Shotlandiyadagi Glazgou universiteti professori, xalqaro maydonda Markaziy Osiyodagi siyosiy boshqaruvlar tahlili bilan tanilgan Luka Ancheski 9-iyulda O'zbekistonda kechgan prezident saylovlarini kuzatdi. Xulosasi shuki, mamlakat astalik bilan demokratik qadamlar tashlayverishi kerak.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatlarda olim Markaziy Osiyo hukumatlarini zamonaviy avtoritarizmda ayblab keladi. O'zbekistondagi konstitutsion o'zgarishlar asosida prezident saylovi o'tkazib, Shavkat Mirziyoyevga yangi muddatlar uchun yo'l ochishni u hokimiyatni qo'ldan boy bermaslik uchun qilingan strategik qadam deb biladi.
Biroq saylov bahona O'zbekistondagi hamkasblari va omma bilan muloqot qilgan Ancheski fikricha, erkin va adolatli tizim barpo etish uchun umid boy berilmagan.
U kabi g'arblik ekspertlarni O'zbekiston hukumati kuzatuvchi sifatida chaqirib, nimaga erishmoqchi, degan savolga olim bir tomondan propaganda, ikkinchi tomondan esa yurt dunyo uchun ochiqligini ko'rsatish, deya tushuntiradi.
"Biz ham bu kabi tashriflardan, tizimni yaqindan ko'rish va baholash imkoniyatidan manfaatdor bo'lmaganimizda kelmas edik", - deydi Ancheski o'zi va qariyb 800 shunday mehmonga ishora qilib.
Xalqqa bunday kuzatuvchilardan nima naf?
"Bu haqda o'ylanib, hozircha tashqi dunyo bilan bog'lanish har tomonlama yaxshi, degan javobni bera olaman", - deydi professor.
Buni ham ko'ring YXHTga ko'ra, saylov - demokratik imtihon. O'zbekiston undan nega o'ta olmadi?Fuqaro avvalo o'z tizimi mustahkamlanishi, saylovlari haqiqiy tanlov va raqobatga asoslangan adolatli kurash bo'lishidan foyda ko'radi. Bunga esa har bir xalq o'zining kuchli irodasi, harakati va talabchanligi bilan erishadi.
2019-yilgi parlament saylovlarini ham kuzatgan Ancheski O'zbekistonda saylovchi ruhiyati u paytga qaraganda hozirda ancha past, deya kuzatadi. Biroq, deydi u, mamlakat o'tgan to'rt yilda sezilarli darajada rivojlangan.
Matbuotning shashti past, deya kuzatadi olim, bu esa jamiyatdagi tanqidiy qarashlar keng ommaga yetib borishida to'siq.
"Axborot vositalari cheklangani ayon. Shunday ekan, muxolifat ham shakllanishi qiyin bo'ladi. Muxolifatsiz esa saylovlar hech qachon real saylovlar bo'lmaydi".
"Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik" partiyasi ikki bor ro'yxatdan o'tkazilmaganini Ancheski singari ekspertlar biladi.
Xidirnazar Olloqulov yetakchiligidagi harakat O'zbekiston bo'ylab tarafdorlarga ega ekani, imzolar yig'ilayotgani, hukumat registratsiya qilmasa-da, partiya lideri va faollari tanlagan yo'lida to'xtamayotgani yevropalik professor tahlilicha, O'zbekistondagi o'sishdan dalolat.
"Bu guruhga tazyiq o'tkazish, uni dushmanga chiqarishdan hukumat manfaatdor emas, aksincha, bunday harakatlar tuzumni yovuz qilib ko'rsatadi, avtoritar boshqaruvning yangi pog'onasiga chiqilgan bo'ladi", - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezidentlikka nomzodlar debat qilmagani, Mirziyoyev bunday bahslardan yiroq ekanidan Ancheski hayron emas. Ammo nega munozaradan qochishadi? - deya so'raydi u.
"Nomzodlar, mayli boshqa uch nafari, prezidentlikka saylanish ehtimoli yo'q bo'lsa-da, qo'g'irchoq deya tamg'lansa-da, debat qilishi kerak edi. Chunki bu xalq uchun zarur mashq, davlatchilik uchun foydali amaliyot", - deydi olim.
"Odamlar uchun nomzodlar kim bo'lishidan qat'i nazar, muammolarga yechimlar taklif qilib, yurt kelajagi haqidagi fikrlarini bayon etishini eshitishi ruhiy dalda".
O'zbekiston siyosiy taraqqiyotda kimning yo'lidan yursin? Olloqulov partiyasi hech kimdan, jumladan xorijdan va xususan G'arbdan yordam so'ramasligini ta'kidlaydi.
Ancheski bunday ajablanmaydi, "chunki geosiyosiy vaziyat yanayam murakkablashgan".
Your browser doesn’t support HTML5
Muxolifat mamlakatning o'zida ildiz otishi, vatanda asl tarafdorlarga ega bo'lishi, mamlakat ravnaqi uchun jon kuydirayotganiga xalqni ishontira olishi kerak, deydi olim.
"Shunday ekan, chetdan hech kimga tayanmaslik - eng ma'qul yo'l", - deya tavsiya qiladi u.
O'zbekiston, uning nazarida, siyosiy jihatdan hali ancha ibtidoiy, chunki namoyish qilish madaniyati, siyosatni savolga tutib, uni asoslab berish kabi odatlar ham shakllanmagan.
"Bu yo'nalishlarda oldinga siljish oson kechmaydi", -deydi Ancheski.
"Muhimi, hukumat bunga yo'l ochishi kerak, bunday harakatlardan qo'rqmasligi kerak, chunki davlatchilikni mustahkamlash fuqaroga ishonch talab qiladi. Fuqaro esa davlatga ishona olishi kerak. Buning uchun esa hukumat unga xizmat qilishi, odamlar boshqaruv ularni aks ettirayotganini anglashi lozim".
Effektiv va vijdonli rahbarlar, deydi Ancheski, mana shunday muhitda yetishadi.
Your browser doesn’t support HTML5