24-oktabr kuni Samarqandda AQSh, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston vazirlari va vazir o'rinbosarlari savdo va sarmoya, chegara va bojxona, import-eksport, energetika kabi sohalarda hamkorlikni muhokama qilgan edi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer bu majlisga bosh-qosh bo'lgan. Pauer Toshkentda O'zbekiston rahbariyati bilan ham gaplashgan.
Uchrashuvda Qozog‘istondan Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliev, Qirg‘izistondan Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Chingiz Mekeshov, Tojikistondan Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri o‘rinbosari Axliddin Nuriddinzoda, Turkmanistondan Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri o‘rinbosari Kerimberdi Qurbonov, O'zbekistondan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov qatnashgan.
Yig'indan bir hafta o'tib chiqqan qo'shma bayonotga ko'ra, muloqotda inson huquqlari, gender masalalari, bolalar himoyasi va imkoniyati cheklangan fuqarolarning manfaatlari xususida ham gap ketgan.
AQSh va Markaziy Osiyoning besh respublikasi Samarqandda quyidagilar yuzasidan yakdil ekanini bildirgan:
- Inflyatsiya, migratsiya, qarz va ishsizlik masalari bilan bog'liq masalalar birgalikda ishlashni talab qiladi.
- Iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlaydi.
- Mintaqa muqobil energiya manbalariga o'ta boshlashi kerak. Ekologiyaga e'tiborni oshirish lozim.
- AQSh yashil iqtisodni rivojlantirishda yordam beradi.
- Suv, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarishda yangi kelishuvlar va hamjihatlik zarur.
- Sarmoya va biznes muhitni yaxshilash uchun qonunchilikda o'zgarishlar qilish keak.
- Raqamlashtirish va innovatsion loyihalar yangi ish o'rinlarini yaratishda muhim.
- Mintaqa yangi transport tizimlari va yo'llarga muhtoj. Regional loyihalar boshlash zarur.
- Sarmoya oqimini oshirish va sharoitni xalqaro talablarga moslashda AQSh yordam beradi.
- Trans-Kaspiy savdo yo'li va xalqaro tranzit koridorlarini rivojlantish, yuk tashish sanoatini rivojlantirish kerak.
- Iqtisodiy rivojlanishda ayollarning roli beqiyos. Fuqaro huquqlari va tengligi ta'minlanishi shart.
- Aholining zamonaviy texnologik, ta'lim, ish, sog'liqni saqlash va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirish lozim.
- Mahalliy tashkilotlar, nohukumat muassasalar taraqqiyotga erishishda yetakchi rol o'ynaydi.
- Har bir davlat uchun mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni asrash - birlamchi maqsadlar. AQSh ularni quvvatlaydi.