Jo Bayden ikkinchi muddatga saylanishga hozirlanar ekan, iqtisodiy yutuqlarini reklama qilmoqda. Kolorado shtatidagi nutqida prezident inflyatsiya pasayayotganini, mikrochip sanoati AQShning o’zida rivojlanayotgani haqida maqtandi.
Inflyatsiyani pasaytirish to’g’risidagi 2022-yilgi qonun ijtimoiy dasturlar, iqlim va energetika sohasida qator tashabbuslarni o’z ichiga oladi.
Ikkinchi muddatga tayyorlanar ekan, Prezident Bayden “Baydemomiks” deya nomlangan iqtisodiy siyosatini, milliardlab dollarlik sarmoyalarni tushuntirdi.
Bu bilan Bayden o’z dasturini Donald Trampni quvvatlayotgan respublikachilarniki bilan solishtirmoqda.
“Palata spikeri, Donald Tramp va Kongressda unga ergashuvchi respublikachilar boylar uchun soliq chegirmalarini saqlab qolishga ahd qilgan. Odamlarga yordam beradigan dasturlarga, ta’lim va sog’liqni saqlashga sarmoya qilishni esa istashmaydi”, - deydi Bayden.
Prezident bu haqda Koloradoda, shamol turbinalarini ishlab chiqaruvchi “CS Wind” korxonasida so’zladi. Kompaniya yuqoridagi qonun sharofati bilan 200 million dollarga yangi zavod qurib, 850 ta yangi ish o’rni yaratishini bildirmoqda.
Kongressning koloradolik a’zosi Loren Bobert Bayden olg’a surgan qonunga qarshi ovoz bergan.
“Soliq to’lovchilarning milliardlab dollar puli sarflanyapti, meni saylagan fuqarolarga zarar”, - deydi u.
Baydenga ko’ra, uning iqtisodiy siyosati inqirozning oldini oldi, inflyatsiyani pasaytirdi, o’sishga olib keldi. Ko’pgina iqtisodchilar ham dasturlar makro darajada natija berganini aytadi. Ammo so’rovlarga qaraganda, amerikalklarning atigi 32 foizi iqtisodiy vaziyatdan rozi.
“Amerika jamoatchiligi nazdida Bayden iqtisodni boshqara olmayapti. Kovid davridagi qiyinchiliklar ta’siri, ayniqsa inflyatsiyadan norozilik hamon seziladi”, - deydi tahlilchi Vilyam Xouglend.
Respublikachilar bu norozilikdan foydalanishga tayyor. Ularning Senatdagi sardori Mitch Makkonelning aytishicha, “millionlab oilalar uchun “Baydenomiks” shunchaki qimmatchilik, kamaygan maoshlar va hayot sifati pasayayotganini anglatadi”.
Iqtisod o'sayapti, lekin aksar amerikaliklar bunga ishonmaydi
Your browser doesn’t support HTML5