NATO ning 11-12-iyul kunlariga belgilangan Vilnyus sammiti boshlanishi arafasida Turkiya Shvetsiyaning harbiy alyansga qo’shilishiga qarshi emasligini bildirdi. Prezident Rajab Toyyib Erdog’anning yangi talablariga ko’ra, Shvetsiya arizasini ma’qullash evaziga Turkiya Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiritilishi kerak.
Eski talablar ham unutilmagan. Shvetsiya Turkiyaning terrorizmga qarshi kurash borasidagi talablarini bajarish yo’lida davom etishini ma’lum qilgan. Biroq Erdog’an ratifikatsiya qilish uchun Turkiya parlamentiga tegishli hujjatlarni qachon kiritishi hozircha ma’lum emas.
Your browser doesn’t support HTML5
Shvetsiya va Turkiya liderlari muzokaralariga vositachilik qilgan NATO rahbari Yens Stoltenberg tomonlar o’zaro murosaga erishganini olqishladi. Erdog’an ratifikatsiyani imkon qadar kechiktirmasligini aytdi.
Shvetsiyaning alyansga a’zolik uchun bergan arizasini Vengriya ham ma’qullamagan. Stoltenbergning aytishicha, Vengriya ham o’z pozitsiyasini o’zgartirgan va ratifikatsiya uchun tayyor.
NATO rahbarining ta’kidlashicha, ayni damda Shvetsiyaning qachon blok tarkibiga kirishini emas, bir yillik muzokaralar ijobiy yakun topgan tarixiy kunni nishonlash lozim. Har bir parlamentning o’z ish tartibi va muddatlari bor, buni hurmat qilish kerak. Sanalar Turkiya parlamenti ratifikatsiyani e’lon qilishiga bog’liq.
Stoltenbergning matbuot anjumanida bildirishicha, Turkiya va Shvetsiya “Turkiya xavfsizligiga doir qonuniy masalalarni hal etish bo’yicha yaqindan hamkorlik qilgan”. Shvetsiya o’z konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritgan, Kurdiston ishchilar partiyasining terroristik faoliyatiga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirgan hamda Turkiyaga qurol eksportini tiklagan.
Tahlilchilarga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida NATO yana bir bor birdamligini namoyish etmoqda va o’z safini kengaytirmoqda. Bu jarayonda Turkiya manfaatlarini ilgari surgan Erdog’an muhim yutuqlarga erishmoqda.