Kobulda qolgan oz sonli diplomatlar orasida Xitoy elchisi Van Yu eng band ko’rinadi. Shu hafta u Tolibonning uch vaziri bilan uchrashuvlar o’tkazdi.
Biri Sirojiddin Haqqoniy - AQSh uni ushlash uchun 10 million dollar mukofot puli taklif qilayotgan ichki ishlar vaziri. Yana biri Nido Muhammad Nadim, ayollar uchun universitetlarni yopgan oliy ta’lim vaziri.
Tolibonnning Pekindagi elchisi Said Muhayuddin Sadaat ham Xitoy bo’ylab rasmiy uchrashuvlar o'tkazish bilan band. Xitoy Tolibonni rasman tan olmasa-da, guruhga nafaqat Afg’onistonning qonuniy hukumati sifatida, balki savdo va sarmoya bo’yicha hamkor sifatida qaraydi.
“Xitoy uchun uzoq muddatda bashorat qilsa bo’ladigan ikki tomonlama munosabatlar juda muhim, hatto Tolibon kabi islomiy guruh bilan bo’lsa ham. Xitoy rahbarlari G’arb bilan raqobat muvaffaqiyatini Afg’oniston kabi kichikroq vositachi davlatlarga ta’sir ko’rsata olish qobiliyatida ko’radi”, - deydi Javid Ahmad, sobiq afg’on diplomati.
3-3 siyosati
Afg’oniston bilan 92 kilometrli, doimo yopiq turadigan chegaraga ega Xitoy “3 ta hurmat” va “3 ta hech qachon” siyosatiga amal qilishini bildiradi.
“Xitoy Afg’onistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, afg’on xalqining mustaqil tanlovini hamda diniy e’tiqodi va milliy urf-odatlarini hurmat qiladi”, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hujjatlarida.
Ehtimol mana shu siyosat bois Xitoy BMT va huquq tashkilotlari gender-aparteid deb ta’riflayotgan, Tolibon mamlakatda xotin-qizlarga qarshi joriy etgan rejimga qarshi hech qanday jazo chorasini qo’llamagan.
“Xitoy hech qachon Afg’onistonnining ichki ishlariga aralashmaydi, hech qachon Afg’onistonda g’arazli manfaatlarni ko’zlamaydi va hech qachon ta’sir doirasi deb atalmish sohaga intilmaydi”, deyiladi vazirlik hujjatlarida.
Litiy konlari
Pekin Osiyo va Afrikadagi kam daromadli mamlakatlarga nisbatan o’ta ekspluatatsion siyosat olib borishda tanqid qilinadi. Xitoy kompaniyalari bu davlatlarda konchilik sohasi va yirik qurilish loyihalariga sarmoya kiritgan.
Joriy yil boshida Xitoy firmasi bilan neft qazib olish bo’yicha shartnoma imzolagandan so’ng, Tolibon Xitoy endi Afg’onistonda litiy konlariga sarmoya kiritishga qiziqayotganini aytmoqda.
Ma’lumotlarga ko’ra, Afg’onistonning mineral boyliklari, jumladan batareyalar uchun ishlatiladigan litiy konlari, 1 trillion dollarga baholanadi.
“Ularning [Xitoyning] ikki tomonlama munosabatlarga yondashuvi, to’g’ridan-to’g’ri va majoziy ma’noda, ekstraktiv xarakterga ega, ikki tomonlama munosabatlardan foyda chiqarib olishga qaratilgan”, - deydi Jon Kirbi, AQSh Milliy Xavfsizlik kengashi vakili.
Afg’onistonning tabiiy boyliklariga Xitoy qiziqishi yangilik emas. 2007-yilda sobiq afg’on hukumati bilan u mis qazib olish bo’yicha ko’p milliard dollarlik shartnoma imzolagan, ammo loyiha boshlanmagan.
Tolibon bilan yaqinda imzolangan neft kelishuvi Xitoy Milliy neft korporatsiyasi 2011-yilda erishgan kelishuvning aynisi. “Rejim Xitoydan yangi shartnoma imzolashni so’radi, aks holda loyihani davom ettirishga ruxsat berilmagan bo’lardi”, - deydi Yun San, Vashingtondagi Stimson aql markazi vakili.
Uning fikricha, Pekin Afg’onistonda beqarorlikdan hanuz xavotirda va yaqin kelajakda tog’-kon sanoatiga sarmoya kiritishi dargumon.
Uyg’urlar
Uyg’urlar huquqini toptashda, ularni katta sonda mehnat lagerlarida saqlayotganlikda ayblangan Xitoy kommunistik rahbarlari uyg’ur jangarilari Afg’onistonda boshpana topishidan xavotir bildiradi.
“Xitoyning asosiy tashvishi uyg’urlarga qurol-yarog’ sotilishi, uyg’urlarning boshqa jangarilar bilan taktik hamkorlik o’rnatishi”, - deydi sobiq elchi Javid Ahmad.
Toliblarning ta’kidlashicha, hech bir terrorchi guruhga, jumladan Turkiston islomiy harakatiga, Afg’oniston hududidan boshqa davlatlarga hamla qilishiga yo’l berilmaydi.
“Tolibon ichida Haqqoniy guruhi uyg’ur masalasi bilan shug’ullanadi, bu guruh kuzatuv tizimlari va naqd pul evaziga xitoylarga ma’lum imtiyozlar bergan”, - deydi Ahmad.
2020-yilda Qo’shma Shtatlar bilan tuzilgan kelishuvga ko’ra, Tolibon Al-Qoida va uning bo’linmalariga guruh nazorati ostidagi hududlarda boshpana bermaslikka va’da bergan. Amerikalik rasmiylar deydiki, Tolibon Al-Qoida sobiq yetakchisi Ayman al-Zavohiriyni Kobulda qabul qilishi kelishuv shartlarini buzgan.
“Tolibon diniy e’tiqodi sabab musulmon birodarlarini tashlab qo’ya olmaydi”, - deya izohlaydi San.
G’arb davlatlari tomonidan qoralangan va sanksiyalarga uchragan Tolibon tog’-kon bitimlari va xavfsizlik kafolatlari evaziga mintaqa davlatlari xayrixohligiga erishishga harakat qilmoqda, deydi kuzatuvchilar.