AQShning Yaqin Sharq siyosati qaysi yo'ldan bormoqda?

  • Amerika Ovozi

Isroil askarlari G'azoda, 2023-yil, 19-dekabr

Bayden ma'muriyati Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumatiga tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borayotgan G'azo urushi yuzasidan xavotirini izhor qilar ekan, AQShning Yaqin Sharq bo'yicha siyosati sinovdan o’tmoqda.

Prezident Jo Bayden shu hafta Netanyaxu hukumatiga tanbeh berdi. Demokratik partiya donorlari bilan gaplashar ekan, Isroil "ko’r-ko’rona bombardimon" amaliyoti tufayli xalqaro qo’llab-quvvatlovni yo'qotish xavfi ostida ekanligini va Netanyaxu hukumati o'zining o’ta ekstremal unsurlaridan xalos bo'lishi lozimligini aytdi.

AQSh va Isroil urushning qancha davom etishi va urushdan keyingi G'azoni kim nazorat qilishi borasida hamfikr emas. Ayni paytda Bayden kengroq Yaqin Sharq siyosati ustida o’ylanmoqda.

Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish maqsadi bir necha o'n yillardan beri davom etayotgan muammo. Jimmi Karterdan beri hech bir Amerika prezidenti bu borada biror jiddiy natijaga erishgan emas.

AQSh Isroilning amaldagi hukumatidan rozi emas

AQSh Isroilning XAMASni yo'q qilish tashabbusini qo'llab-quvvatlayotgan bo'lsa-da, Isroilni ikki davlatlchilik yechimiga ham qaytarishga urinmoqda.

Buni ham ko'ring AQSh xusiylarga qarshi xalqaro koalitsiya tuzdi

Bayden o‘ta o‘ng qanot siyosatchi, Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va Netanyaxu hukumatidagi har qanday ikki davlatchilik yechimini rad etuvchi va yagona maqsadi “qasos” olish bo‘lgan boshqa siyosatchilardan noroziligini yashirmadi.

Ben-Gvir va Isroilning diniy va ultra o'ng partiyalari o'tgan yili koalitsiya tuzib, Netanyaxuga hokimiyatga qaytish imkonini berdi. Koalitsiya mamlakatning 74 yillik tarixida eng radikal hukumatni shakllantirgani aytilmoqda.

Hukumat G'arbiy Sohilda aholi punktlarini kengaytirdi va Isroil sud tizimida majburiy islohot o'tkazdi. Bu islohot falastinliklarning huquqlarini yanada chekladi.

Netanyaxu hukumatini o'zgartirishi kerak, dedi Bayden, chunki bu "uning harakatlanishini juda qiyinlashtirmoqda".

7-oktabr xurujlari tufayli iste'foga chiqish chaqiriqlariga duch kelmasidan oldin ham Netanyaxu korrupsiyada ayblanib, siyosiy tirik qolish uchun kurashayotgan edi. Uning tanqidchilari fikricha, Netanyaxu uzoq davom etadigan urushdan foyda ko'radi, chunki bu uning korrupsiya bo'yicha sud jarayonini kechiktiradi.

Buni ham ko'ring AQSh, Qatar, Isroil G'azoda yangi gumanitar tanaffus bo'yicha muloqotda

Rahbariyatni o'zgartirishdan oldin Isroil "o'zini qayta markazlashtirishi" kerak, deydi Atlantika kengashining Yaqin Sharq dasturi tadqiqotchisi Alia Brahimi.

“Isroil jamiyati hali 7-oktabr dahshatlarini ko‘rib chiqa olmadi, harbiylar va rahbarlarning muvaffaqiyatsizliklari haqida hukm chiqarmadi”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

XAMASni yo'q qilish

"Hamasga qarshi kurash zarurati haqida gap bo’lishi mumkin emas",- dedi Bayden va guruhni "hayvonlar" deb atadi.

