Breaking News

Qoraqalpog'istonlik faollar vatanda sudga tortilmoqda


Norvegiyada qochqin maqomiga ega 56 yoshli Amanbay Sagidullayev va Qozog'istonda yashovchi 54 yoshli Niyetbay Urazbayev vatanda og'ir jinoyatlarda ayblanmoqda. Har ikkisi ayblovlarni asossiz deb biladi va ularga sud haqida biror ma'lumot berilmaganini aytadi.
Norvegiyada qochqin maqomiga ega 56 yoshli Amanbay Sagidullayev va Qozog'istonda yashovchi 54 yoshli Niyetbay Urazbayev vatanda og'ir jinoyatlarda ayblanmoqda. Har ikkisi ayblovlarni asossiz deb biladi va ularga sud haqida biror ma'lumot berilmaganini aytadi.

25-mart kuni O'zbekiston Oliy sudi bergan bayonotga ko'ra, xorijdagi ikki qoraqalpoq faol vatanda, ya'ni Qoraqalpog‘istonda sudga tortilmoqda.

Norvegiyada qochqin maqomiga ega 56 yoshli Amanbay Sagidullayev va Qozog'istonda yashovchi 54 yoshli Niyetbay Urazbayev Nukusda Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan "Jinoyat kodeksining 28-104, 158, 159, 244 va 244-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda" ayblanmoqda.

28-modda og'ir tan jarohati yetkazish, 158-modda prezidentni haqoratlash, 159-modda konstututsion tuzumga tahdid, 244-modda esa ommaviy tartibsizlik, 244-1 esa tinchlikka raxna soluvchi materiallar tarqatish kabi harakatlar demakdir.

Toshkentdan Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning tasdiqlashicha, "jinoyat ishi ochiq sud jarayonida ko‘rib chiqilmoqda".

Abidovning qayd etishicha, "Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki) ga asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lganligi va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi sababli ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A. Sagidullaev va N. Urazbaevning ishtirokisiz o‘tkazilmoqda".

Aman Sagidullayev Norvegiyadan boshpana olgan, "Alg'a Qaraqalpaqstan" harakatini yuritadi (Facebook)
Aman Sagidullayev Norvegiyadan boshpana olgan, "Alg'a Qaraqalpaqstan" harakatini yuritadi (Facebook)

Sagidullayev "Alg'a Qaraqalpaqstan" harakati asoschisi va yetakchisi. Guruh o'zini ro'yxatdan o'tmagan muxolif partiya deb ta'riflaydi. Urazbayev esa Qozog'istonning Mangistau viloyatida Qoraqalpoq madaniy markazini yuritadi.

O'tgan yilning iyulida Nukus shahri va uning atrofida yuz bergan qonli voqealar ketidan Qozog'istondagi qoraqalpoq faollar Toshkent ularga tazyiqni oshirgani, mezbon hukumat bilan hamkorlikdagi ularni tutib, vatanga olib kelishga harakat qilayotgani haqida shikoyat qilib keladi.

Sagidullayev 27-mart kuni tarqatgan bayonotida Nukusda unga va Urazbayevga qarshi ochilgan jinoyat ishi va mahkamani "absurd" deya baholagan. Uning ta'kidlashicha, har ikkisi aybsiz, ularning o'tgan yilgi g'alayonlarda qo'li va roli yo'q.

Urazbayev va Sagidullayev O'zbekiston ular haqida mezbon davlat mutasaddilaridan surishtirgani haqida ham ma'lumotga ega emas. Har ikkisi endilikda O'zbekiston fuqarosi emasligini ham bildirgan.

2022-yilning noyabrida boshlanib, joriy yilning mart oyi o'rtasida yakunlangan ikki jarayonda 61 qoraqalpoq sudlangan. Buxoroda kechgan mahkamalarda ularning barchasi Nukus voqealarida ayblangan va aybdor deb topilgan. 17 nafari shartli jazoni uyida o'tashi belgilangan.

Sudlanganlardan biri, sobiq ichki ishlar xodimi Polat Shamshetov olti yillik qamoqqa hukm qilinganidan to'rt kun o'tib, hibsda jon bergan O'zbekiston Ombudsmani idorasiga ko'ra, uning o'limi yurak va o'pka kasalligi bilan bog'liq, ya'ni qasddan o'ldirilmagan. Bunga qoraqalpoq faollar ishonmaydi.

Nukusda 1-2 iyul kunlari 10 mingdan oshiq fuqaro norozilik namoyishiga chiqib, O'zbekiston konstitutsiyasida Qoraqalpog'istonga doir moddalarni o'zgartirish rejasini qoralagan. O'zgartirishlar Qoraqalpog'istonni "suveren respublika" degan maqomdan ayiradi deb xavotirlangan odamlarning aksariyati shahar markazidagi mitingdan keyin tarqalgan, ammo 1-iyul kechga borib, tartibsizliklar avj olgan. G'alayonlar 2-iyul ham davom etib, 21 kishining o'limi bilan yakunlangan.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib, xalq bilan maslahatlashmagan holda bosh qomusni yangilamaslikni va'da qilgan.

Shu yilning 30-aprelida kutilayotgan referendumda ovozga qo'yilayotgan loyihada Qoraqalpog'iston bilan bog'liq biror o'zgarish yo'q.

Xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh, Yevropa Ittifoqi, BMT va inson huquqlari tashkilotlari O'zbekiston hukumatini Nukus voqealarida qonunni buzgan mutasaddilar va xavfsizlik xodimlarini ham javobgarlikka tutishga undamoqda.

Mirziyoyev ma'muriyati iyul g'alayonlari "tashqi kuchlar" ishi deb keladi. Hukumat shu paytgacha aynan kimlarni nazarda tutayotganini tushuntirmagan. Hozirda ham Sagidullayev va Uruzbayev aynan qayerda qanday jinoyat qilganlikda ayblanayotgani ommaga ayon qilinmagan.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda sudlanganlar, ya'ni iyul voqealarida qatnashganini tan olgan va konstitutsion o'zgarishlarga qarshi chiqqanlar, xorijdan biror yordam olmaganini, tashqaridagi qoraqalpoqlar bilan hamkorlik qilmaganini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG