchi bo'lgan. 1993-1995 yillarda ham Minskda bosh diplomat vazifasini bajargan.

Rossiya, Polsha va Hindistonda ham diplomatlik qilgan. Markaziy Osiyoga elchilikka borishidan oldin Davlat departamentida mintaqa bo'yicha mutasaddi edi.

Jorj Krol O'zbekistonda elchilik paytida o'sha davrdagi Davlat kotibi Hillari Klinton respublikaga ikki bor borgan, 2010 va 2011 yillarda

Davlat kotibi Entoni Blinkenning shu yilning 28-fevrali va 1-martida Ostona va Toshkentga safarini diqqat bilan kuzatgan Krol deydiki, "Bayden ma'muriyati ayni damda undan nimaiki kutilsa, shuni qilmoqda".

Mirziyoyev va To'qayevni quvvatlashyapti, deydi Krol, "chunki Vashington ularning yaqin qo'shnilariga judayam og'ib ketishini istamaydi".

Blinken Qozog'ston rahbariyatini siyosiy islohotlar qilishga, korrupsiyaga qarshi kurashga, inson huquqlarini ta'minlashga undagan.

"Bu islohotlar xorijiy investorlar, xususan Amerika bizneslari uchun muhim", - degan davlat kotibi.

1991-yildan beri AQSh kompaniyalari Qozog'istonga, asosan uning neft sanoatiga 50 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritgan. Markaziy Osiyoning biror boshqa davlatiga Qo'shma Shtatlardan bu qadar ko'p mablag' tikilmagan.

Toshkentda Mirziyoyev va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvlar ketidan Blinken huquq himoyasiga urg'u berib, yordam dasturlari kengayishini ta'kidlagan.

AQSh bosh diplomati so'zi bilan aytganda, Vashington "xalqqa quvvat beruvchi loyihalar olib boradi, toki huquqiy va ijtimoiy me'yorlar ko'tarilsin".

Ayni damda Garvard universitetida va AQSh Harbiy dengiz floti oliy maktabida dars berib, izlanishlar olib borayotgan Krol tahlilicha, To'qayev va Mirziyoyev o'ziga ishonchni ushlab turish uchun talpinmoqda.

"Demokratiya bu muhitda nimani anglatishini hisobga olishimiz kerak. O'zbekistonda ham, Qozog'istonda ham siyosat rejimlar belgilagan chiziqlar ichida".

AQSh elchisisi Jorj Krol Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda, Ostona, 9-yanvar, 2018

“Bu prezidentlar oqibatlarini kontrol qila olishiga ishonmasa, erkinlikka aslo yo'l bermaydi. Ular uchun musobaqa yoki tanlov emas, xalqning keskin qarshiligiga uchramaslik uchun yetarlicha choralar ko'rgan holda boshqaruvni ushlab turish asosiy maqsad", - deya tushuntiradi Krol.

Keksa diplomat Mirziyoyev va To'qayev davrida saylovlar tabiati o'zgarishiga ishonmaydi. Xitoy va Rossiya singari nodemokratik tuzumlardan kuch va ilhom oladigan bu tuzumlar demokratiyani xavfli va beqaror deb hisoblaydi.

"Qirg'izistonga qarashadi... Afg'oniston yoki Pokistonga. Ularga ergashishni aslo istashmaydi".

Krol nazarida hozirgacha kuzatilgan progress shuki, Mirziyoyev va To'qayevda "nisbiy erkinlik" uchun muhit yaratishga iroda topildi.

"Bu albatta Yevropa va AQShdagi siyosatdonlar nazdidagi demokratiya emas. Ular G'arb testidan o'ta olmaydi. Biroq biz ularni bizning emas, ularning qo'li ostidagi muhitga qarab o'chashimiz kerak", - deydi arbob.

O'zbekistonda ham, Qozog'istonda ham muxolifat degan taraf yo'q. Plyuralizm, siyosiy xilma-xillik cheklangan. Partiya deb hisoblangan guruhlar prezidentni quvvatlaydi va siyosatini savolga tutmaydi.

"Mana shu jabhada sal bo'lsa ham o'sish bo'lsa, ya'ni qarashlar orasida farqlar sezila boshlasa, shuning o'zi bu davlatlar uchun ulkan yutuq bo'ladi", - deydi Krol.

