Oyoq-qo'lidan ayrilgan ukrainlar AQShda davolanib qaytdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Shifokorlar va xayriya tashkilotlariga ko’ra, Ukrainada 2022-yilning fevralidan buyon kamida 20 ming kishining oyog’i yoki qo’li amputatsiya qilingan. Og’ir yaralangan ba’zi ukrainaliklar xorijda davolanib, vatanga qaytmoqda.

Yana Stepanenko urush tufayli majruh qolganlardan. 12 yashar qiz Rossiya hujumi oqibatida oyoqlaridan ayrilgan. Oxirgi ikki yil u uchun juda tashvishli kechdi. O’smir yaqinda Amerikada davolanib, ona shahri Lvovga qaytdi. U endi yura oladi.

Amerika shifokorlari u nafaqat yura olishi, balki yugura olishi, suza olishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishdi.

“Dastlab nogironlar aravachasiga tayanib yurdi, keyin hassaga suyanib, nihoyat muvozanatni ushlay boshladi, yordamsiz o'zi yura boshladi. Asta-sekin o'rgandi”, - deydi qizning onasi Natalya.

“Juda asabiy bo’lib qolgandim, asosan to’shakda yotardim. Hatto o'tirish ham qiyin edi. Bir kuni Piter bilan gaplashdim. U bir kun o‘rnimdan turib, hatto o‘zim yura olishim mumkinligini aytdi”, - deydi Yana.

Yana Kaliforniyaning San-Diyego shahridagi Piter Xarsh protezlash klinikasida davolandi. Piter va uning jamoasi Yananing onasini ham yana oyoqqa turg’izdi. Natalya Stepanenko ham Rossiya hujumida bir oyog’idan ajralgan. Ona-qiz yurishni birgalikda qaytadan o’rgandi.

“Nogironlar aravachasida uch oy o‘tirgandan so’ng, nihoyat o‘rningizdan turganingizda, ko’z oldingizga o’zingiz bemalol yura olgan paytlaringiz keladi, bu qanchalik oson edi. Endi esa xuddi yosh boladay yurishni qaytadan o’rganasiz, juda qiyin", - deydi Natalya.

Natalya urush boshlanganida, farzandlari va o’zining jonini saqlash uchun shahrini tark etishga qaror qildi. Lekin oila 2022-yilning 8-aprelida Kramatorsk temir yo‘l vokzalida evakuatsiya jarayonida Rossiya hujumiga uchradi. Vokzalga kelib tushgan raketa 52 kishi, jumladan, yetti bolaning umriga zomin o’ldi. Yana va Natalya avvaliga Ukrainada davolandi.

"Doktor Dmitri meni qo'llarida ko'tarib yurdi”, - deydi Yana Ukrainadagi shifokori haqida.

Amerikada reabilitatsiya vaqtida o’smir qiz qaytadan velosiped haydashni o’rgandi. Yananing egizagi hujumda omon qolgan. Hozir ularga ko’makchi.

“Velosipedga o’tirganida, u bilan faxrlandim. Taslim bo’lmadi, u kuchli”, - deydi ona.

“Piter yugurish uchun maxsus protezlar qilib bergandi. Endi yura olaman, hattoki ozgina yugura olaman”, - deydi Yana.

U yaqinda Ukrainadagi xayriya marafonida ishtirok etdi. “Sinmaganlar” nomli reabilitatsiya markazining elchisi bo’ldi. Markazga tibbiy asbob-uskunalar sotib olish uchun mablag' yig'ishga yordam beradi.

Urush boshlanganidan beri mahalliy shifokorlar ham bolalar uchun ilgari mavjud bo'lmagan protezlash texnologiyasini o'zlashtirdi.