Isroil tinch aholiga tahdidni qisqartirish payida

  • Amerika Ovozi

Hujumlar qayta boshlangan G'azo osmonidagi manzara, 4-dekabr, 2023.

Isroil kuchlari G’azo sektoriga hujumlarni qayta tiklagan bir paytda Al-Aqso shifoxonasiga to’plangan falastinliklar urush qurboniga aylangan yaqinlari bilan vidolashmoqda. Oilalar xavfsiz hududlarga qochmoqda. Vashingtonning bildirishicha, Isroil tinch aholi hayotiga tahdid uyg’otmaslik uchun zarur choralarni qo’llay boshlagan.

“Isroil tinch aholi uchun urush zonasidan xoli hududlarning onlayn xaritasini e’lon qildi. Kamdan-kam armiya bunday qiladi, ya’ni o’z nishoni qayerligidan ogohlantiradi”, - deya Isroilni oqlaydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so'zlovchisi Jon Kirbi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 4-dekabr, 2023-yil

Isroil va XAMAS yangi sulh tuzish va asirlarni almashishga kelishisha olmagan.

“Afsuski, Xamas biz bilgan garovdagi ayollar va bolalar ro’yxatini berishdan bosh tortdi. Ro’yxat Isroilga navbatdagi almashinuvni baholash imkonini bergan bo’lar edi”, - deydi Kirbi.

"The New-York Times" nashri yaqinda chop etgan maqolada qayd etilishicha, Isroil XAMASning hujumga hozirlik ko’rayotganidan xabardor bo’lgan, biroq bu urinishni pisand qilmagan. Maqolada ko’tarilgan masala keyinchalik ko’rib chiqiladi, deydi Isroil rasmiysi “ABC” telekanali bilan suhbatda.

“Urushdan so’ng jiddiy tergov o’tkaziladi. Ayni damda umumiy maqsadga erishish, XAMASning harbiy imkoniyatlarini yo’qqa chiqarish, uning G’azodagi siyosiy boshqaruvini tugatib, sektordan Isroilga tahdidlarni to’xtatish, asirlarni ortga qaytarish uchun kuchimizni birlashtirayapmiz”, - deydi Isroilning strategik masalalar bo'yicha vaziri Ron Dermer.

Unga ko’ra, XAMASning yo’q qilinishi mintaqaviy tinchlikka yetaklaydi.

“Regional tinchlik kontekstida falastinliklar bilan yakuniy siyosiy yechim borasida kelishib olamiz”, - deydi Dermer.

Uning ta’kidlashicha, Isroil AQSh bilan kelishgan holda tinch aholi yo’qotishlarini qisqartirish va gumanitar yordam imkoniyatlarini oshirish payida.