Breaking News

Tojikistonda Og‘a Xon fondi maktablariga barham berilmoqda


Tojikiston yoshlari to'yda
Tojikiston yoshlari to'yda

Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati prokuraturasi Tojikiston Oliy iqtisodiy sudiga Xorug‘ shahridagi Markaziy Osiyo universiteti yerini davlatga qaytarishni so‘rab murojaat qilgan. Bu yer 1990-yillar Og‘a Xon fondi tomonidan sotib olingan va universitet tashkil etilgan. Tog‘li Badaxshon viloyat prokuraturasi yer noqonuniy sotib olinganligini da’vo qilmoqda. Ammo tahlilchilar, bu siyosiy qaror ekanligini aytishmoqda.

Tojikiston Oliy iqtisodiy sudi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati prokuraturasi tomonidan Markaziy Osiyo universitetining yerdan foydalanish huquqini bekor qilish va mazkur oliygoh binolari qurilgan yerlarni Xorug‘ shahar ma’muriyati ixtiyoriga qaytarish so‘ralgan.

Markaziy Osiyo universiteti xususiy, notijorat va dunyoviy universitet bo‘lib, 2000-yilda Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston prezidentlari hamda Karim Og‘a Xon IV tomonidan imzolangan, yuqoridagi davlatlar parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilingan va Birlashgan Millatlar Tashkilotida ro‘yxatdan o‘tgan Xalqaro shartnoma asosida tashkil etilgan. Shundan so‘ng universitetning asosiy binosi Tojikistonda, aynan Xorug‘ shahrida qurilgan. Shuningdek, Qirg‘izistonning Norin va oazog‘istonning Tekeli shaharlarida ham bo‘lim(kampus)lari mavjud. Xorug‘ shahridagi asosiy bino qurilgan yerdagi uylarni Og‘a Xon fondi sotib olgan va yangi binolar tiklagan. Mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashgan "Ozodlik" radiosi tojik bo‘limining yozishicha, Xorug‘ shahrining Dashtaki mahallasida ikki fuqaro o‘z hovlisini 70-75 ming AQSH dollari evaziga Og‘a Xon fondiga o‘z roziligi bilan sotgan.

Joriy yilning iyul oyi ularni prokuraturaga chaqirib, "Hovlilaringiz Og‘a Xon fondiga noqonuniy sotilgan, qayta shikoyat qilishlaringiz mumkin", deya yozadi "Ozodiy" radiosi. Bu masalada Xorug‘ shahar ma’muriyati pozitsiyasi bizga ma’lum emas. Markaziy Osiyo universiteti binolari qurilgan yerlarni qaytarib olishga urinishlardan ko‘zlangan maqsad ham noma’lum.

Huquqshunoslarning aytishicha, Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, agar davlat ahamiyatiga ega biror inshoot qurilishi rejalashtirilsa, xususiy sektordan yerni qayta olish mumkin. Ammo buning uchun tomonlar kelishib, bu yerga qurilgan inshoot uchun tovon puli to‘lanishi shart. Markaziy Osiyo universiteti binolari qurilgan yer kimga va nima uchun kerak bo‘lganligi haqida ma’lumot yo‘q.

Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududiy jihatdan Tojikistonning eng yirik qismi, mamlakat hududining qariyb 45 foizini egallaydi. Aholi esa nisbatan siyrak, taqriban 230 ming odam yashaydi. Mahalliy aholi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Baland tog‘li mintaqa va qish faslining uzoq davom etishi tufayli odamlar og‘ir sharoitda yashaydi. Bu viloyatning aksariyat aholisi islom dinining shia yo‘nalishidagi ismoiliya mazhabiga e’tiqod qiladi. Shuning uchun ham

Tojikistonda fuqarolar urushi davom etgan yillardan boshlab dunyo ismoiliylari yetakchilari tomonidan pomirliklarga moddiy va ma’naviy yordam berib kelinadi. Markaziy Osiyo universiteti ham Xorug‘ shahridagi Og‘o Xon litseyi ham Og‘a Xon fondi tomonidan tashkil etilgan edi. Ammo shu yilning iyul oyi boshlarida litsey davlat ixtiyoriga o‘tkazilib, "Layoqatli bolalar uchun davlat litseyi" nomi bilan faoliyatini davom ettirishi va Tojikiston Maorif va ilm vazirligiga bo‘ysunishi ma’lum bo‘ldi. Mazkur litsey va uning qoshida amal qiladigan ikkita bolalar bog‘chasida 120 nafar o‘qituvchi va tarbiyachilar faoliyat qilar edi. 30-iyun kuni viloyat maorif idorasi mas’ullari litsey eshigiga pechat urib, barcha o‘qituvchilar ishdan ozod qilinganligini e’lon qilgan.

Tojikiston Maorif va ilm vaziri o‘rinbosari Ziyodullo Abdullozodaning joriy yilning 1-avgust kuni matbuot anjumani paytida aytishicha, maktabning davlat ixtiyoriga o‘tkazilishining asosiy sababi, litsey ma’muriyati va o‘qituvchilarining davlat ta’lim rejasi doirasida faoliyat qilmaganligi bilan bog‘liq.

“Ushbu litsey o‘qituvchilari davlat ta’lim standartlariga e’tibor bermagan. Xususan, litsey o‘qituvchilari o‘quv dasturidan tashqari harakat qilgan. Hattoki, davlat tili kam o‘qitilib, chet tillariga ustunlik berilgan. Mazkur litseyning ba’zi bitiruvchilari hatto davlat tilini bilmaydi”, – deya ta’kidlaydi Tojikiston Maorif va ilm vaziri o‘rinbosari Abdullozoda.

