Shu kunlarda Vashingtonda Ayol san’atkorlar muzeyi qayta ochildi. Ikki yillik ta'mirga 70 million dollar sarflandi.
Bu – Amerika va butun dunyo xotin-qizlarining san’at va madaniy taraqqiyotga qo’shgan hissasini ulug’lovchi maskan. Uni yangilash, takomillashtirish uchun qattiq ter to’kildi.
Imkoniyati cheklanganlar ham uni bemalol tomosha qilishlar mumkin. Zallar kengaydi. Galereyalar boyitildi. Eksponatlar soni 40 foizga ko’paydi. Bu yerda hozirda 6000 ga yaqin san’at asarlari saqlanadi, jumladan meksikalik rassom Frida Kaloning portretlari.
Ketrin Vot – muzeyning bosh eksperti. Asosiy ashyolar – zamonaviy namunalar, deya tasvirlaydi u.
“Muzeyimiz ayol san’atkorlarning ijodi chegara bilmasligini aks ettiradi. Masalan, haykaltaroshlar ishiga qarasangiz, ular o’z asarlarini naqadar erkin ruhda yaratganini ko’rasiz. Fevral oyi oxirigacha biz ularning namunalarini ko’z-ko’z qilamiz”.
“Shuningdek, to’qqiz qismdagi maxsus ko’rgazmamiz bor. Unda ham tarix, ham bugungi kun aks etgan ishlarni tomosha qilasiz. Noyob kolleksiya”.
Your browser doesn’t support HTML5
Qandil portugal usta Joana Vaskonselos ijodidan. Fransuz-amerikalik haykaltarosh Niki de Sent Falning “Homilador Nana” deb nomlangan asari ham qo’yilgan. Bu ayolning qator ishlari dunyoning mashhur muzeylaridan o’rin olgan.
Syuzan Fisher Sterling – muzey direktori.
“Ayollar, boshqa sohalarda bo’lganidek, san’atda ham pastroq o’ringa qo’yilgan. Jinsiy tenglikka erishishimiz uchun hali uzoq harakat qilishimiz kerak. Bu dargoh shu jihatdan ham muhim”.
“Bu asarlar – xotin-qizlar nimaga qodir ekanini namoyon etadi. Ijod - inson ongi, o’y-qarashlari, orzu-havaslari, uning ruhiyatining ko’zgusi. Ayollar san’atda ham erkaklardan aslo qolishmasligini, shuningdek, o’ziga xos jihatlari borligi haqida bong uraveramiz”,- deydi Ketrin Vot.
2008-2020 yillar orasida ayol ijodkorlarning, xususan rassom va haykaltaroshlarning ishlari Amerika muzeylaridagi eksponatlarning atigi 10 dan bir qismini tashkil etgan.
Vashingtondagi bu muzey chetda qolib ketgan ijodni omma e’tiboriga olib chiqmoqchi.