"O'zbekiston va Qozog'istonda oppozitsiya o'zi nega kerak deb so'rashadi. Muxolifatga imkon berilsa, millatchilik, mutaassiblik, radikalizm, betoqatlik, qolaversa, Rossiya va Xitoy singari muhim hamkorlarga qarshilik avj oladi, degan qo'rquv mavjud".

Belarusda ham elchilik qilgan Jorj Krol fikricha, sobiq ittifoqning aksariyat qismida, xususan Markaziy Osiyoda rahbarlar yakkahokimlikdan bosh narsani bilmaydi.

To'qayev o'tgan yil boshidagi qonli norozilik chiqishlari ketidan konstitutsiyani yangilab, qayta saylanib oldi, yetti yilga. Mirziyoyev ham yangi bosh qomusdan kelib chiqib, 9-iyulda yangi muddat uchun saylanishni ko'zlamoqda. Ular yuritadigan mamlakatlar shu kungacha erkin va adolatli saylov o'tkazmagan. Krol, yuqorida ta'kidlaganidek, yaqin kelajakda bu borada progress bo'lishini kutmaydi.

1994-yilda Belarusda Aleksandr Lukashenko ilk bor saylanganini kuzatgan Amerika diplomati sifatida u siyosiy mentalitetlar tashqi bosim yoki undov ostida yangilanishiga ishonmaydi.

“Bu davlatlar liderlarni tarbiyalamaydi, ya'ni rahbarlar bilim va tajriba asosida xalq tomonidan tanlanmaydi. Ularning maydonga chiqishi rahbarlarning yaqini va ishongan odami bo'lishi bilan bog'liq".

“Masalan, O'zbekistonda, o'zi mustaqil holda o'z g'oya va tashabbuslari bilan lider sifatida ko'tarilgan odam bormi?"

Buni ham ko'ring AQSh Markaziy Osiyoda demokratiya istaydi

O'zbekiston va Qozog'istonda elita ko'p ishlatadigan bunday argumentga demokratiya targ'ibotchilari shunday javob beradi: liderlar albatta bor va chiqa oladi, erkinlik bo'lsa, sistema shunga real zamin yaratsa.

To'g'ri, lekin yaratmaydi, - deya bahslashadi Krol. - Liderlarni jamiyat tanlamaydi, balki ularni tayinlashadi yoki oldindan tayyorlashadi".

Nepotizm, rahbarlarning oilasi va qarindoshlarining hukmronligi O'zbekiston va Qozog'istonda azaliy illat. Nazarboyevning urug'-aymog'i bizneslarni va hokimiyatni egallab olgan edi, endilikda siquvda.

O'zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova dunyoning eng yulg'ich va ochko'z birinchi farzandlaridan biri deya qayd etiladi. Deyarli 10 yildan beri panjara ortida.

Nazarboyev va Karimov oilalaridagi mojarolar bilan yaqindan tanish Krol Mirziyoyevning katta qizi Saida Mirziyoyeva otasining ma'muriyatidagi asosiy figuralardan biri ekaniga e'tibor qaratib, bu nimadan darak, degan savolni o'rtaga tashlaydi.

Rossiya-Markaziy Osiyo sammiti, Ostona, Qozog'iston, 14-oktabr, 2022

To'qayevning oilasi ko'rinmaydi. O'zbekiston prezidenti esa katta va badavlat oila qurshovida. Qizlari va kuyovlari uning atrofida.

Mirziyoyeva mart oyida Nyu-York va Vashingtonga kelib ketdi. Yevropaga borib turadi. Toshkentda G'arb delegatsiyalarini qabul qiladi. U bilan uchrashganlarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, prezident qizi nufuzi va rasmiy roli bilan ahamiyatli.

Krol deydiki, Bayden ma'muriyati, umuman AQSh siyosiy doiralari O'zbekistonda holat o'zgarishi qiyin ekanini tushunadi.

"Vashington uchun eng muhimi - hamkorlikni saqlash va munosabatlarning keskinlashmasligi... Bu davlatlar Rossiya va Xitoy singari g'animlarga mutlaq bog'lanib qolmasligi", - deya tushuntiradi u.

