Qora dengiz kelishuvi bekor qilingani AQSh dehqonlariga qo'l kelishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Chet elda urush va AQShdagi qurg'oqchilik amerikalik dehqonlarni qiyin ahvolga solib qo’ygan. Ekstremal ob-havo, oshgan xarajatlar va o’zgaruvchan xomashyo narxlari bilan yuzlashayotgan fermer bilan gaplashdik.

Illinoys shtatida bu yilgi iyun eng qurg'oqchil oy bo’ldi. Bu fermer Deyvid Meys uchun sinovli davr.

“Iyun oyi oxiriga borib, barcha mablag’ sarflangan, hosilni yig’ishdan tashqari barcha ishlar bajarilgan. Ammo ekinlarimiz qovjirashni boshladi”, - deydi fermer.

Meysning urug'lik va o'g'itga sarf-xarajati ham har qachongidan yuqori bo’ldi.

“Benzin ham tugab qoldi”, - deydi u.

Uzoq tanaffusdan so’ng Meys baxtiga uch hafta davomida Illinoysga 18 santimetrlik yog’ingarchilik keldi. “Bunaqasi oldin bo’lmagan”, - deydi u.

Iyul boshida makkajo’xori dalalarini ko’zdan kechirar ekan, Meys allaqachon hosiliga zarar yetganidan xavotirlanadi.

“Zarar ko’rganimiz tayin. Hosilning bir qismi nobud bo’lgan, boshqa qismi esa kutilgandek emas. Eng qimmat urug’larni ekkandik. Har bir boshoqning ma’lum vazni bo’ladi. Bunday yilda biz odatdagidan ko'proq daromadga muhtojmiz”, - deya tushuntiradi fermer.

Meys noqulay ob-havo bilan yuzlashayotgan bir paytda, dunyoning narigi tomonidagi voqealar unga kutilmagan daromad keltirishi mumkin.

Ukrainada urush davom etar ekan, Rossiya BMT vositachiligida makkajoʻxori va bugʻdoy kabi mahsulotlarning Qora dengiz orqali yetkazish kelishuvidan chiqishini e’lon qildi va bu oziq-ovqat taqchillashuvi haqidagi yangi xavotirlarni uyg’otdi.

Jo Kemp – “CommStock” sarmoya kompaniyasida qishloq xo'jaligi dasturlari bilan shug’ullanadi.

Buni ham ko'ring G'arb Ukraina bug'doyini jahon bozoriga olib chiqish yo'llarini izlamoqda

“Jahon bozorida bug'doy va makkajo'xori eksporti bo’yicha Rossiya va Ukrainaning birgalikdagi ulushi qariyb 20 foizga teng. Shuning uchun bu ta’minotning bir qismi to'xtashi savdo balansini o’zgartiradi”, - deydi Kemp.

Bu hol, unga ko’ra, AQSh bozoriga boshqa xaridorlarni jalb qilishi mumkin.

“Ukraina - Xitoy kabi yirik mijozlarimiz uchun asosiy ta’minotchi. Bu AQSh mahsulotlariga talab va taklifga albatta ta'sir qiladi”, - deydi mutaxassis.

“Odamlar aytishyaptiki, uzoq muddatda bu bizga yaxshi, mahsulotimiz narxi endi osharkan”, - deydi Deyvid Meys.

Qurg'oqchilikning asl ta'sirini Meys sentabrda hosilini yig’ishtirib olmagunicha bilmas, ammo talab va narxlar ko'tarilishi birovga foyda, boshqaga yo'qotish ekanligini yaxshi biladi.

“Ta’minotning katta qismi to’satdan uzilishi xavotirli va achinarli. Narx ko’tarilishidan keladigan foydamni odamlar buning ortidan och yurmasligiga almashardim”, - deydi fermer.

Urushning birinchi oyida rekord darajada qimmatlagan bug’doy bugun taxminan 50 foizga arzonlashgan. O'tgan yil aprelda narxi ko’tarilib ketgan makkajo’xori ham bugun arzonroq. Ammo Rossiya Ukrainaning Qora dengiz portlariga hujumlarni kuchaytirar ekan, har ikki mahsulot narxi yana o’smoqda.