Qoraqalpog‘istonda o'tgan yilning iyul voqealari yuzasidan 31-yanvarda berilgan hukmni qayta ko'rib chiqqan Oliy sud 5-iyun kuni o'z qarorini e'lon qildi. Unga ko'ra, sakkiz sudlanuvchiga tayinlangan qamoq jazosi ozodlikni cheklash bilan almashtirilgan. Olti sudlanuvchining muddati qisqartirilgan. Dauletmurat Tajimuratovga berilgan 16 yil o‘zgarishsiz qolgan.
Prokuraturaning to'rt kishiga nisbatan protestini rad etilgan, ya'ni qoralovchi tomonning Lolagul Kallixonova, Azamat Turdanov, Axmet Smetullayev va Azamat Nuratdinov berilgan ozodlikni cheklash hukmini qamoq jazosi bilan almashtirish talabi sud tomonidan qondirilmagan. Ular jazoni uyda o'taydi, muntazam nazorat ostida.
Bugun sud zalida shartli jazo bilan qo'yib yuborilganlar:
- Baxtiyar Kadirbergenov, 7 yillik qamoq o'rniga 5 yil ozodligi cheklanadi;
- Bayram Seytniyazov, 8 yil qamoq o'rniga 4 yil ozodligi cheklanadi;
- Saidabulla Medetov, 7 yil qamoq o'rniga 5 yil ozodligi cheklanadi;
- Kaxarman Seytimov, 5 yil qamoq o'rniga 5 yil ozodligi cheklanadi;
- Polat Nurniyazov, 4 yil qamoq o'rniga 4 yil ozodligi cheklanadi;
- Saiipnazar Kalimov, 6 yil qamoq o'rniga 5 yil ozodligi cheklanadi;
- Nurlan Sultamuratov, 3 yil qamoq o'rniga 3 yil ozodligi cheklanadi;
- Arsilanbek Temirxanov, 6 yil qamoq o'rniga 5 yil ozodligi cheklanadi.
Qamoq jazosi qisqarganlar:
- Dauletmurat Djiyemuratov, 8 yildan 6 yilga;
- Allabay Tokimbetov, 8 yil 6 oydan 5 yil 6 oyga;
- Amirbek Adilbekov, 7 yildan 5 yilga;
- Nurlan Nayipov, 7 yildan 4 yilga;
- Razbek Bekmuratov, 8 yildan 6 yilga;
- Sultanbek Kaipov, 8 yildan 5 yilga.
31-yanvardagi hukmdan ko‘p o‘tmay hibsda vafot etgan Polat Shamshetovning huquqlari tiklanib, mulki merosxo'rlariga o'tkaziladi.
Turdanov, Smetullayev, Nayipov, Bekmuratov, Kaipov, Seytimov, Adilbekovdan musodara qilingan mol-mulklar ham egalariga qaytariladi.