Prezident Jo Bayden Ukrainaga yordam uchun 61,4 milliard dollar ajratishni so'rar ekan, AQSh Kongressida munosabat hozircha mavhum. Bu ko'mak harbiy, iqtisodiy va gumanitar maqsadlarni ko'zlaydi.
“Dunyo Kongress nima qiladi, deya kuzatib turibdi", - deyiladi Oq uy bayonotida.
Bayden ma'muriyati Isroilga qo'shimcha yordam berishni rejalagan. Shuningdek, Meksika bilan chegaradagi xarajatlar uchun ham qo'shimcha mablag' so'ralgan.
Ayni damda 105 milliard dollarlik takliflar ko'rib chiqilmoqda. Vakillar palatasi spikersiz ekan, masala qachon muhokama qilinib, ovozga qo'yladi, noma'lum.
Ogayo shtatidan konservativ kongressmen Jim Jordan spikerlikka yetakchi nomzod edi, hozirda chetga surilgan. Jordan sobiq prezident Donald Trampga yaqin siyosatchi.
Buni ham ko'ring XAMAS ikki amerikalikni qo'yib yubordiSpiker saylansa-da, Bayden takliflari rad etilishi mumkin. Oq uy Ukraina va Isroilga yordamni qo'shib so'ramoqda, chunki pul xavfsizlik uchun ketadi, ya'ni qonunchilar mablag'ni AQSh istiqbolini o'ylab ajratayotganini bilsin, deydi rasmiylar.
'Tarixdan saboq olishimiz kerak. Terroristlar terrori, diktatorlar zulmi uchun jazolanmasa, yanada quturib, parokandalik ko'lami oshadi. Bundan faqat ziyon ko'ramiz", - dedi Bayden bu hafta xalqqa murojaatida.
Amerika bu urushlarga qo'shin yuborishni xohlamaydi va bunday rejadan yiroq, deydi Bayden, biroq davlat uzoqni ko'zlab qarorlar qilishi kerak, chetda qarab turolmaydi.
"Dunyoni Amerika yetakchiligi ushlab turadi. Bizning ittifoqlarimiz xavfsizligimizni ta'minlaydi", - deydi Bayden.
Uga ko'ra, Ukraina va Isroilga ularning yovuz qo'shnilari tahdid qolmoqda, ularning tinchligini buzmoqda. XAMAS va Kreml erkinlik va demokratiya dushmani, deydi u.
Rossiya hukumati bunday ta'rifni qoralab, Amerika hukumatini ko'zbo'yamachilikda tanqid qilgan.
Ukrainada janglar avj olib, sharqiy shahar Avdeyevkada qonli olishuvlar yuz bergan. Avdeyevka ukrain harbiylari qo'lida, deydi Prezident Volodimir Zelenskiy.
"Rossiya qaqshatqich zarba yemoqda va uni yer tishlatamiz", - deydi u.
Kreml esa vaziyatni boshqacha baholamoqda. Unga ko'ra, Avdeyevka va uning atrofi ruslar nazoratida.
Ukraina qo'shinlari dushman bilan o'tgan 24 soat ichida 90 marotaba to'qnashgan. Bir hafta oldin kuniga 60 to'qnashuv kuzatilgan edi.
Avdeyevka - ko'mir makoni, shuningdek, Donetsk shahriga darvoza. Ukraina uchun bu hudud hayot-mamot maydoni, deydi harbiylar. Bu hafta Berdyansk va Lugansk osmonida Ukraina havo kuchlari Rossiyaning to'qqiz vertolyoti va besh samolyotini urib tushirgan.
Ukraina bu harakatlarda Amerika bergan ATACMS raketalarini ishlatgan.
G'arb hukumatlari tahlilicha, Rossiyaning vositalari eskirgan va yangilanmayapti, uchuvchilari toliqqan, Ukraina ustunlikni also boy bermasligi kerak.
BMT maxsus komissiyasi Rossiya Ukrainada urush jinoyatlarini davom ettirmoqda, deya ogohlantirmoqda, jumladan ayollarga tajovuzlar va bolalarni oilalardan ajratib, ularni Rossiyaga olib ketish hollari aniqlangan.
“Komissiya yangi dalilillarga ega. Ular shundan darak beradiki, bunday huquqbuzarliklar va qonunbuzarliklar aslida hukumatdan buyurilgan. Ukrainada bosib olingan hududlarda aholiga zulm o'tkazilgan",- deyiladi bu hafta chiqqan hisobotda.
Unda xususan Uman va Xerson shaharlaridagi jinoyatlar qayd etilgan. Kommissiya turar joylar, vokzallar, do'konlar va omborxonalarda fuqarolar azoblanganini aniqlagan.
Rossiya hukumati bunday ishlarni inkor etib, fuqarolarga kuch ishlatilmaydi, deya bayon qilgan. Biroq komissiyaning bildirishicha, Rossiya qo'shini tomonidan xotin-qizlarga jinsiy zo'ravonlik ayniqsa keng tarqalgan jinoyat.