Urushda ikki qo’lidan ayrilgan ukrain askari Ilya Mixalchuk ko'ngillilar yordami bilan AQShda davolanmoqda. U Baxmut yaqinida yaralangan va “Vagner” guruhi tomonidan asirga olingan. Asirlikda askarning ikkala qo‘li amputatsiya qilingan.
Mixalchuk Baxmut shahri yaqinida jang qilayotganida yaralanib, “Vagner” askarlari tomonidan asirga olingan. Asirlikda o’tkazgan olti haftani u hayotidagi eng og'riqli davr, deya eslaydi.
“Bu qo’lim deyarli uzilgandi. Qattiq qonayotgan edi”, - deydi u.
Asirlikda zarur tibbiy yordam ko‘rsatilganda, uning fikricha, chap qo‘lini saqlab qolish mumkin edi.
“O'zim qo'limga turniketni bog’ladim, barmoqlarimni qimirlata olayotgandim. Qonayotgandi, lekin amputatsiya qilish shart emasdi”, - deydi Ilya.
Barcha mahbuslar qatori yerto‘lada saqlangani, yarasiga surtish uchun malhamdan tashqari biror dori berilmaganini eslaydi Ilya. Boshqa asirlarning qo'llovigina og'riqni yengishiga unga kuch bergan.
“Omadimiz bor ekan. Asirga tushgan bir ukrainalik tajribali shifokor bor ekan. Bintlarimizni almashtirdi, og‘riq qoldiruvchi dori berdi”, - deydi Mixalchuk.
Aprel o'rtalarida mahbuslar almashinuvi doirasida Mixalchuk ozod etilgan. Ukrainada o’tkazilgan bir necha operatsiyalardan so'ng AQShga kelgan Ilya bionik protezlarini sinab ko’rmoqda.
“Bu qo’llar bilan ko'p narsa qila oladi: ovqat pishirish, tozalash, uy yumushlarini bajarish”, - deydi shifokor Mark Marsiko.
“Hammasiga vaqt kerak!”, - deydi Mixalchuk.
Parvoz, turar joy va davolanish xarajatlarini ukrainalik askarlarga 2014-yildan beri protezlar olishda ko’mak berayotgan “Ukraina uchun yordam” xayriya tashkiloti qopladi.
“Poytaxt Vashingtonga reabilitatsiya uchun kelayotgan yarador askarlarga logistik yordam ko’rsatamiz. Joylashuvi va xarajatlarini qoplaymiz. AQShga kelishlari bilan ularni turar joy, yashash xarajatlari va ko'ngillilar xizmati bilan ta’minlaymiz”, - deydi tashkilot vakili Ilona Doyerfler.
Vashingtondagi Ortopediya va protezlash tibbiy markazi askarlar uchun bepul protezlar tayyorlaydi.
“Bu protezning bir qismi. Ilyaning yelkasi shaklida yasalgan. Elektrodlar, klapanlar va qanotlari qo’l harakatini ta'minlashga yordam beradi”, - deydi protezist Yevgen Lin.
Mixalchuk uchun tayyorlangan protezlarning narxi, reabilitatsiya bilan birga hisoblaganda, 100 000 dollar turadi.
“Ularning oldingi qobiliyatini, nimalar qila olganini, janglarda qatnashganini bilamiz. Endi esa nogiron ahvolda. Tiklanish jarayonida ularga yordam bera olish, nafimiz tegayotganini ko'rish - bizga shuning o’zi katta mukofot!”, - deydi Lin.
Urushdan oldin Mixalchuk quruvchi bo'lib ishlagan. Bugun asosiy ishi - tezroq yangi qo’llarga ko'nikishdir.
Ikki qo'lidan ayrilgan ukrainalik askarga AQShda protez o'rnatildi
Your browser doesn’t support HTML5