Ukrainadan Rossiyaga 19 545 nafar bola deport qilingan

  • Amerika Ovozi

Ukrainadan Rossiyaga olib kelingan bolalar

"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'i AQShning Aymani Qodirovaga joriy etgan sanksiyasi borasida o'z tekshiruvlarini olib borib, Vashington haqli ravishda sanksiya qo’llagan, degan xulosaga keldi.

Yaqinda Vashington Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning onasi Aymani Qodirova va yana boshqa 12 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga nisabatan moliyaviy sanksiyalar va viza cheklovlari joriy etgan edi. Vashingtonga ko’ra, ular ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ishtirok etgan.

Aymani Qodirova Ahmad Qodirov jamg‘armasini boshqaradi. Jamg’arma ham sanksiyaga tushgan.

Xalqaro jinoiy sudga ko‘ra, bolalarni majburan ko‘chirish va deport qilish urush jinoyati hisoblanadi.

“Qodirovaning jamg'armasi ukrainalik bolalarga yordam berib kelishini muntazam xabar qiladi. Rossiya Federatsiyasining yangi hududlaridan kelgan bolalarni qayta o'qitish uchun Qodirov va Lvova-Belovaning yordami bilan Grozniy yaqinida lager tashkil etildi. U yerga ruslashtirishga qarshi chiqqanlar yuboriladi”, - deb yozadi Ukrainaning "Ukrainska pravda" onlayn gazetasi.

Rossiya Davlat Dumasi deputati va Ramzan Qodirovning yaqin ittifoqchisi Adam Delimxonov Vashingtonning sanksiyasini qoraladi.

“Butun umri davomida xayriya ishlari bilan shug‘ullangan, butun dunyo bo‘ylab yuz minglab odamlarga yordam bergan ayol AQSh uchun qanday xavf tug‘dirishi mumkin”, - deb yozadi siyosatchi.

AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan “Conflict Observatory”, ya'ni nizolarni o’rganuvchi nodavlat tashkilot fevral oyida “Rossiyaning Ukraina bolalarini qayta tarbiyalash va asrab olish boʻyicha tizimli dasturi” deb nomlangan hisobotini chop etdi. Unga ko’ra, to’rt oylik go’daklardan tortib 17 yoshgacha bo’lgan 6 mingdan ziyod ukrainalik bolalar Rossiyadagi jami 43 ta lagerlarga olib ketilgan.

Hisobotda aytilishicha, bunday lagerlardan biri Chechenistonda. Grozniyga yaqin joyda joylashgan lagerda bolalar harbiy tayyorgarlikdan ham o’tkaziladi.

"Ozodlik"-"Amerika Ovozi" qo'shma loyihasi bo'lgan "Настоящее Время" telekanali 2022-yilning dekabr oyida Chechenistondagi bunday lagerlar faoliyati haqida batafsil videolavha uzatdi.

“Rossiyagi “harbiy-vatanparvarlik” Chechenistondagi bolalar lagerlariga ham ko’chgan. U yerda o‘smirlarga Rossiya harbiylarining urushdagi jasoratlari haqida so‘zlab beriladi va quroldan foydalanish o’rgatiladi. Noyabr oyida Shali viloyatidagi “Gorniy Klyuch” dam olish markazida vatanparvarlik mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. U yerga nafaqat Rossiya, balki Ukrainaning bosib olingan hududlaridan ham jami 200 ga yaqin o’smir olib kelingan”, - deyiladi lavhada.

Chechenistonda tashkil etilgan “Kavkaz kuchlari” lageri Ramzan Qodirov va Rossiyada bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaning qo‘shma loyihasidir. Lagerda Rossiyaning Penza, Novosibirsk viloyati, Komi Respublikasi, Dog'istondan taxminan jami 150 bola va Ukrainanaing Rossiya tomonidan bosib olingan Lugansk va Donetsk hududlaridan 45 bola olib kelingan.

Xalqaro jinoiy sud mart oyida prezident Vladimir Putin va Rossiyada bolalar huquqlari bo'yicha komissar Mariya Lvova-Belovani "bolalarni noqonuniy deportatsiya qilganlik va bosib olingan hududlardan noqonuniy olib o'tganlik uchun hisga olishga order bergan edi.

1948-yilgi Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyaning 2-moddasiga ko’ra, “milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to‘liq yoki qisman yo‘q qilish maqsadida” bir guruh bolalarini boshqa hududlarga majburan olib o’tish genotsid hisoblanadi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, 2022-yilning 24-fevralidan 2023-yilning 28-avgustiga qadar 19 545 nafar bola Ukrainadan Rossiyaga deport qilingan.

Yaqinda AQSh Davlat departamentining Global hamkorlik markazi “Kremlning ukrainalik bolalarga qarshi urushi” nomli hisobot chop etdi. Unga ko’ra ham, Kreml yuz minglab ukrainalik tinch aholini, jumladan bolalarni Ukrainaning bosib olingan hududlariga noqonuniy ravishda ko‘chirgan yoki Rossiyaga deportatsiya qilgan.

"Настоящее Время"ning yaqinda tarqatgan xabariga ko’ra, Rossiya hukumati Ukrainadan ko‘chirilgan bolalar 100 ga yaqin mehribonlik uylari va maktab-internatlariga joylashtirilgan. Bolalarning bir qismi “qayta o‘qitish” lagerlariga jo’natilgan.

Ukrainaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Sergey Kislitsaning Xavfsizlik Kengashida aytishicha, bunday lagerlardagi ukrainalik bolalar ruslashtirish siyosati nishoniga aylangan. Bolalarimizning ongini o'zgartirish, o’zligini yo'q qilishga harakat qilishmoqda, ular Rossiya armiyasi uchun itoatkor askarlar tayyorlashga qaratilgan siyosatning nishoni bo’lmoqda, deydi rasmiy.