28-may kuni Oq uy va Kongress AQSh qarzi limiti yuzasidan kelishib oldi. Natijada, deydi rasmiylar, moliyaviy tizim jar yoqasida qaytariladi, ya'ni davlat ko'proq qarz olishi mumkin bo'ladi, ammo keskin shartlar ostida.
Demokratlar va respublikachilar orasida bu murosadan norozilar talay. Prezident Jo Bayden ularni partiyalarining nufuzi emas, xalq manfaatlari haqida o'ylashga undamoqda.
“Aks holda iqtisodimizga misli ko'rilmagan ko'lamda zarar yetadi”, - deydi Bayden.
Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti ham shunday ogohlantirish bilan qonunchilarni murosani ma'qullashga va vaqtida cho'ra ko'rishga chaqirmoqda.
Makkartri Bayden bilan kelishish oson bo'lmaganini aytadi. Endigi sinov - partiyadoshlarini ko'ndira olish.
“Kelishuv shunday narsaki, unda hech bir tomon barcha istaklarini o'tkaza olmaydi, kompromisga majbursiz. Boshqaruv talabi bu", - deydi Bayden.
Oq uyga ko'ra, hukumat xarajatlari birmuncha ozayadi, biroq ijtimoiy himoya saqlab qolinadi. Respublikachilar sarfiyatni keskin kamaytirish va ijtimoiy yordamni qirqishni talab qilayotgan edi.
Moliya vaziri Janet Yellenga ko'ra, qarz shifti ko'tarilmasa, 5-iyundan keyin mamlakat iqtisodi izdan chiqishi mumkin. Davlat maosh, pensiyalar va zarur xizmatlar uchun haqni to'lay olmay qoladi.
Kongress tezlikda harakat qilishi kerak, deydi Makkarti.
"Hech kim hamma shartini qabul qildira olmaydi, biroq biz ancha oldinga siljidik", - deydi spiker partiyasiga ishora qilib.
“Respublikachilarning aksariyati kelishuv uchun ovoz berishiga ishonaman".
Makkarti deydiki, u Prezident Baydenni qator talablar asosli ekaniga ishontira olgan.
Hozirda Amerika hukumatining qarz olish limiti 31,4 trillion dollar. Shift qanchalik ko'tariladi, bu hozircha aniq emas.
Your browser doesn’t support HTML5
Qarz beradiganlar - chet eldagi va Amerikadagi sarmoyadorlar. Davlat daromadining asosiy qismi soliqdan. Biroq daromad xarajatdan past.
Oq uy kelasi bir yil ichida no-harbiy xarajatni oshirmaslikka ko'ngan. 2025-yilda esa bu byudjet atigi 1 foizga oshishi mumkin.
Amerikaliklarning ijtimoiy himoya so'rash tartibida ham o'zgarishlar bo'ladi, xususan hozirgidek 49 yoshdan emas, 54 yoshdan boshlab oziq-ovqat uchun imtiyozlar olish mumkin.
Energetik loyihalarni ma'qullash jarayoni tezlashashi kerak bo'ladi.
Makkarti bu kelishuvni respublikachilarning yutug'i deya maqtamoqda.
Demokratlarning Vakillar palatasidagi sardori Hakim Jeffris deydiki, bu murosa xalq foydasi uchun qilinmoqda va uning partiyasi buni burch deb biladi.
"Aslida respublikachilar xarajatni kamaytirib, odamlar hayotini yanayam qiyinlashtirishni istaydi", - deydi Jeffris.
"Nafaqa, sug'urta va boshga nimaiki zarurat bo'lsa, o'z vaqtida to'lanishi shart. Biz shuni ta'minlash uchun bu kompromisga bordik".
Uning ishonch bildirishicha ham partiyadoshlari kelishuvni yoqlaydi.
Vakillar palatasi a'zolaridan Pramila Jayapal fikricha esa Bayden va Jeffris barcha demokratlar bundan xursand deb hisoblab, adashmoqda.
Jayapal nazarida Oq uy respublikachilarga ijtimoiy himoyani kamaytirishga yo'l bermoqda.
“Biz bu kelishuv detallari bilan obdon tanishib chiqishimiz kerak. Ungacha men qanday ovoz berishim haqida biror narsa ayta olmayman", - deydi qonunchi.
Respublikachi Bob Gud partiyadoshlarini "ha" deb ovoz bermaslikka undamoqda.
Yana bir respublikachi Ralf Norman deydiki, qarz shifti 4 trillion dollar ko'tarilishi mumkin.
"Biz bunga ko'nmaymiz. Buncha qarz bizni bankrot qiladi", - deydi Norman.