Og‘a Xon fondi tomonidan tashkil etilgan ta’lim muassasalarida ingliz tiliga alohida e’tibor qaratilishi sir emas. Ammo mamlakatning boshqa yerlarida ham rus, ingliz, nemis tillariga afzaliyat berilgan ta’lim muassasalari mavjud. Shuningdek, Tojikistonda ta’lim davlat tilidan boshqa rus, ingliz, o‘zbek, qirg‘iz, turkman tillarida olib boriladigan maktablar, xususiy ta’lim muassasalari ham ko‘p. 25 yildan beri faoliyat qilib kelgan mazkur litseyning davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo universitetining faoliyatiga ta’sir ko‘rsatilishining asl sababi nima bo‘lishi mumkin?

Mustaqil tahlilchilar bu holatlarni oxirgi yillar Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida kuzatilgan voqealar fonida tahlil qilish lozimligini aytadi.

Tahlilchi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida 2012, 2021, 2022 yillar kuzatilgan xalq namoyishlari va harbiy amaliyotlarga ishora qiladi.

2022 yilning may, iyun oylari Xorug‘ shahri va Ro‘shon tumanida xalq norozilik namoyishlariga chiqishi ortidan hukumat harbiy amaliyot o‘tkazgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, antiterroristik amaliyot, deb talqin etilgan harbiy amaliyot natijasida 29 nafar halok bo‘lgan. Ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti diplomatlarining hisobotida halok bo‘lganlar 40 nafarga yetishi mumkinligi aytilgan.

"Ozodlik" radiosining tojik xizmati 34 nafar halok bo‘lganlarning nom, familiya va boshqa ma’lumotlari bilan e’lon qilgan edi. Shuningdek, Tojikiston hukumati ularni «uyushgan jinoiy guruh a’zolari», deb atagan, marhumlarning yaqinlari esa, ular qurolsiz va tinch namoyishga chiqqanligini aytishadi. Maxsus amaliyot paytida Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida telefon aloqasi va internet uzib qo‘yilganligi sababli tashqariga yetarlicha ma’lumot tarqalmadi. Ammo keyinroq, halok bo‘lganlardan tashqari Ichki ishlari vazirligi tomonidan namoyishga chiqqanlar hisobidan 220 kishi hibsga olingani, ulardan 53 kishiga jinoiy ish ochilgani ham ma’lum bo‘ldi.

Jinoiy ishlar sud tomonidan yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilganligi sababli tafsilotlar ma’lum emas. Ammo uch kishi umrbod qamoq jazosiga hukm etilgani, yana o‘nlab kishilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgani jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. Ular orasida jamoatchilik faollari, jurnalist va blogerlar ham bor.

Bir qator G‘arb tashkilotlari va davlatlari, jumladan Yevropa parlamenti, "Human Rights Watch", Xalqaro Amnistiya kabillar Tojikiston hukumatidan badaxshonliklarni nohaq ta’qib qilish, hibsga olish va sud jarayonlarini to‘xtatishni so‘rab, bayonotlar berishgan edi. Ammo rasmiy Dushanbe ularning talablarini javobsiz qoldirgan. 2022-yilgi xalq namoyishlari va "antiterroristik amaliyotlar" 16-may kuni bir guruh mahalliy aholi vakillari bir yil oldin, 2021-yilning noyabrida Roshtqal’a tumanida yashovchi Gulbiddin Ziyobekov va yana ikki kishining militsiya xodimlari tomonidan o‘ldirilishini adolatli tergov qilishni talab etishlaridan boshlangan.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, Tog‘li Badaxshon viloyatida ma’naviy muhit va yoshlarning bilim olishida Og‘oxon fondi tashkil etgan maktablarning o‘rni katta. Shuningdek, bu mintaqada fuqarolik jamiyatining shakllanishida ham mazkur fond institutlarining ta’siri kuchli.

"Og‘a Xon maktablarida maxsusan, ingliz tilini o‘rganish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratiladi. Shuning uchun ham bugungi kunda Tojikistondagi barcha xalqaro tashkilotlarda albatta badaxshonliklarni ko‘rasiz. Aynan shu ingliz tili va o‘z-o‘zini namoyish eta olishda Og‘oxon maktablari ta’limini olganlar ancha ilgarilab ketgan. Boshqa tarafdan ular bir-birlarini juda qattiq qo‘llaydi", - deydi jamiyatshunos Sitora Jo‘rayeva.

"Og‘a Xon fondi tomonidan tashkil etilgan institutlarning faoliyatiga barham berishga qaror qilingan ko‘rinadi. Bunda qars ikki qo‘ldan chiqadi, deyilganidek, ikki tarafdan ham kamchilik o‘tmoqda. Og‘a Xon pomirliklarga yaxshi bilim olish, jamiyatda yaxshi joylarda ishlash, hayotda o‘z munosib o‘rnini topishga yordam beradi. Fond ham moddiy va ham ma’naviy jihatdan yordam ko‘rsatib keladi. Pomirliklar orasida Shohzoda Karim Og‘a Xon to‘rtinchining obro‘si juda baland. Ammo undin suiste’mol qilmaslik kerak. Afsuski, pomirliklar orasida separatistlari ham yo‘q emas. Aholisi diniy e’tiqodi jihatidan Tojikistonning boshqa mintaqalaridan farqlanadigan bu mintaqani milliy va hududiy ham jihatdan ham ayri qaraydiganlar yo‘q emas. Markaziy hukumat ana shu holatni ommaviy tus olishini oldini olishni istaydi", - deydi jamiyatshunos.

XS
SM
MD
LG