“Markaziy Osiyoni tashlab qo'ya olmaymiz, chunki uzoq muddatda bu Amerika manfaatlariga zid oqibatlarga yetaklashi mumkin. Mintaqa tinchligi yo'lida birga ishlashga majburmiz".

Mirziyoyev va To'qayev o'z kelajagi haqida obdon o'ylashi kerak, deydi Krol. "Xalq ishonchi va quvvatlovini qanchalik ushlab tura oladi? Yo ularning bu taraqqiyot dasturlari ko'zbo'yamachilikmi?"

Har ikki rahbariyat mediani qattiq nazorat qilayotgani va propagandaga tayanishi - zaifliklardan darak, deydi Krol.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentda O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda, 1-mart, 2023

Davlat departamenti, uning ta'biricha, O'zbekiston va Qozog'istonda siyosiy o'zgarishlar sust ekaniga ko'p urg'u bermaydi.

"Chunki Markaziy Osiyo strategik va geosiyosiy jihatdan boshqa global masalarni hal qilishda bizga kerak... Amerika nodemokratik hamkorlarining erkinlik bilan bog'liq muammolariga ko'z yumishga o'rgangan", - deydi u.

Krol deydiki, Bayden ma'muriyati undan oldingi ma'muriyatlar singari Kongressga hisobotlarida achchiq haqiqatni ayon etadi, qonunchilarga muammolarni yetkazadi. Amerika hukumati xalqaro nohukumat tashkilotlar, adolat va huquq targ'ibotchilari bilan muloqotni to'xtatmaydi. Ularga quloq tutadi, tayanadi.

"Biroq AQSh o'ziga kerakli hukumatlardan dushman yasashni istamasligi aniq", - deydi Krol.

36 yillik diplomatik faoliyatida u avtokratiyalar bilan ishlagan.

"Biz ularni o'zgartira olmaymiz, - deydi Krol. - Markaziy Osiyodagi reallikka bizning targ'ibotimiz deyarli ta'sir qilmaydi. Jamiyatlar va rahbarlar bizning turtkimiz bilan boshqacha bo'lib qolmaydi".

"AQShning bu borada sirli bir formulasi yo'q. O'zimizning demokratiyamiz bilan shug'ullanishimiz kerak", - deya ta'kidlaydi sobiq elchi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev bilan uchrashuvda, Ostona, 28-fevral, 2023

Krol deydiki, O'zbekiston va Qozog'iston Amerika xohishi bilan emas, o'z xalqi va hukumati irodasi bilangina transformatsiya bo'lishi mumkin.

“O'zgarish ularni qo'rqitadi, siyosiy va ijtimoiy jihatdan... Xohish ichkarida bo'lmasa, qiyin. Biz hukumatlar va jamiyatlarning o'zlari olqishlamagan hollarda oqibatlari naqadar ayanchli bo'lishi mumkinligini ko'rdik", - deydi arbob, Afg'oniston va boshqa davlatlarga ishora qilib.

Krol xulosa qilishicha, Markaziy Osiyoda omma barqarorlikni siyosiy erkinlikdan ustun qo'yadi. Vaziyat boshqacha ekanini isbotlovchi tadqiqotlar bo'lsa, ko'rsating, deydi u.

“Qozog'iston va O'zbekistonda hukumatlar barqarorlikni ta'minlashni birlamchi deb biladi va xalq bizni shundagina quvvatlaydi, deb hisoblaydi".

Rahbariyatlar omma nafratiga uchrashni aslo istamaydi, deydi Krol, nima qilib bo'lsa-da, aksariyat aholi tomonidan olqishlanishni xohlaydi.

Mirziyoyev va To'qayev tizimdagi chuqur ildizli muammolarni tan olib, fuqaro olqishiga sazovor bo'ldi, deya kuzatadi amerikalik arbob, endi va'dalarni bajarishi kerak.

Qonun ustuvor bo'ladi, deyishgan. Prezidentlar siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar olib borishga so'z bergan.

“Eng qiyini - berilgan va'dalarning uddasidan chiqish... Mirziyoyev va To'qayevning eng yirik dushmani - o'z ma'muriyatlari va adliya tizimlari, agar ular xalqning talablarini qondira olmasa", - deydi Krol.