Qo'shma Shtatlarda fermerlar Ukrainadagi urushni kuzatar ekan, bu mojaro ta’siridan xoli emas. Dehqonlar va chorvadorlar bu borada o’z xulosalariga ega.
Illinoys shtati Dekatur qishlog’i. Adam Braunning fermasi. Bu hudud Ukrainadagi urush frontidan 8700 kilometr olisda. Dunyoning u chekkasida tushgan har bir snaryad va raketa ta’sirini Braun o’z makkajo'xori dalalarida yaqqol sezadi.
“Ukrainaga qilingan bosqin bu yerda ham hammasini ostin-ustun qildi, mavhumlikka yetakladi”,- deydi fermer.
Don mahsulotlari narxi osha boshladi.
“Makkajo'xori va soya narxi keskin ko’tarildi”,- deya eslaydi Braun.
Sababi - jahon bozoriga Ukraina don eksporti uziladi degan xavotir.
“Urushdan oldin Ukraina makkajo'xori eksporti bo’yicha 7 yirik raqobatchilardan biri edi. Va shunday bo'lib qolishini istaymiz”,- deydi fermer.
Ukraina doni ta’minotidagi uzilishlar o’rnini boshqa mamlakatlar to'ldirgach, bug'doy narxi Rossiyaning 2022 yil Ukrainaga bostirib kirishining birinchi oyida kuzatilgan eng yuqori ko'rsatkichdan bu yil 50% gacha tushdi. 2022- yil aprel oyida o'n yillik eng yuqori ko'rsatkichdan makkajo'xori narxi ham tushgan.
Rossiyaning Ukraina eksport infratuzilmasiga hujumlari jahon bozorini yanayam beqarorlashtirdi.
“Qora dengiz bo'yidagi g'alla omborlari ustiga yog’dirilayotgan raketalar va buzilgan don kemalari narxlarning birdan sakrashiga va keyin yana tushishiga yetaklamoqda”,- deydi mahalliy tahlilchi Ouen Vagner.
Vagner deydiki, soha Rossiya hujumlariga moslashishda davom etmoqda.
“Biroz qayg'uli e’tirof. Ammo, dunyo allaqachon Rossiya qilmishlariga o‘rganib qolgan, chog’i”.
AQSh Qishloq xo'jaligi vaziri Tom Vilsakning fikricha, bozor barqarorligi mustahkamlanishi ham Ukrainaning barqarorligiga bog’liq.
“Ukraina muqobil yo'nalishlar va yo'llarni ishlab chiqish ustida qizg'in izlanmoqda va menimcha, 12 oy oldingiga qaraganda, hozirda donni yetkazish imkoniyatlari ancha ko'p. Ehtimol Qora dengizdagi muammolarga qaramay, ko’p miqdorda donni Ruminiya ichki yo’li orali olib o’tish sharoiti paydo bo’lgan.Demak, yaxshi yangilik ham bor”, - deydi vazir.
Ammo fermer Adam Braunning aytishicha, Ukrainada ishlab chiqarishning kamayishi yomon xabar.
“Bu yil ular urushdan oldingiga qaraganda 25 foiz kam ekin maydonlariga ishlov bergan. Mavjud imkoniyatlari darajasida hosil yetishtirishmayapti va yetishtirgan mahsulotlari hali ham ruslar hujumiga uchramoqda”,- deydi u.
Talab va narxlar o'zgarishi davom etar ekan, bir kishi foyda qilsa, boshqasi zarar ko’rayapti.
“Bilasizmi, bu biz uchun tovarlar narxining oshishini anglatishi mumkin, ammo biz yuqori narxlarning manbai bunday bo’lishini xohlamaymiz. Bizning istagimiz – savdo. Biz samarali kelishuvlar, yaxshi qo‘shnilar va o‘z navbatida, butun dunyo chindan barqaror bo‘lishni istaymiz,”- deydi Braun.