AQShga moslashayotgan ukrainlar: ingliz tili

  • Amerika Ovozi

Darslar pullik, lekin stipendiya olib tahsil olayotgan talabalar ham ko’p

Vashingtonda asoslangan notijorat tashkilot butun dunyodan kelgan qochqinlarga ingliz tilini o'rganishda ko’maklashadi.

Rossiya bosqinidan oldin ingliz tili mutaxassisi Natalya Cherevkoning Chernigov shahrida xususiy til maktabi bo’lgan. Urush boshlangach Cherevko dastlab Fransiyaga ko’chdi, keyin esa “Ukraina uchun birlik” dasturi orqali AQShga keldi.

“Nima ish qilaman deb boshim qotdi. Idish-tovoq yuvishga ham tayyor edim. Yana ingliz tilidan dars beraman deb o’ylamagandim”, - deya eslaydi Natalya.

U Vashingtondagi o’nlab til maktablariga rezyumesini yuborib, tez orada ishga taklif ham oladi. Vashington ingliz tili markazi unga o'xshagan mutaxassisni qidirayotgan edi. Cherevko hozir ko'ngillilarga dars bermoqda.

Markaz 30 yil oldin Markaziy Amerika davlatlaridan kelgan qochqinlarni qo’llash uchun tashkil etilgan. 800 ga yaqin ko’ngilli o’qituvchilar ishlaydi. Tashkilot shu paytgacha 100 dan ortiq mamlakatdan kelgan qochqinlarga yordam bergan.

“Talabalar bu yerda jamoa bilan, dunyoning turli joylaridan kelgan odamlar bilan bog'lanadi. Ko’ngilli o’qituvchilarimizning poytaxtimizni mehmonnavoz qilib ko’rsatishda ham roli bor”, - deydi Jon Odenvelder.

Your browser doesn’t support HTML5

Ingliz tilini o'rgatayotgan va o'rganayotgan ukrainlar

Ukrainalik Aleksandra Mamontova olti oydan beri Vashingtonda. Ukrainada u hisobchi bo'lib ishlagan. AQShda yaxshi ish topish uchun u ingliz tilini puxta o’rganmoqchi.

“Ingliz tilida so’zlashish boshida oson bo’lmadi, chunki bu tilni avval maktabda keyin universitetda o’rgangan bo’lsam-da, 20 yil davomida uni ishlatmaganman, mashq qilmaganman”, - deydi Mamontova.

Lyubomir esa Ukrainaning Kolomiya shahridan. Ingliz tilini oldin hech qayerda o'rganmagan. Bu uning Vashington ingliz tili markazidagi ikkinchi semestri.

“Ko’chada gapirishni uddalayman. Ayrim so’zlarni noto’g’ri talaffuz qilsam-da, odamlar meni tushunadi, men ularni tushunaman”, - deydi Lyubomir.

Talabalar turli aksentlarni eshitishi uchun o'qituvchilar ba'zan sinflarni o'zgartiradi.

“Hafta davomida talabalar sakkiz nafar turli o'qituvchilarning darslarini tinglaydi. Ayrimlari men kabi baland ovozda so’zlaydi, ba'zilari past ohangda. Ba’zilari yoshroq, ba’zilari keksa. Biri janubdan, boshqasi esa aytaylik Massachusetsdan. Shunday qilib, talabalar turli lahja va talaffuzlarni eshitish imkoniga ega”, - deydi markaz rahbari.

Darslar pullik, lekin stipendiya olib tahsil olayotgan talabalar ham ko’p. Markaz moliyaviy ahvoli tang bo’lganlarga yordam berishga ham harakat qiladi.