Donald Tramp nimada ayblanmoqda?

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp tarafdorlari oldidan o'tayotgan paytda olingan surat, Mayami, Florida, 13-iyun, 2023

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bugun Mayami shahrida federal sud huzuriga borib, unga qo'yilgan 37 banddan iborat jinoiy ayblovlarni eshitdi. Hammasi uning Mar-a-Largo rezidensiyasidan topilgan maxfiy hujjatlar bilan bog'liq. Ayblovga ko'ra, sobiq prezident noqonuniy ravishda uyida davlat xavfsizligiga doir materiallarni saqlagan. Tramp o'zini aybsiz deb hisoblashini bildirdi.

13-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da Tramp va uning eng ishongan xizmatchisi sanalgan Volt Nota sudda advokatlar qurshovida o'tirdi.

Tramp va Nota tovonsiz qo'yib yuborilib, sayohat qilishi cheklanmagan, pasportlari ham olib qo'yilmagan.

Federal sudya kameralarga ruxsat bermagan. Bu degani sud zalidan foto va videolar bo'lmaydi. Bunday holatda odatda u yerdagi manzaraning tasviri chizilib, tarqatiladi.

Muxbirlar sud binosiga kirishi mumkin, ammo telefoni yoki kamerasini ishlata olmaydi. Tartibni sudya belgilaydi. Tramp tinglovida keskin cheklovlar joriy qilingan.

Tramp bilan yillardan beri ishlab keladigan va har dam uning yonida yuradigan Nota sobiq prezidentga maxfiy hujjatlarni yashirishda yordamlashganlikda ayblanmoqda. U ham o'zini aybsiz deb hisoblaydi.

Har ikkisiga adolatning yo'liga to'siq qo'yish kabi ayblov ham qo'yilgan.

Donald Tramp dachasi tomon ketmoqda, Doral shahri, Florida shtati, 12-iyun, 2023

Amerikaning yadroviy arsenali, ittifoqchilarning harbiy qudrati, razvedka ma'lumotlari, milliy xavfsizlikka tahdidlar singari axborot bitilgan hujjatlar Tramp 2021-yilning yanvarida uning prezidentlik muddati tugaganida u bilan Oq uydan Florida shtatidagi uyiga olib ketilgan.

Tramp buni inkor etmaydi. Ammo, uning aytishicha, bu hujjatlar "maxfiy emas" deb belgilanishi kerak bo'lgan. "Buni o'zim buyurganman", - deydi u. Ammo, tekshiruv shuni ko'rsatganki, davlat sirlari yozilgan bu dokumentlarga sobiq prezident uchun ruxsat bo'lmagan.

Aybnomada qayd etilishicha, Tramp bu materiallarni uyida turli odamlarga ko'rsatib, davlat xavfsizligiga raxna solgan.

Aybdor deb topilsa, u 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

AQShning har bir prezidenti davriga tegishli hujjatlar Milliy arxivda saqlanadi. 2021-yilning bahorida arxiv xodimlari ayrim dokumentlarni topa olmagach, Tramp idorasi bilan bog'langan.

Oq uydagi har bir ashyo - xalq va davlat mulki.

Trampning Mayamidagi sudi yopiq kechmoqda

Tramp idorasi Milliy arxivga ayrim hujjatlar u bilan ekanini bildirgan va 2022-yilning yanvarida uning hovlisidan 15 quti material olib chiqilgan. Ular orasida "ko'plab maxfiy hujjatlar bo'lgan", deydi tergovchilar.

Federal qidiruv byurosi villadan 30 ga yaqin hujjat topgan. Trampning advokatlari ularning barchasi davlatga qaytarilgani haqida tilxat bergan.

Biroq buning yolg'on ekani aniqlangan, deydi mutasaddilar, chunki 2022-yilning avgustida Trampning hovlisi tintuv qilinganida kamida 33 quti musodara qilingan. Ulardan 11 ming hujjat chiqqan, jumladan 100 tasi maxfiy deb belgilangan materiallar bo'lgan.

Hammasi bo'lib, Trampning uyidan dan qariyb 300 maxfiy hujjat olib chiqilgan.

Tergov va sud ishlariga qaramay, Tramp prezidentlik kampaniyasini davom ettirishi mumkin.

Floridada Trampning tarafdorlari va unga qarshi yuzlab amerikaliklar namoyish qilmoqda

Trampgacha kimlar bu kabi tergov qilingan?

O'tgan yillarda sobiq vitse-prezidentlar Mayk Pens va Jo Baydenning uyidan ham shu kabi ashyolar topilgan. Biroq ularning bundan xabari yo'qligi isbotlangan va bu hujjatlar darhol tegishli idoralarga qaytarilgan.

Bayden hozir javobgarlikka tutila olmaydi, chunki prezident. Pensning ishida esa uni sudlashga yetadigan noqonuniy harakat aniqlanmagan.

Hillari Klinton davlat kotibi bo'lgan paytda rasmiy elektron pochta emas, shaxsiy adresidan foydalangani tekshirilgan. Klinton maxfiy ma'lumotlarni ishonchsiz tizimlar orqali almashgani tergov qilingan.

2016-yilning iyulida Federal qidiruv byurosi qilgan xulosaga ko'ra, Klinton o'z pochtasidan davlatga ziyon keltirish uchun foydalanmagan. Elakdan o'tkazilgan 110 elektron xatdan 52 tasida maxfiy ma'lumotlar yozilgan bo'lgan. Biroq, deya bildirgan byuro, Klinton adolatning yo'liga to'siq qo'ymagan va agentlar bilan hamkorlik qilgan.