Oq uyning tan olishicha, XAMASning harbiy salohiyatini pasaytirib, uning rahbariyatini olib tashlash tashkilotning hujumlarni rejalashtirish va amalga oshirish qobiliyatini susaytirsa ham, Isroil bunday guruhlarga turtki bo'lgan mafkurani yo'q qila olishi dargumon.

1993-yilda tashkil etilganidan beri, xususan, 2000-yillar boshidagi Ikkinchi Intifoda ortidan Falastin ma’muriyati falastinliklar ishonchini jiddiy tarzda qozona olmadi. 2006-yilda XAMAS ma’muriyatga qarshi kampaniya olib borib, saylovda g'alaba qozondi va “Fath” partiyasini G'azodan surib chiqardi.

Falastin Siyosat va So'rov tadqiqotlari markazining mart oyida o'tkazgan so'roviga ko'ra, G'arbiy Sohil va G'azodagi falastinliklarning aksariyati Falastin ma’muriyati korrupsiyaga botgan va uning Prezidenti Mahmud Abbos ketishi kerak, deb hisoblaydi.

Buni ham ko'ring AQSh qonunchilari Oq uyni Eronga bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda

Payshanba kuni Ramallohda Oq uyning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan urushdan keyingi G'azoni boshqarish uchun Falastin ma’muriyati mas'ul bo'lishi kerakligini yana bir bor ta'kidladi, ammo uni "qayta tiklash va jonlantirish" loziligini qayd etdi.

Jorj Vashington universiteti qoshidagi Elliot Xalqaro aloqalar maktabining Quvaytlik Ko‘rfaz va Arab yarimoroli masalalari bo‘yicha professori Gordon Greyga ko’ra, bu katta xalqaro yordamni talab qiladigan qiyin maqsaddir.

Netanyaxu qisman aybdor, dedi Grey “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. Bosh vazir tanqidchilari uni Falastin rahbariyatini ataylab zaiflashtirganlikda, Falastin ma’muriyatini moliyaviy tomondan bo'g'ib qo'yganlikda va XAMASga chet eldan mablag' kelishiga ruxsat berib, uni kuchaytirganlikda ayblaydi.

Saudiya-Isroil munosabatlari

Sallivan chorshanba kuni Ar-Riyodda to‘xtab, Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan ham uchrashdi.

Musulmon dunyosidagi asosiy arab davlati bo’lgan Saudiyaning Isroilni tan olishiga erishish Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish uchun katta ahamiyatga ega bo’lishi aytiladi. O'nlab yillar davomida ko'plab arab davlatlari Isroilga ikki davlatchilik yechimi qabul qildirish uchun diplomatik aloqalarni to'xtatib kelgan.

7-oktabrgacha Isroil-Saudiya Arabistoni aloqalari ancha silliqlashib qolgan edi; bu qisman Ar-Riyod va Isroilning Eron tahdidi yuzasidan mavjud o'zaro xavotirlari bilan bog'liq. Ammo 2020-yilda kelishuvlarni imzolagan Birlashgan Arab Amirligi, Bahrayn va Marokashdan farqli o'laroq, saudiyaliklar falastinliklarga putur yetkazadigan kelishuvni qabul qilishni istamadi.

Buni ham ko'ring Isroil-XAMAS urushi haqida Amerika yoshlari qanday fikrda?

Ar-Riyod normalizatsiya uchun asosiy mukofot sifatida Eronga qarshi AQSh bilan mudofaa shartnomasini tuzishga e'tibor qaratayotgan bo'lsa-da, G’azoda urush boshlanishi ortidan qirollik muzokaralarni to'xtatdi.

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti katta ilmiy xodimi Brayan Katulisning aytishicha, AQShning Saudiya-Isroil munosabatlarini normallashtirish sari intilishi qanday samara berishi, bir tomondan, ma'muriyatning G'azoda sodir bo'layotgan voqealarga qanday munosabat bildirishiga bog’liq.

"Jumboq shundaki, AQSh, Isroil, Falastin ma'muriyati va arab hamkorlari ham bu nima bilan tugashi haqida aniq tasavvurga ega emas", - dedi tadqiqotchi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.