AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tahlilicha, Tojikistonning avtoritar boshqaruvi e'tiqod va diniy faoliyat ustidan ham mutlaq nazorat o'rnatgan.
Jamiyatning har bir qatlamiga nisbatan hukumatning o'zi huquqbuzarlik bilan mashg'ul, deyiladi komissiyaning 11-dekabr kuni chiqargan hisobotida.
Namozdan tortib ma'rakalargacha, hayitdan tortib ta'limgacha, din bilan bog'liq har qanday faoliyatga cheklovlar joriy etilgan. Fuqaro ularga bosh egmasa, javobgarlikka tutiladi, ayrim hollarda sudlanib, qamoqqa mahkum etiladi.
Komissiya xulosa qilishicha, Tojikistonda yashaydigan har bir diniy guruh repressiya ostida, ayniqsa hanafiy sunniy musulmonlar.
Buni ham ko'ring HRW: Tojikiston-Qirg'iziston chegarasida urush jinoyatlari amalga oshirilganJoriy yilning aprel oyida BMTning Diniy huquqlar bo'yicha maxsus vakili Nazila Ganea Tojikistonga safar qilib, respublikadagi vaziyat bilan tanishgan. Ganea bergan hisobotda qayd etilishicha, mamlakatda inson huquqlari xarob ahvolda va sharoit xalqaro talab va meyorlarga javob bermaydi.
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi 11 yildan beri Davlat departamentiga Tojikistonni "alohida xavotirga molik davlat" deb tamg'alashni tavsiya qilib keladi. Komissiya baho berishicha, respublika hukumati e'tiqod erkinligini eng qo'pol buzadiganlardan biri.
2016-yildan beri Davlat kotibi Tojikiston yuzasidan komissiya bilan bir pozitsiyada, ammo respublika bilan xavfsizlik borasidagi hamkorlik sabab Davlat kotibi istisno tarzida uni qora ro'yxatga qo'shmaydi. Unga kiritilgan taqdirda AQSh hukumati Tojikiston bilan aloqalarni cheklashi kerak bo'ladi, har tomonlama.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyoda terroristlar qanchalik faol?Komissiya bu yilgi tahlilnomasida xususan sunniylar, ismoiliy shialar, shuningdek, nasroniylarga nisbatan bosim va tazyiqlarni xatlab chiqqan.
Tojikistonni 1992-yildan beri boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon - sobiq ittifoqda eng uzoq davrdan beri hokimiyatda o'tirgan shaxs.
Rahmon, komissiya kuzatishicha, hech narsa uning prezidentligiga soya solmasligi uchun diniy jabhada ham xalqaro qonunlarni buzib kelmoqda.
"Natijada Tojikistonda e'tiqod erkinligi degan tushunchaning o'zi yo'q. Bu esa har bir diniy guruh hayotini qiyinlashtiradi", - deyiladi AQSh komissiyasi hisobotida.
Kongress, Oq uy, Davlat departamenti va boshqa organlarga maslahat beradigan organ Tojikiston bilan mavjud hamkorlikka qaramay unga nisbatan jazo choralari ko'rishga undamoqda.
AQSh qonunchiligi shuni talab qiladi, chunki respublikada Amerika uchun eng muhim bo'lgan qadriyatlardan biri, e'tiqod erkinligi oyoqosti qilinmoqda, deya qayd etadi komissiya.
Jumladan, Tojikistonga beriladigan har qanday yordam kamayishi kerak, deyiladi hisobotda, berilgan taqdirda ham keskin shartlar asosida uzatilishi lozim.
Komissiyaga ko'ra, Tojikiston davlat organlari va ularning rahbarlariga huquqbuzarligi uchun sanksiyalar qo'yishi kerak.
Yana bir tavsiya - Rahmon ma'muriyatidan dindorligi uchun qamalgan fuqarolarni ozod etishini talab qilish.
Dushanbe hali bu hisobotga munosabat bildirmagan. Tojikiston hukumati odatda bunday tanqidiy xulosa va baholarga javob bermaydi.
Buni ham ko'ring AQSh 2024-yilda Markaziy Osiyoga qancha yordam ajratmoqchi?