Yakunlanayotgan yilda, 1-dekabrgacha bo'lgan davrda, 45 muxbir aynan ish ustida o'ldirilgan, deya sarhisob qilmoqda Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" (Reporters Sans Frontières - RSF) xalqaro tashkiloti.
G'azoda axborot to'playotgan paytida o'ldirilganlar soni kamida 13 nafar.
Boshqa muassasalar hisobi "Chegara bilmas muxbirlar" nikidan farq qiladi, ya'ni son kattaroq.
Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qom'itasiga ko'ra, 7-oktabr va 20-dekabr oralig'ida Isroil-XAMAS urushida kamida 68 jurnalist o'ldirilgan. 61 nafari falastinlik, to'rt nafari isroillik, uch nafari livanlik.
Biror boshqa mamlakatda bu qadar ko'p media xodim boy berilmagan.
Jurnalist deganda "Chegara bilmas muxbirlar" biror axborot vositasi xodimi, shuningdek, bu sohani o'qigan va axborot maydonida sifatli materiallari bilan ishonch qozongan odamni nazarda tutadi.
Tashkilotga ko'ra, jurnalistlar - tinch aholining bir qismi. Shu bois ularni o'qqa tutish, ularning hayotini xavf ostida qoldirish xalqaro qonunlarga ziddir.
"Chegara bilmas muxbirlar" Gaagadagi Xalqaro sudga shikoyat bilan chiqib, G'azoda o'ldirilgan jurnalistlar taqdirini ko'rib chiqishni so'ramoqda.
Tashkilot tahlilicha, global miqyosda ommaviy axborot xodimlari va mustaqil jurnalistlar orasida ish paytidagi o'lim hollari kamayib bormoqda.
Bu o'zgarish ortidagi omillar - medialardagi xavfsizlik choralari, himoya mexanizmlari, treninglar, ehtiyotkorlik, xalqaro hamkorlik va jurnalistlarga hujum qilganlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi.
Buni ham ko'ring AOKA: Blogerlarning qamalishi matbuot erkinligiga cheklov emas"Chegara bilmas muxbirlar" rahbari Kristoff Delua deydiki, fuqaro jamiyati - matbuotning asosiy tayanchi.
O'tgan yili o'ldirilgan jurnalistlar soni 62 nafar edi.
Eng ko'p halok bo'lganlar 2012-2013 yillarda Iroq va Suriyadagi urushlar paytida qayd etilgan - 140 nafar.
2003-2022 yillar orasida bu ikki davlatda qariyb 600 jurnalistning yostig'i qurigan.
Har bir davlat matbuot xodimlari o'z hududida bemalol ishlashi uchun sharoit yaratib berishi shart, deya eslatadi "Chegara bilmas muxbirlar".
Lotin Amerikasi mamlakatlari jurnalistlar uchun hamon eng xavfli hududlar qatorida garchi biror urush kechmayapti. Ommaviy axborot vositalariga ishlaydiganlar dunyoning bu qismlarida asosan hukumatlar va uyushgan jinoiy tizimlar iskanjasida.
Buni ham ko'ring HRW: O'zbekistonda blogerlar qamalishi islohotlarga ishonchni pasaytiradiJahon bo'ylab 521 muxbir, muharrir va tasvirchilar panjara ortida.
Belarus, Xitoy va Myanma - jahonda eng ko'p jurnalistlarni qamab qo'ygan davlatlar.
Xitoy 1-o'rinda: 121 muxbir va muharrir panjara ortida - 12 nafari Gonkongda, 42 nafari Shinjonda.
Belarusda 39 jurnalist hibsda yoki uzoq muddatli qamoqda.
Eronda 24, Turkiyada 23 matbuotchi tutqunlikda.
Biroq joriy yil mobaynida Tehron 58, Anqara esa 43 jurnalistni panjara ortiga tashlab, keyinroq ozod etgan.
Har ikkala hukumati, deya ta'kidlaydi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti, OAV xodimlarini qayta-qayta qamashni odat qilgan. Muayyan mutaxassislarga ular doimiy dushman deb qaraydi.
Dunyo bo'ylab 54 jurnalist garovda saqlanmoqda, asosan Mali, Suriya, Iroq, Yaman va Meksikada.
84 nafari esa yo'qolgan shaxslar orasida. Ularning yarmidan ko'pi Lotin Amerikasida, xususan Meksikada.
Markaziy Osiyo, "Chegara bilmas muxbirlar" nazarida, matbuot erkinligini keng va qo'pol tarzda buziladigan mintaqa, huquqbuzarlar esa asosan hukumatlarning o'zi.
O'zbekistonda bu yilning yozi va kuzida 5 jurnalist va bloger uzoq muddatli jazolarga loyiq ko'rilgan. Hukumatga ko'ra, ular so'z va matbuot erkinligi bilan bog'liq sabablarga binoan jazoga tortilmagan. Sud, deydi mutasaddilar, bu blogerlarni tovlamachilik, tuhbat va haqoratda aybdor deb topgan.
Shuningdek, 2022-yilda Qoraqalpog'istondagi g'alayonlarda ayblanib, sudlanganlar orasida ham bir necha bloger bo'lgan. Ularning ayrimlari 2023-yil boshida berilgan hukmlarga ko'ra shartli jazo bilan uyiga qaytgan, boshqalari panjara ortida.