Breaking News

AQShda ayollar ovoz berish uchun uzoq kurashgan


Belmont-Pol milliy yodgorligi va muzeyi, Vashington
Belmont-Pol milliy yodgorligi va muzeyi, Vashington

AQSh Kongressi joylashgan Kapitoliy majmuasiga qo’shni imoratda Belmont-Pol milliy yodgorligi va muzeyi o’rin olgan. Unda Amerikada xotin-qizlar siyosiy huquqlarga ega bo’lish uchun olib borgan kurashi bilan tanishasiz. Sayyohlar qadami arimaydigan maskan.

Muzey sizni 20-asrning boshiga yetaklaydi. U paytlarda hali AQShda xotin-qizlar ovoz berish huquqiga ega emas edi. Ularning mustaqil ovozi yo’q edi. Mulkka egalik va biznes bilan shug’ullanish imkoniyati cheklangan edi.

“Muzeyimizdan oladigan asosiy saboq shuki, AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 19-o’zgartirish bu mamlakatda ayollar rolini oshirish uchun yo’l ochgan. O’sha paytdagi prezident Uidrou Uilson xotin-qizlarga siyosiy erkinlik berishdek muhim bir qaror qilishni joiz deb topgan. Bu - ayollar harakati natijasi”, - deydi Zakari Uitlou, muzey xodimi.

Belmont Pol muzeyi, Vashington
Belmont Pol muzeyi, Vashington

1920-yilning 18-avgustida qabul qilingan qonun, 19-o’zgartirish, xotin-qizlarga ovoz berish huquqini bergan. Buning uchun Amerika ayollari uzoq kurashgan.

Milliy ayollar partiyasi deb atalgan harakat boshida Elis Pol ismli ayol turgan. Homiy esa o’sha zamonning millioneri Alva Belmont bo’lgan. Ayollar tashkilotini shu boy ayol moliyalagan. Tenglik uchun kurash samara berishiga ishonmaganlar ko’p edi. Xotin-qizlarning ovozi nimani hal qiladi, degan ishonchsizlik hukmron edi. Ularning ovozi bora-bora ulkan siyosiy kuchga aylandi. Ayol ovozi tan olindi.

“Elis Pol men uchun qahramon. Uning faoliyati, u boshchiligidagi harakat qilgan ishlar – tarixiy yutuq. Ular o’sha zamonning radikal odamlari edi”, - deydi Korin ismli amerikalik.

Milliy ayollar partiyasi 90 yildan beri shu azim binoda joylashgan. AQSh hukumati uni yodgorlik deb hisoblaydi va federal moliya asosida yuritiladi. Muzey xotin-qizlar olib borgan kurashga doir materiallarga to’la. Butun mamlakatdan yig’ilgan. Chunki bu harakat Amerika bo’ylab olib borilgan.

“Muzeydan ko’p narsa o’rgandim. Ovoz berish huquqini qo’lga kiritish uchun qattiq ter to’kishgan ekan”, - deydi Vilyam ismli amerikalik.

Xotin-qizlar 1920-yillargacha Amerikada ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan
Xotin-qizlar 1920-yillargacha Amerikada ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan

Bugun xotin-qizlar ovozi uchun har bir siyosatchi jon-jahdi bilan kurashadi. Saylovchilarning yarmi ayollar va har bir partiya uchun ularning ovozi qudratli omil. Lekin kurash tinmagan.

“Kongressning yarmi ayollar bo’lishi kerak. Prezident ham ayol bo’lsin”, - deydi Korin.

Ko’plab xotin-qizlar bunday yutuqqa erishish mumkin deb hisoblaydi. Xalqning yuksak ishonchini qozonishga qodir ayollar ko’p. Xuddi bir asr oldin bosh qomusni o’zgartirgandek.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG