Putin Erdog'andan, Erdog'an Putindan kecholmadi

  • Amerika Ovozi

Rossiya va Turkiya liderlari Sochida, 4-sentabr, 2023.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an va Rossiya rahbari Vladimir Putinning 4-sentabr kuni Sochida kechgan uchrashuvida liderlar energetikadan tortib turizmgacha bo’lgan yo’nalishlarda hamkorlikni oshirishga kelishgan. O’zaro aloqalar Erdog’an Ukrainaning NATO ga qo’shilish istagini qo’llab-quvvatlagani ortidan sovigan edi.

Tahlilchilarga ko’ra, Sochi sammiti Putin Erdog’an bilan aloqani uzish qimmatga tushishini anglab yetganini ko’rsatgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 8-sentabr, 2023-yil

“Putin Erdog’anni boy bera olmaydigan holatda. Erdog’anning G’arbdagi ittifoqchilari va G’arb institutlari bilan aloqalari uni qiziqtirmaydi. Putinga Erdog’an bilan aloqalardan qanday naf ko’rishi muhim”, - deydi ekspert Ilhan Uzgel.

Moskva rasmiylari Turkiya Rossiya va Qatar bilan hamkorlikda Afrikaning olti mamlakatiga g’alla eksport qilish jarayonida qatnashishini tasdiqladi.

Kelishuvga ko’ra, Turkiya un tayyorlashni o'z zimmasiga olgan. Turkiya ichki bozori uchun ham Rossiyadan g’alla xarid qiladi. Paytdan foydalangan Rossiya sanksiyalarni chetlab, Ukrainadan o’marilgan g’allani eksport qilishi mumkin. Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilmagan Turkiyaga e’tirozlar ortishi kutiladi.

Sanksiyalar kuchayar ekan, Rossiya Turkiyani najotkor sifatida ko’rmoqda.

“Turkiyada Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi, Rossiyaning G’arbdan mahsulotlarni xarid qilishiga ko’maklashuvchi vositachilar ko’p”, - deydi moliyaviy jinoyatlar bo'yicha ekspert Jorj Voloshin.

Sochi sammitida Erdog’an va Putin savdo aylanmasini 70 milliard dollardan 100 milliard dollarga ko’tarish, Turkiyada Rossiya gazini tarqatuvchi markaz yaratishga kelishgan. Bu reja amalga oshsa, Rossiya gazini jahon bozoriga kiritmaslikka urinayotgan G’arb davlatlarining urinishlari yo’qqa chiqishi mumkin.

Sochida tomonlar Rossiya kompaniyasining Turkiyada ikkinchi yadroviy reaktorni qurish rejasini ham muhokama qildi.

“Sochi uchrashuvi Rossiya va Turkiya aloqalari o’sib borayotgani, ular ajralmas hamkor ekanini tasdiqladi. Ikki mamlakat rishtalari uzilmagan. Anqara va Moskva hamkorligi kitobidagi bo’limlar soni sezilarli darajada oshgan”, - deydi Bonn universiteti professori Zaur Gasimov.

Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishi, ekspertlar nazdida, Moskvani izolyatsiya qilishga urinayotgan G’arbdagi ittifoqchilarning Turkiya bilan aloqalariga soya soladi. Erdog’anni Putindan kechishga undash besamar ketganini anglatadi.